[
OKOZ:
1.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.03.00.00 Ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha hamkorlik / 19.03.06.00 Fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik]
[
TSZ:
1.
Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Gumanitar va texnik yordam]
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim bo‘yicha ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi to‘g‘risida
2018-yil 19-oktabr, Toshkent
LexUZ sharhi
Mazkur Bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26 fevrdagi PQ-4213-sonli “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi
qarori
bilan tasdiqlangan.
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2019-yil 1-martdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1995-yil 27-iyulda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida oliy ta’lim sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida
Bitim
qoidalariga tayangan holda,
uzoq muddatli hamkorlik va oliy ta’lim sohasida integratsion hamkorlikni chuqurlashtirish manfaatlari yuzasidan,
Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim bo‘yicha ta’lim muassasalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida,
kuyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun “filial” tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq ta’lim dasturlarining darajasi, turi va yo‘nalishini inobatga olgan holda ta’lim berish faoliyatini amalga oshirishni ta’minlaydigan Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim bo‘yicha ta’lim muassasasining alohida tarkibiy bo‘linmasini anglatadi (keyingi o‘rinlarda — ta’lim muassasasi).
Mazkur Bitimning amal qilishi u tuzilgan paytda O‘zbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan filiallarga ham tatbiq etiladi.
2-modda
Filial Rossiya Federatsiyasi qonunchiligini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashkil etiladi va tugatiladi.
Filial ta’lim muassasasi ustavi va ta’lim muassasasi tasdiqlagan filial to‘g‘risidagi nizomga asosan faoliyat yuritadi.
3-modda
Filialning ta’lim berish faoliyati Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Filialda oliy ta’limning asosiy ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish Rossiya Federatsiyasining federal davlat ta’lim standartlariga va (yoki) Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida o‘rnatilgan hollarda ta’lim muassasalari mustaqil tasdiqlaydigan ta’lim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Filialda o‘qitish rus tilida olib boriladi, shu bilan birga o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixi o‘qitiladi.
4-modda
O‘zbekiston Respublikasida joylashgan filialning ta’lim berish faoliyatini litsenziyalash va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish Rossiya Federatsiya qonunchiligiga muvofiq ariza berish tartibida amalga oshiriladi.
5-modda
Oliy ta’limning akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishni yakunlagan va yakuniy (yakuniy davlat) attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan filial ta’lim oluvchilariga Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq ta’lim olganlik va (yoki) malaka to‘g‘risidagi hujjatlar beriladi.
Ko‘rsatilgan ta’lim olganlik va malaka to‘g‘risidagi hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasida tan olish va nostrifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
6-modda
Ta’lim muassasasining moliya-xo‘jalik faoliyati uning filiali joylashgan joy bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Filialda ta’lim olish uchun har yili ta’lim muassasasiga O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti hisobidan davlat grantlari asosida qabul qilinadigan ta’lim oluvchilar soni O‘zbekiston tomoni tarafidan aniqlanadi.
Filialni joylashtirish ta’lim muassasasi va O‘zbekiston Respublikasi tashkiloti (tashkilotlari) (xo‘jalik yurituvchi subyektlari) o‘rtasidagi filialni tashkil etish va uning faoliyat yuritishining moliyaviy ta’minotini, filialni joylashtirish uchun ko‘chmas mulkni (o‘quv va laboratoriya mashg‘ulotlari, oshxonalar, tibbiyot xonalari, sport zallari, talabalar turar joylari uchun binolar va inshootlar), ularni jihozlash uchun asbob-uskunalarni taqdim etishni va filialning pedagogik va boshqa xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlarini nazarda tutuvchi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
7-modda
Mazkur Bitim qoidalarini qo‘llash va talqin qilish bilan bog‘liq Tomonlar o‘rtasidagi nizoli masalalar maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
8-modda
Tomonlarning kelishuviga ko‘ra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan, alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda mazkur Bitim bilan o‘rnatilgan tartibda kuchga kiradigan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralarni bajarilganliklari to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali so‘ngi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
10-modda
Mazkur Bitim besh yil davomida amalda bo‘ladi va basharti Tomonlardan biri navbatdagi muddat tugashidan kamida bir yil oldin boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali uning amal qilishini bekor qilish niyati to‘g‘risida yozma xabarnoma yubormasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik muddatlarga o‘z-o‘zidan uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 19-oktabrda ikki nusxada, har biri o‘zbek va rus tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)