Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XOʻJALIK BOSHQARUV ORGANLARI TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Bozor islohotlarining hozirgi bosqichi talablariga muvofiq iqtisodiyotni boshqarishni yanada erkinlashtirish, maʼmuriy islohotlarni chuqurlashtirish, korporativ boshqaruvi meʼyor va tamoyillarini keng joriy etish, xoʻjalik birlashmalarini unifikatsiyalash va ular faoliyatini tashkil qilish samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, quyidagi asosiy tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etiladigan xoʻjalik birlashmalari xoʻjalik boshqaruvi organlari hisoblanadi:
tarkibiga kiruvchi korxonalarning xoʻjalik birlashmasiga tegishli boʻlgan aksiya paketlari orqali ana shu korxonalarning xoʻjalik boshqaruvini amalga oshiruvchi aksiyadorlik kompaniyalari, shu jumladan davlat-aksiyadorlik kompaniyalari;
muassis-korxonalar tomonidan ular faoliyatiga koʻmaklashish uchun muassis-korxonalarning aksiyalari paketlarini boshqarish huquqisiz ayrim umumiy vazifalarni ularga topshirish yoʻli bilan ixtiyoriylik asosida tashkil qilinadigan uyushmalar.
2. Xoʻjalik birlashmalarining asosiy vazifalari va funksiyalari quyidagilardan iborat deb hisoblansin:
tarmoq va iqtisodiyot sohalarini barqaror rivojlantirishning istiqbolli strategiyasini belgilash;
marketing tadqiqotlarini tashkil etish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni (ishlar, xizmatlarni) oʻzlashtirish, ularning jahon bozorlariga kirib borishiga koʻmaklashish;
korxonalarni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan qayta qurollantirish, ushbu maqsadlarga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishda yordam berish;
ular tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarga axborot xizmatlari koʻrsatish;
kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish.
3. Belgilansinki, davlat boshqaruvi, shu jumladan taqsimlash vazifalari, shuningdek ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar faoliyatiga maʼmuriy aralashuv xoʻjalik boshqaruvi organlarining vakolatiga kirmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 20-iyundagi F–1791-son farmoyishi bilan tuzilgan maʼmuriy islohotni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni boshqarish tuzilmasini takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasining quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin:
a) Oʻzbekiston mashinasozlik korxonalari uyushmasi “Oʻzmashsanoat”ni;
“Oʻzbekqogʻozsanoat” uyushmasini;
Oʻzbekiston davlat transport qurilishi korxonalari uyushmasi “Oʻzbektransqurilish”ni;
Oʻzbekiston Respublikasi Qizilqum nodir metallar va oltin davlat konserni “Qizilqumnodirmetalloltin”ni;
“Maxsusqotishma” respublika tashkilotini;
Oldingi tahrirga qarang.
“Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasini;
“Pilla xolding” kompaniyasini tugatish;
(4-bandning “a” kichik bandi oltinchi va yettinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 18-iyundagi PF-3885-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 25-26-son, 258-modda)
b) yogʻ-moy va tamaki sanoati korxonalari “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi hamda qandolatchilik, choy va pivo-alkogolsiz ichimlik sanoati korxonalari “Oziqovqatsanoat” uyushmasi negizida yogʻ-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasini tashkil qilish;
v) Oʻzbekiston avtomobilsozlik korxonalari uyushmasini “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi etib;
“Oʻzdonmahsulot” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasini “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi etib;
Toshkent shahar yoʻlovchilar tashish transporti korxonalari davlat uyushmasini “Toshshaharyoʻlovchitrans” aksiyadorlik kompaniyasi etib;
“Oʻzagromashservis” uyushmasini “Oʻzagromashservis” aksiyadorlik kompaniyasi etib;
“Dori-darmon” davlat-aksiyadorlik uyushmasini “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi etib;
Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati davlat-aksiyadorlik konsernini “Oʻzfarmsanoat” uyushmasi etib;
Oʻzbekiston goʻsht va sut sanoati davlat-aksiyadorlik uyushmasini “Oʻzgoʻshtsutsanoat” uyushmasi etib;
“Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasini “Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo” uyushmasi etib;
“Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasini “Oʻzqurilishmateriallari” uyushmasi etib qayta tashkil qilish.
5. Maʼmuriy islohotni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni boshqarish tuzilmasini takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi (Azimov):
bir oy muddatda mazkur Farmonda koʻzda tutilgan xoʻjalik birlashmalarini tugatish boʻyicha tashkiliy tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
ushbu Farmonga muvofiq qayta tashkil etiladigan xoʻjalik boshqaruvi organlarining tashkiliy tuzilmalari va funksiyalari toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun grafik ishlab chiqsin hamda bosqichma-bosqich taqdim etsin.
6. Aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda iqtisodiyotni erkinlashtirish va isloh qilishning hozirgi bosqichi talablariga, ushbu Farmon qoidalariga muvofiq uch oy muddatda oʻzlarining boshqaruv tashkiliy tuzilmalarini qayta koʻrib chiqsinlar hamda ularni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsinlar, shuningdek oʻz Nizomlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsinlar.
7. Maʼmuriy islohotni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni boshqarish tuzilmasini takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda xoʻjalik birlashmalarining ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushini qisqartirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqsin hamda ularni aksiyadorlik kompaniyalari va uyushmalarining boshqaruvi tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish toʻgʻrisidagi qaror loyihalari bilan bir vaqtda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar tayyorlanishi hamda belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T. A. Xudoybergenov zimmalariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 22-dekabr,
PF-3366-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 11-12-son, 185-modda; 2007-y., 25-26-son, 258-modda)