Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 24.05.2019
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
MILITSIYA XODIMLARINI IJTIMOIY VA HUQUQIY JIHATDAN HIMOYA QILISHNI KUCHAYTIRISH TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq mazkur Qonunning nomidagi hamda matnidagi “Oʻzbekiston SSR” degan soʻzlar tegishli kelishikdagi “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jumhuriyatning yetilgan iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini hal etish fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirishni, jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat tartibini saqlash yuzasidan kechiktirmay chora-tadbirlar koʻrish zarurligini taqozo etadi. Bunday sharoitlarda militsiya xodimlari xavfsizligini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi. Militsiya xodimlarini oʻldirish, qurolini olib qoʻyish maqsadida ularga hujum qilish, ularning xizmat faoliyatiga aralashish hollari oz emas. Bu esa mehnatkashlarning adolatli noroziligini keltirib chiqarmoqda.
Militsiya xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyalanganligini kuchaytirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
I. 1. Militsiya xodimlari davlat hokimiyatining vakili ekanligi, davlatning alohida himoyasida boʻlishi belgilab qoʻyilsin. Militsiya xodimining qonuniy talablarini barcha fuqarolar va mansabdor shaxslar bajarishga majburdirlar.
Militsiya xodimi qonuniy talabini bajarmaslik, shuningdek, uni haqoratlash, unga qarshilik koʻrsatish, doʻq-poʻpisa qilish, zoʻrlik ishlatish va uning hayotiga tajovuz qilish, shuningdek, militsiya xodimining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishiga toʻsqinlik qiluvchi boshqa xatti-harakatlarni qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan javobgarlikka olib keladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddaning ikkinchi qismiga, 104-moddaning ikkinchi qismiga, 105-moddaning ikkinchi qismiga, 112-moddaning uchinchi qismiga, 140-moddaning uchinchi qismiga, 173-moddaning uchinchi qismiga, 219-moddasiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 194—196 va 198-moddasiga qarang.
2. Militsiya xodimining koʻrsatmalari fuqarolarning, u huquqbuzar, jabrlanuvchi yoki guvoh boʻlishidan qatʼiy nazar, koʻrsatmalari bilan teng ravishda daliliy ahamiyatga egadir.
Zarur mudofaa, oʻta zarurat boʻlgan holatda yoki kasbiga koʻra oʻrinli tavakkalchilik qilish holatda militsiya xodimi tomonidan sodir etilgan xatti-harakatlar garchand Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida koʻzda tutilgan jinoiy harakatlar koʻrinishida boʻlsa ham, jinoyat deb hisoblanmaydi.
3. Militsiya xodimi turar-joy maydoni taqsimlashda, uyga telefon oʻrnatishda, maktabgacha bolalar tarbiya muassasalaridan oʻrin berishda imtiyozlardan, transportning barcha turlariga navbatsiz bilet sotib olish, mehmonxonaga joylashish huquqidan foydalanadi, shuningdek, ijtimoiy-maishiy taʼminotning boshqa masalalarini hal etishda xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining qarorlarida koʻzda tutilgan tartibda imtiyozlardan foydalanadi. Militsiya xodimining hayoti tegishli budjet mablagʻlari hisobidan davlat ijtimoiy sugʻurtasidan albatta oʻtkazilishi kerak.
Militsiya xodimi oʻz xizmat vazifasini yoki ijtimoiy burchini bajarayotganligi munosabati bilan uning mulkiga yetkazilgan zarar tegishli budjet mablagʻlari hisobidan toʻla hajmda toʻlanadi, soʻngra sud orqali bu zarar aybdordan undirib olinadi.
4. Militsiya xodimi tartibni saqlash va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha oʻz xizmat vazifalarini bajarayotganida qasddan oʻldirilganda uning oilasiga tegishli budjet mablagʻlari hisobidan uning ellik oylik daromadi miqdorida bir yoʻla nafaqa berilib, soʻngra bu pul aybdorlardan undirib olinishi belgilab qoʻyilsin. Oʻz boquvchisini yoʻqotganligi munosabati bilan halok boʻlganning oilasiga qonunda koʻrsatilganiga muvofiq pensiya belgilansin.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunining IV-bobiga (“Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyalari”) qarang.
Militsiya xodimiga u oʻzining professional faoliyati bilan shugʻullana olmaydigan darajada ogʻir tan jarohatlari yetkazilganda tegishli budjet mablagʻlaridan 25 oylik daromadi miqdorida pul toʻlanib, soʻngra bu pul aybdorlardan undirib olinishi, shuningdek, uning mansab okladi bilan pensiyasi oʻrtasidagi farq toʻlanishi belgilab qoʻyilsin.
Yengilroq tan jarohatlari yetkazilganda tegishli budjet mablagʻlari hisobidan 5 oylik daromadi miqdorida pul toʻlanib, soʻngra bu pul aybdorlardan undirib olinishi belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(II, III va IV boʻlimlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 6-maydagi 73-I-son qaroriga muvofiq chiqarib tashlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 121-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1990-yil 31-oktabr,
136-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1990-y., 31-33-son, 355-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 121-modda)