[
OKOZ:
1.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.02.00.00 Tashqi aloqalarni tashkil etish / 19.02.04.00 Muzokaralar olib borish. Bayonnoma masalalari;
2.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.02.00.00 Tashqi aloqalarni tashkil etish / 19.02.06.00 Tashqi aloqalarni tashkil etishning boshqa masalalari]
[
TSZ:
1.
Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Xalqaro shartnomalar (bitmlar)]
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida
anglashuv Memorandumi
Hamkorlik to‘g‘risida
2017-yil 24-yanvar, Qobul
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2017-yil 24-yanvardan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari o‘rtasida ikki tomonlama aloqalar va hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish istagida,
o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni sheriklik, tenglik, yaxshi qo‘shnichilik va ichki ishlarga aralashmaslik prinsiplari asosida rivojlantirishga intilgan holda,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilish maqsadida maslahatlashuvlar o‘tkazadilar.
2-modda
Tomonlar ushbu Memorandumning
1-moddasida
ko‘rsatilgan masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlarni doimiy asosda navbat bilan O‘zbekiston va Afg‘onistonda yoki xalqaro tadbirlar doirasida o‘tkazadilar.
Delegatsiyalar darajasi, maslahatlashuvlar kun tartibi va muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
3-modda
Maslahatlashuvlar quyidagi masalalarni qamrab olishi mumkin:
a) Tomonlar davlatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, mazkur sohadagi loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish;
b) Tomonlar davlatlari o‘rtasida tuzilgan ikki tomonlama shartnomalarning bajarilishini ta’minlash maqsadida ularni monitoring qilish hamda shartnomaviy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va kengaytirish;
v) terrorizm, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari muomalasi hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash;
g) madaniy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish.
4-modda
Tomonlar o‘z vakolatlari doirasida ikkala mamlakatning davlat boshqaruv organlari va muassasalari o‘rtasida bevosita aloqalarning o‘rnatilishi va rivojlanishiga ko‘maklashadilar.
5-modda
Tomonlarning xalqaro konferensiyalar va uchrashuvlarda ishtirok etayotgan vakillari, shuningdek uchinchi davlatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlardagi ikki davlat diplomatik missiyalari o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar olib borishlari mumkin.
6-modda
Ushbu Memorandumni talqin qilish va qo‘llashda yuzaga keladigan barcha nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar o‘rtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra, ushbu Memorandumga yozma ravishda qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
7-modda
Ushbu Memorandum Tomonlar imzolagan sanadan kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni ushbu Memorandumning amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali uch (3) oy avval xabardor qilguniga qadar amal qiladi.
Qobul shahrida 2017-yil 24-yanvarda ikki asl nusxada, har biri o‘zbek, dori va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor bo‘ladi.
(imzolar)