Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.09.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha budjetdan tashqari jamgʻarmani tashkil etish toʻgʻrisida
(qaror nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-avgustdagi PQ-3242-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qayd etib oʻtilsinki, Qadrlash tayyorlash milliy dasturini va maktab taʼlimini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish natijasida respublikada xalqaro standartlarga mos keladigan uzluksiz majburiy umumiy hamda oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimining 12 yillik tizimi vujudga keltirildi. 1536 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, amalda barcha umumtaʼlim maktablari, taʼlim muassasalari qoshidagi 1817 ta sport zallari namunaviy loyihalar asosida barpo etildi, mukammal rekonstruksiya qilindi hamda zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, mebel va oʻquv asbob-anjomlari bilan jihozlandi.
Taʼlim muassasalarining barpo etilgan moddiy-texnika bazasidan samarali foydalanish va muttasil yangilab borishni taʼminlash, ularni tizimli asosda eng zamonaviy kompyuter texnikasi, oʻquv-laboratoriya uskunalari, mebel va asbob-anjomlar bilan qayta jihozlashni, shuningdek ilgʻor taʼlim texnologiyalari va axborot-kommunikatsiya tizimlarini oʻquv jarayoniga keng tatbiq etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 2011-yil 1-yanvaridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Maktab taʼlimi jamgʻarmasini tugatib, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha budjetdan tashqari jamgʻarmani tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha budjetdan tashqari jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Jamgʻarmaga kelib tushayotgan mablagʻlarni keyinchalik ulardan taʼlim muassasalari — umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini jihozlash (toʻliq jihozlash) maqsadida foydalanish uchun jamlash;
taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash, shu jumladan, zarur hollarda oʻquv korpuslarini oʻquv ustaxonalari va laboratoriyalar bilan kengaytirish, sport zallari va maydonchalarini hamda boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish;
zamonaviy talablarni hisobga olgan holda, tasdiqlangan normativlardan kelib chiqib, taʼlim muassasalarini eng yangi oʻquv-laboratoriya va ishlab chiqarish uskunalari, kompyuter texnikasi hamda axborot-kommunikatsiya taʼlim texnologiyalarining boshqa elementlari bilan, shuningdek oʻquv mebeli va asbob-anjomlari bilan tizimli qayta jihozlash hamda toʻliq jihozlashni moliyalashtirish;
tasdiqlangan manzilli dasturlarga muvofiq sogʻliqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha ishlarni moliyalashtirish;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-yanvardagi PF-4416-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 3-4-son, 26-modda)
zamonaviy talablar va belgilangan normativlardan kelib chiqqan holda, sogʻliqni saqlash muassasalarini eng yangi laboratoriya, diagnostika va davolash uskunalari, kompyuter texnikasi hamda boshqa tibbiy apparatlar, maxsus mebel va anjomlar bilan jihozlashni hamda doimiy ravishda tizimli qayta jihozlashni moliyalashtirish.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-yanvardagi PF-4416-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 3-4-son, 26-modda)
3. Belgilab qoʻyilsinki, tugatilayotgan budjetdan tashqari Maktab taʼlimi jamgʻarmasining barcha aktiv va passivlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha budjetdan tashqari jamgʻarmaga topshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-yanvardagi PF-4416-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 3-4-son, 26-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-yanvardagi PF-4416-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchnchi yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 3-4-son, 26-modda)
6. Quyidagilar:
hududiy moliya boshqarmalarining tuzilmasida moliya organlari boʻyicha belgilangan boshqaruv xodimlari soni doirasida 2 nafar xodimdan iborat Jamgʻarma mablagʻlarini hisobga olish, ulardan foydalanishni tahlil va monitoring qilish shuʼbasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi markaziy apparatining belgilangan xodimlar soni doirasida 3 nafar xodimdan iborat Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat shuʼbasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining operatsion boshqarmasi tuzilmasida 2 nafar xodimdan iborat hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻyicha Gʻaznachilik boshqarmalarining operatsion boʻlimlarida moliya organlari uchun belgilangan xodimlarning umumiy cheklangan soni doirasida 1 nafar xodimdan iborat shuʼba;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tuzilmalarida boshqaruv xodimlari soni markaziy apparatlarda 3 nafardan iborat boʻlgan taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash (toʻliq jihozlash)ning manzilli roʻyxatlarini shakllantirish va monitoring qilish guruhlari hamda ularning hududiy boshqarmalarida mazkur tuzilmalarning belgilangan boshqaruv xodimlari soni doirasida 2 nafardan iborat tegishli shuʼbalar tashkil qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlarining tuzilmasiga tuman (shahar) moliya boʻlimlaridagi tegishli lavozimlarni qisqartirish hisobiga taʼlim muassasalari binolarining texnik holati, infratuzilmasi va jihozlanishi masalalari boʻyicha 1 nafardan mutaxassis (muhandis) lavozimini kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Budjetdan tashqari umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasining mablagʻlaridan, ayniqsa, taʼlim va tibbiyot muassasalarini zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, shuningdek laboratoriya, diagnostika, davolash uskunalari hamda boshqa tibbiy apparatlar, maxsus mebel va anjomlar bilan toʻliq jihozlash boʻyicha aniq maqsadni koʻzlab va oqilona foydalanish ustidan tizimli asosda doimiy monitoring olib borsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ishtirokida hududlar boʻyicha taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashga oid takliflarni shakllantiradilar hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini tasdiqlash uchun belgilangan muddatdan uch oy oldin mana shu takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligiga kiritadilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Budjetdan tashqari umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga kelib tushadigan mablagʻlar doirasida Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda Budjetdan tashqari umumtaʼlim maktablari, kasb- hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash Dasturining uzil-kesil parametrlarini shakllantiradilar hamda uni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining loyihasi kiritiladigan muddatlarda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadilar;
(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash Dasturi har yili tasdiqlanadigan Investitsiya dasturiga mustaqil boʻlim sifatida kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda ikki hafta muddatda Jamgʻarma toʻgʻrisidagi nizomni hamda Taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning har yilgi Dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash Tartibini tayyorlasin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Quyidagilar:
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi vazifasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yagona buyurtmachi xizmati zimmasiga;
taʼlim muassasalarini jihozlash (toʻliq jihozlash) boʻyicha buyurtmachi vazifasi, berilgan vakolatlar doirasida, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi zimmasiga yuklansin.
10. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, boshqa ommaviy axborot vositalari Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan tadbirlarni, taʼlim muassasalarining barpo etilgan moddiy-texnika bazasi negizida zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan oʻquv jarayonida foydalanishning ijobiy tajribasini keng yoritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni, taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning har yilgi Dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash Tartibini, shuningdek, taʼlim standartlarining talablarini hisobga olgan holda, umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarini zamonaviy oʻquv-laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, mebel va anjomlar bilan jihozlashning yangilangan normativlarini tasdiqlasin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 10-noyabr,
PQ-1432-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 44-45-son, 379-modda; 2012-y., 3-4-son, 26-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda)