O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining 2015-yil ish rejasiga asosan Oliy xo‘jalik sudining 2014-yilda kassatsiya instansiyasida ko‘rilgan ishlar yuzasidan sud amaliyoti tahlil qilindi.
Quyi instansiya sudlarining qarorlari bilan kelishmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan berilgan ayrim kassatsiya shikoyatlariga nisbatan kassatsiya instansiyasi sudining bildirgan munosabatlari quyidagicha ko‘rinishga ega.
1. Kassatsiya shikoyatini qaytarish to‘g‘risidagi ajrimda albatta xo‘jalik sudining nomi, ishning tartib raqami, ajrim chiqarilgan sana, nizo predmeti, qabul qilingan hal qiluv qarori, qaror mazmunining qisqacha bayoni, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, ajrim chiqarilayotgan masala, xo‘jalik sudi o‘z xulosalarini chiqarishga olib kelgan sabablar, bunda tayanilgan qonun hujjatlari, ko‘rib chiqilayotgan masala bo‘yicha xulosa ko‘rsatilishi lozim.
“Koson yo‘l xo‘jaligi tuman pudrat ta’mirlash foydalanish” DUK tomonidan Qashqadaryo viloyat xo‘jalik sudining 18-1403/15814-sonli ish bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarori ustidan kassatsiya shikoyati berilgan.
Kassatsiya shikoyati XPK 180-moddasi birinchi qismining 2-bandiga zid ravishda, ya’ni shikoyat hal qiluv qarorini qabul qilgan xo‘jalik sudini chetlab o‘tgan holda berilganligi sababli qaytarilgan.
Ajrim qisqa bo‘lib, unda nizo predmeti, qabul qilingan hal qiluv qarori mazmunining qisqacha bayoni, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi kabi muhim ma’lumotlar yoritilmagan.
Kassatsiya instansiyasi tomonidan qabul qilinadigan ajrimlarga nisbatan ham XPKning 151-moddasi tatbiq etiladi. Ya’ni, ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilanishicha, alohida hujjat tariqasida chiqariladigan ajrimda xo‘jalik sudining nomi, ishning tartib raqami, ajrim chiqarilgan sana, nizo predmeti, qabul qilingan hal qiluv qarori, qaror mazmunining qisqacha bayoni, ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, ajrim chiqarilayotgan masala, xo‘jalik sudi o‘z xulosalarini chiqarishga olib kelgan sabablar, bunda tayanilgan qonun hujjatlari, ko‘rib chiqilayotgan masala bo‘yicha xulosa ko‘rsatilishi lozim.
Vaholanki, sudya kassatsiya shikoyatini qaytarish to‘g‘risidagi ajrimni tayyorlashda XPK 151-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga rioya qilmagan.
Xuddi shunday xatolikka 11-1409/5487-sonli ish bo‘yicha (sudya K. Davletova), 19-1403/6573-sonli ish bo‘yicha (sudya M. Salimov), 11-1409/8504-sonli ish (sudya I. Matmuratov), 10-1413/3364-sonli ish bo‘yicha (sudya O. Xalmirzayev), 10-1415/14639-sonli ish (sudya A. Abdullayev) tomonidan qabul qilingan ajrimlarda ham yo‘l qo‘yilgan.
2. XPKning 23-moddasiga ko‘ra, iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar o‘rtasidagi fuqaroviy, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar taalluqlidir.
“To`rtko`lli Sardor” xususiy firmasi xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, OATB “SAVDOGAR BANK” va “To`rtko`lli Sardor” xususiy firmasi o‘rtasida tuzilgan taraflar o‘rtasida nizo kelib chiqqan taqdirda ishni hakamlik sudida ko‘rish haqidagi bitimni haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudi da’vogarning da’vo arizasida qo‘yilgan talab xo‘jalik sudiga ko‘rib chiqish uchun tegishli emas deb hisoblab, XPK 117-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan da’vo arizasini qabul qilishni rad etish haqida noto‘g‘ri xulosaga kelgan. Chunki XPKning 23-moddasi birinchi qismi 1-bandiga ko‘ra, iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar, yuridik shaxs tuzmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tarzda olgan fuqarolar o‘rtasidagi fuqaroviy, ma’muriy va boshqa huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarga doir ishlar taalluqlidir.
Mazkur Kodeks 24-moddasi birinchi qismining 4-bandiga ko‘ra, majburiyatlar bajarilmaganligi yoki tegishli darajada bajarilmaganligi to‘g‘risidagi nizolar, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, xo‘jalik sudi o‘zining vakolat doirasiga kiritilgan boshqa nizolarni ham hal qilishi nazarda tutilgan.
Shu sababli, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining da’vo arizasini qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimini bekor qilishni hamda ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topgan.
3. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari xo‘jalik yurituvchi subyektlar manfaatida hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni so‘rab xo‘jalik sudlariga murojaat qilishga haqli emas. Bunday ariza bilan murojaat qilinganda, ariza XPK 155-7-moddasining yettinchi qismiga muvofiq ushbu Kodeksning 118-moddasiga asoslanib qaytariladi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, XPK 88-moddasiga binoan ko‘rmasdan qoldiriladi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi OATB “Asakabank” OAJ manfaatida xo‘jalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi huzuridagi hakamlik sudining ishi bo‘yicha chiqarilgan hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi “Asakabank” OAJ manfaatida “Moxitabon-Zarafshon” MChJga nisbatan hakamlik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan MChJdan Bank foydasiga 174 332 882 so‘m undirilgan.
Hal qiluv qarorining ijrosi javobgar tomonidan ixtiyoriy ta’minlanmaganligi sababli, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi xo‘jalik sudiga ariza bilan murojaat qilib, mazkur hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni so‘ragan.
XPK 155-6-moddasining ikkinchi qismiga binoan hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi masala hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, o‘sha tarafning arizasiga binoan xo‘jalik sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
XPK 155-7-moddasining yettinchi qismiga muvofiq ushbu Kodeksning 155-6-moddasida nazarda tutilgan talablar va ushbu modda qoidalari buzilgan holda berilgan hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga binoan arizachiga qaytariladi.
Birinchi instansiya sudi “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga tayangan holda ishda Palata hakamlik muhokamasi tarafi bo‘la olmaydi deb hisoblagan.
“Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, hakamlik muhokamasi taraflari - o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun hakamlik sudiga da’vo taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslar (da’vogarlar), shuningdek o‘ziga nisbatan da’vo taqdim etilgan shaxslar (javobgarlar)dir.
Ammo, birinchi instansiya sudi arizani ish yuritishga qabul qilib qo‘yganligi sababli, XPK 155-7-moddasining yettinchi qismiga muvofiq arizani qaytarmasdan, balki ariza imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan imzolangan degan vaj bilan analogiya bo‘yicha XPK 88-moddasining 3-bandini mos holda qo‘llab, da’voni ko‘rmasdan qoldirgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi ajrimi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lganligi uchun, uni o‘zgarishsiz qoldirishni lozim topgan.
4. XPK 189-moddasi ikkinchi qismining 5, 6 va 7-bandlariga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudining qarorida hal qiluv qarori, qarorning qonuniyligini tekshirish to‘g‘risida masala qo‘yilishiga sabab bo‘lgan asoslar, kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan mulohazada bayon qilingan vajlar, majlisda hozir bo‘lgan shaxslarning tushuntirishlari ko‘rsatilishi lozim.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi OATB “Agro bank” Uchqizil filiali manfaatida xo‘jalik sudiga murojaat qilib, “Termiz Boysun qurilish” MChJdan 70 160 000 so‘m asosiy qarz va 16 487 600 so‘m jarima undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilgan. MChJdan bank foydasiga 22 028 349 so‘m asosiy qarz va 7 709 000 so‘m jarima undirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi ishni ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida javobgarni tegishli xabardor qilmasdan ishni ko‘rib protsessual xatolikka yo‘l qo‘ygan degan vaj bilan hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiyaga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudining majlisida da’vogar va javobgardan vakillar ishtirok etgan, ammo sudning qarorida majlisda hozir bo‘lgan shaxslarning tushuntirishlari bayon qilinmagan.
Bundan tashqari, qarorda hal qiluv qarorining qonuniyligini tekshirish to‘g‘risida masala qo‘yilishiga sabab bo‘lgan asoslar, kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan mulohazada bayon qilingan vajlar ham ko‘rsatilmagan.
Vaholanki, XPK 189-moddasi ikkinchi qismining 5-bandida kassatsiya instansiyasi sudining qarorida hal qiluv qarori, qarorning qonuniyligini tekshirish to‘g‘risida masala qo‘yilishiga sabab bo‘lgan asoslar, 6-bandida kassatsiya shikoyati (protesti) yuzasidan mulohazada bayon qilingan vajlar, 7-bandida esa, majlisda hozir bo‘lgan shaxslarning tushuntirishlari ko‘rsatilishi lozimligi belgilangan.
5. Ish xo‘jalik sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi, majlis vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor qilinmagan shaxslardan birontasining yo‘qligida ko‘rilgan bo‘lsa, sud hujjati yuqori instansiya sudi tomonidan bekor qilinib, ish sud hujjatini qabul qilgan instansiya sudiga yangidan ko‘rish uchun yuboriladi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi “Sho‘rchi don mahsulotlari” AJ manfaatida xo‘jalik sudiga murojaat qilib, “Omon-El-Denov” xususiy korxonasidan 5 000 000 so‘m asosiy qarz va 2 500 000 so‘m penya undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, da’vogar foydasiga javobgardan 5 000 000 so‘m asosiy qarz va 1 560 000 so‘m penya undirilgan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “Sho‘rchi don mahsulotlari” AJ bilan “Omon-El-Denov” XK o‘rtasida xizmat ko‘rsatish shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, da’vogar shartnoma shartlariga asosan javobgarning hisob raqamiga 2010-yil 6-sentabrda 5 000 000 so‘m pul mablag‘ini o‘tkazib bergan bo‘lsada, biroq javobgar shartnomada belgilangan xizmatlarni ko‘rsatmagan.
Shu sababli, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi da’vogar manfaatida xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Birinchi instansiya sudi ishni ko‘rish vaqti va joyi haqida javobgarni tegishli ravishda xabardor qilmagan holda ishni ko‘rib chiqqan va da’voni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan.
XPK 188-moddasi uchinchi qismining 2-bandida ish xo‘jalik sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi, majlis vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor qilinmagan shaxslardan birontasining yo‘qligida ko‘rilgan bo‘lsa, hal qiluv qarorini yoki qarorni bekor qilish uchun asos bo‘ladi deb ko‘rsatilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi XPKning mazkur normasiga asoslanib, javobgar ishni ko‘rish vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor qilinmasdan ish uning ishtirokisiz ko‘rib chiqilganligi sababli hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni lozim topgan.
6. Boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz to‘lanadi.
Da’vogar “Singapur-Samarqand” xorijiy korxonasi xo‘jalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Xarir-tola” MChJdan 5 000 kg mahsulotni to‘liq natura holida yetkazib berishga majburlashni, yetkazib berilmagan mahsulot qiymatiga nisbatan hisoblangan 10 000 000 so‘m penya va 2 400 000 so‘m foiz undirishni so‘ragan.
Javobgar qarshi da’vo taqdim etib, taraflar o‘rtasida tuzilgan 2013-yil 22-apreldagi 37-sonli shartnomani haqiqiy emas deb topishni, 10 000 000 so‘m ma’naviy zararni hamda 1 300 000 so‘m yuridik xizmat haqini undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan dastlabki da’vo rad etilgan. Qarshi da’vo qisman qanoatlantirilib, 2013-yil 22-apreldagi 37-sonli shartnoma haqiqiy emas deb topilgan va qarshi da’voning qolgan qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “Singapur-Samarqand” xorijiy korxonasi va “Xarir-tola” MChJ o‘rtasida 2013-yil 22-aprelda 37-sonli mahsulot yetkazib berish shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, MChJ 5000 kg navsiz pillani xorijiy korxonaga yetkazib berish, xorijiy korxona esa yetkazib berilgan navsiz pilla uchun 20 000 000 so‘m to‘lab berish majburyatini olgan.
Xorijiy korxona shartnoma shartlariga muvofiq 2013-yil 24 va 26-aprel kunlari jami 20 000 000 so‘m pul mablag‘ini MChJning hisob raqamiga o‘tkazib bergan. MChJ esa shartnomada belgilangan o‘z majburiyatlarini bajarmasdan, 5000 kg navsiz pillani xorijiy korxonaga yetkazib bermagan. Shu sababli, “Singapur-Samarkand” xorijiy korxonasi sudga murojaat qilgan.
O‘z navbatida, javobgar qarshi da’vo taqdim etib, taraflar o‘rtasida tuzilgan 2013-yil 24-apreldagi shartnoma javobgar rahbari tomonidan imzolanmaganligi va u FKning 116-moddasiga muvofiq o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim hisoblanganligi uchun uni haqiqiy emas deb topishni hamda 10 000 000 so‘m ma’naviy zarar va 1 300 000 so‘m yuridik xizmat haqini undirishni so‘ragan.
Ish birinchi instansiya sudida ko‘rilayotgan vaqtda javobgar da’vogar tomonidan to‘lab berilgan 20 000 000 so‘m pulni qaytargan. Shu bois, birinchi instansiya sudi qarshi da’voni qisman qanoatlantirib, shartnomani haqiqiy emas deb topib, da’vo talabining qolgan qismini rad qilish haqida to‘xtamga kelgan. Biroq dastlabki da’voni to‘liq rad qilish haqida noto‘g‘ri xulosaga kelgan.
Javobgar 2014-yil 25-iyun kuni da’vogar sudga murojaat qilganidan keyingina 20 000 000 so‘m pul mablag‘ini da’vogarga qaytargan. Ya’ni, javobgar pul mablag‘idan bir yildan ortiq muddat davomida foydalanib kelgan.
Taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnoma javobgar rahbari tomonidan imzolanmaganligi sababli javobgar uni tan olmagan taqdirda, da’vogar o‘tkazib bergan pul mablag‘larini darhol qaytarish choralarini ko‘rishi lozim edi.
FK 327-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga asosan boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz to‘lanishi kerak. Foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaxs bo‘lganida esa, uning joylashgan erida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud bo‘lgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi. Qarz sud tartibida undirib olinganida sud kreditorning talabini da’vo qo‘zg‘atilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin.
Birinchi instansiya sudi FKning mazkur moddasiga asosan da’vogarning bank foizi undirish talabini bankning qayta moliyalash stavkasidan kam bo‘lmagan miqdorda qanoatlantirishi lozim edi.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudi javobgardan da’vogar foydasiga bankning qayta moliyalash stavkasi 12 foiz miqdorida bo‘lganligini inobatga olib, 2 400 000 so‘m foiz undirishni lozim topgan.
7. Xorijiy davlatning korxona va tashkilotlari tomonidan berilgan da’vo arizalari konsullik legalizatsiyasi mavjud bo‘lgan hollardagina ish yuritishga qabul qilinadi, agar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va O‘zbekiston Respublikasi hamda da’vo arizasi bergan tashkilot va korxona davlati a’zo hisoblangan xalqaro shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa. Aks holda, da’vo arizasi imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan imzolangan deb hisoblanib, XPK 88-moddasining 3-bandiga asosan ko‘rmasdan qoldiriladi.
Da’vogar “IDA TRADING LTD” korxonasi xo‘jalik sudiga murojaat qilib, javobgar “Romitan tola” FXdan 359,94 AQSh dollari undirishni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, “IDA TRADING LTD” korxonasi va “Romitan tola” FX o‘rtasida 2006-yil 6-oktabrda fyuchers shartnomasi tuzilgan. Unga ko‘ra, javobgar da’vogarga 10 000 kg ipak mahsuloti yetkazib berishi, da’vogar yetkazib berilgan mahsulot haqini to‘lash majburiyatini olgan.
Mazkur shartnomaga asosan da’vogar tomonidan javobgar hisob-raqamiga 179 985 AQSh dollari oldindan to‘lab berilgan. Biroq, javobgar da’vogarga mahsulotni to‘liq yetkazib bermagan. Natijada, javobgar da’vogardan 359,94 AQSh dollari miqdorida qarzdor bo‘lib qolgan.
Birinchi instansiya sudi da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilib, shartnoma 2006-yilda tuzilgan bo‘lsada, da’vogar tomonidan qarzdorlikni undirish choralari ko‘rilmaganligi sababli, da’vo muddatining o‘tganligini vaj qilib, da’voni rad etish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilgan.
Ammo, birinchi instansiyasi sudi da’vo arizasi Singapur Respublikasining korxonasi tomonidan taqdim etilib, u konsullik legalizatsiyasidan o‘tmaganligiga e’tibor bermagan.
Adliya vazirligi tomonidan 1997-yil 12-martda 313-raqam bilan ro‘yxatga olingan “Konsullik legalizatsiyasi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma”ning 4-bandiga asosan O‘zbekiston Respublikasining korxona va tashkilotlari xorijiy davlatning korxona va tashkilotlari tomonidan yuborilgan hujjatlar va aktlarni faqatgina konsullik legalizatsiyasi mavjud bo‘lgan holatlarda ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi, agarda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va O‘zbekiston Respublikasi hamda hujjat va akt yuborayotgan tashkilot va korxona davlati a’zo hisoblangan xalqaro shartnomada boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa.
XPK 88-moddasining 3-bandiga asosan xo‘jalik sudi da’vo arizasi imzolanmagan yoki imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqeyi ko‘rsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lsa, da’voni ko‘rmasdan qoldiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudi sudga taqdim etilgan da’vo arizasi tegishli tartibda konsullik legalizatsiyasidan o‘tmaganligi sababli, da’vo arizasi imzolash huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan imzolangan deb hisoblab, hal qiluv qarorini bekor qilgan va da’voni ko‘rmasdan qoldirishni lozim topgan.
8. Auksion savdolari qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazilganda, uning natijasi bo‘yicha qabul qilingan bayonnomani haqiqiy emas deb topish mumkin emas.
“KO’HNA BUXORO SAYQALI” MChJ (bundan buyon matnda da’vogar deb yuritiladi) “Trade In Real Property” MChJ (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi)ga nisbatan da’vo arizasi bilan viloyat xo‘jalik sudiga murojaat etib, javobgarda tashkil qilingan auksion savdo komissiyasining 2013-yil 18-noyabrdagi 001/3-A-sonli yakuniy bayonnomasini va ushbu sanada 001-A/1-sonli auksion savdo natijasida tuzilgan g‘oliblik bayonnomasini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Sudning ajrimi bilan ishga mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida “Universal mulk savdo” MChJ, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi va auksion savdolarini tashkil etish komissiyasi jalb qilingan.
Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2013-yil 27-sentabrda Buxoro shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi balansidagi Buxoro shahar Xo‘ja Nurobod ko‘chasi yoqasida joylashgan sobiq 5-son umumta’lim maktabi bino va inshootlarini auksion savdolari orqali sotish to‘g‘risida 33a-sonli buyrug‘i qabul qilingan.
Unga ko‘ra, savdo tashkilotchisi etib javobgar belgilangan va unga auksion savdolarini o‘tkazish to‘g‘risida belgilangan tartibda e’lonlar berish, tasdiqlangan jadvalga ko‘ra birinchi auksion savdolarini 2013-yil 4-noyabrda o‘tkazish, ushbu sanada obyekt sotilmay qolgan taqdirda, takroriy kim oshdi savdolarini 2013-yil 11, 18 va 25-noyabr kunlari o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Javobgar tomonidan 2013-yil 18-noyabr kuni o‘tkazilgan auksion savdosida auksion savdo komissiyasi “KO’HNA BUXORO SAYQALI” MChJ g‘olib deb e’tirof etilgan hamda obyektning 900 000 000 so‘mga sotilganligi to‘g‘risida yig‘ilishning yakuniy 001/3-A-sonli bayonnomasiga asosan qaror qabul qilingan.
Mazkur qaror asosida 2013-yil 18-noyabrda 001-A/1-sonli auksion savdolari natijasi bo‘yicha tuzilgan g‘oliblik bayonnomasi qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-yanvardagi 27-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat aktivlarini birjadan tashqari savdolarda, shu jumladan, investitsiya majburiyatlari bilan sotish tartibi to‘g‘risida Nizom”ning 29, 30, 31-bandlariga asosan “auksion jarayonida har bir uch bosqichdan keyin auksionchi auksion bosqichini oshirish tomonga o‘zgartirishi mumkin. Bunda auksionchi narxni aytadi, qatnashchilar esa qatnashchining raqamini ko‘tarib obyektni ushbu narxda sotib olishga tayyorligi to‘g‘risida bildiradilar.
Bir necha qatnashchilar tomonidan qiziqish namoyon qilingan taqdirda auksionchi narxni auksion bosqichiga muvofiq oshirib navbatdagi narxni e’lon qiladi.
Auksion navbatdagi narx 3-marta e’lon qilingandan keyin xaridorlardan hech biri chiptasini ko‘tarmasa tugallanadi. Chiptasining raqami auksionchi tomonidan oxirgi marta aytilgan xaridor auksionning g‘olibiga aylanadi. Shundan keyin auksionchi auksion savdoga qo‘yilgan davlat aktivining sotilganligini e’lon qiladi, sotuv narxini va auksion g‘olibining chiptasi raqamini aytadi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ish hujjatlarida mavjud bo‘lgan 2013-yil 18-noyabrda o‘tkazilgan auksion savdolari qayd etilgan video tasvirni o‘rganib chiqib, auksion savdolari qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazilgan degan xulosaga kelgan va shu bois, hal qiluv qarorini bekor qilib, da’voni rad etish haqida yangi qaror qabul qilgan.
9. Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Xamza tumani hokimligi “NEW STYLE BUSINESS” MChJga nisbatan xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, Toshkent shahar, Xamza tumani, Oxangaron ko‘chasi, 118 a-uy manzilidagi 229 kv.m maydondan iborat o‘zboshimchalik bilan qurilgan binoni MChJ hisobidan buzishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 12-fevraldagi “Aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari qat’iy bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida, Xamza tuman hokimiyati qoshidagi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda, Xamza tumani, Ohangaron ko‘chasi 118-uy manzilida joylashgan MChJ 1013,0 kv.m yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallanganligi, shuningdek o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonining 229,0 kv.m qismida noqonuniy qurilgan bino borligi aniqlangan.
Xamza tuman hokimiyatining 229,0 kv.m maydonda qurilgan binoni ixtiyoriy ravishda buzib tashlash to‘g‘risidagi talabi MChJ tomonidan bajarilmagan.
“Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati” davlat unitar korxonasi tomonidan MChJga qarashli Xamza tumani, Ohangaron ko‘chasi, 118-uyda joylashgan Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchasi kadastr ishida Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimining 2009-yil 20-iyuldagi 602-sonli qarori bilan 0,22 ga yer maydoni foydalanishga biriktirib berilganligi, o‘zboshimcha egallangan yer maydoni 1013 kv.m tashkil etishi ko‘rsatilgan.
FKning 212-moddasiga ko‘ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim, ushbu moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ishni ko‘rish davomida MChJ tomonidan unga imorat qurish uchun yer maydoni ajratilganligi, imoratni qurish uchun ruxsatnoma olinganligi, qurilgan bino arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalariga javob berishi isbotlab berilmaganligi sababli, birinchi instansiya sudi tomonidan da’voni qanoatlantirish to‘g‘risida qonuniy to‘xtamga kelingan.
Shu bois, kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirishni lozim topgan.
10. Agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka belgilangan bo‘lsa, zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismi to‘lanadi, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa.
“Xazratqul Abdullayev” fermer xo‘jaligi xo‘jalik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “Markaziy Osiyo Ulug‘chilik kompaniyasi” shu’ba korxonasidan 148 335 828 so‘m asosiy qarz, 102 831 066 so‘m penya, 12 164 268 so‘m zarar va 13 740 808 so‘m bank foizi undirishni so‘ragan.
Sudning ajrimi bilan “Nodirabonu Safarova” fermer xo‘jaligi, Boyovut tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi, OATB “O‘zsanoatqurilishbank” Sirdaryo mintaqaviy filiali nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida ishga jalb etilgan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qisman qanoatlantirilib, shu’ba korxonasidan fermer xo‘jaligi foydasiga 102 843 944 so‘m asosiy qarz, 20 000 000 so‘m penya, 700 000 so‘m zarar va 12 341 273 so‘m bank foizi undirilgan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, fermer xo‘jaligi va shu’ba korxonasi o‘rtasida paxta xom-ashyosini sotibolish to‘g‘risida kontraktatsiya shartnomasi tuzilgan.
Mazkur shartnoma shartlariga ko‘ra, fermer xo‘jaligi shu’ba korxonasiga 2011-yil hosilidan jami 281,0 tonna paxta xom-ashyosi yetkazib berishi, shu’ba korxonasi esa shartnomada belgilangan tartibda paxta xom-ashyosining to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lashi, shu jumladan mahsulot qabul qilib olingandan so‘ng shartnomadagi mahsulot umumiy qiymatining 80 foizini bo‘nak mablag‘lari, terim uchun yuborilgan mablag‘lar va boshqa hisob-kitoblar chegirilgan holda qolgan qismi bo‘yicha solishtirma dalolatnoma imzolangandan bir oy keyin to‘lovni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.
Fermer xo‘jaligi tomonidan shartnoma shartlari to‘liq bajarilib, 281,1 tonna paxta xom-ashyosi topshirilgan. Biroq shu’ba korxonasi tomonidan yetkazib berilgan mahsulotlar uchun to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.
Shu bois, fermer xo‘jaligi sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, shu’ba korxonadan 148 335 828 so‘m asosiy qarz, 102 831 066 so‘m penya va 12 164 268 so‘m zarar, 13 740 808 so‘m bank foizi undirishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan da’vo talabining 102 843 944 so‘m asosiy qarz, 20 000 000 so‘m penya undirish haqida to‘g‘ri xulosaga kelgan bo‘lsada, biroq shu’ba korxona hisobidan 700 000 so‘m zarar va 12 341 273 so‘m bank foizi undirish haqida noto‘g‘ri xulosaga kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 163-sonli qarorining 13-bandida shartnomalardan kelib chiquvchi pul majburiyatlarida, xususan qarzdorning tovarlar, ishlar, xizmatlar to‘lovini amalga oshirish yoxud pul mablag‘larini qaytarish, to‘lov kechiktirilgan summani to‘lash sharti bilan olingan majburiyatlarda FKning 327-moddasiga asosan foizlar hisoblanishi lozim. Qonunda yoxud taraflar kelishuvida pul majburiyatlarini bajarishni kechiktirganlik uchun qarzdorning neustoyka (penya) to‘lash majburiyati ko‘zda tutilishi mumkin. Bunday holatlarda sud shundan kelib chiqishi kerakki, agar qonunda yoki shartnomada to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kreditor pul majburiyatini bajarmaganligi uchun zarar yetkazilganligi holatini va zararning miqdorini isbotlamasa ham, ushbu choralardan birini qo‘llash haqidagi talabni qo‘yishga haqli ekanligi to‘g‘risida tushuntirish berilgan.
Fuqarolik kodeksining 325-moddasiga ko‘ra, agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka belgilangan bo‘lsa, zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismi to‘lanishi belgilangan.
Shu sababli, kassatsiya instansiya sudi hal qiluv qarorining 700 000 so‘m zarar va 12 341 273 so‘m bank foizi undirish qismini bekor qilib, da’voning ushbu qismlarini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilgan.
11. Elektr energiyasi vaqtinchalik uzib qo‘yilganligi natijasida hisob-kitob terminallarini ishlatish imkoniyati bo‘lmaganligi uchun to‘lovning plastik kartochkasi orqali qabul qilinmaganligi xo‘jalik yurituvchi subyektni Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi.
Samarqand shahar DSI xo‘jalik sudiga murojaat qilib, YTT Jo‘rayev Nurilloga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 5 173 000 so‘m, Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan eng kam oylik ish haqining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda va Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismiga asosan eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorida moliyaviy jarima qo‘llashni so‘ragan.
Ishdagi hujjatlardan ko‘rinishicha, Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish Samarqand viloyat bo‘limining 2014-yil 7-fevraldagi buyrug‘iga asosan “Samarqand shodiyonasi” savdo majmuasi hududida faoliyat yuritayotgan YTT Jo‘rayev Nurilloga qarashli savdo do‘konida savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan 2014-yil 8-fevralda qisqa muddatli tekshirish o‘tkazilgan.
Tekshirish vaqtida YTT Jo‘rayev Nurillo o‘z o‘rniga fuqaro Begiyeva Shoxsanam Shaxobjonovnani sotuvchi sifatida savdo ishlarini amalga oshirish uchun qo‘yganligi va Sh. Begiyeva 2014-yil 8-fevralda xaridorga savdo xizmati ko‘rsatganligi aniqlangan. Xaridor xarid qilingan ko‘ylak uchun to‘lovni o‘z plastik kartochkasidan amalga oshirishini bildirgan, ammo sotuvchi elektr energiyasi yo‘qligi sababli terminal ishlamayotganligini bildirgan. Sotuvchi ayollar ko‘ylagini xaridorga 55 000 so‘m naqd pulga sotib, xaridorga nazorat kassa mashinasidan xarid cheki bermagan. Shuningdek, tekshirishda kirim hujjatlari mavjud bo‘lmagan 5 173 000 so‘mlik tovarlar savdoga qo‘yilganligi aniqlangan va bu haqda dalolatnoma tuzilgan.
Tekshirish natijalari yuzasidan DSIning 2014-yil 28-fevraldagi qaroriga asosan YTTga nisbatan moliyaviy jarima hisoblangan.
Mazkur qaror YTT tomonidan ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi uchun DSI sudga ariza bilan murojaat qilib, YTTga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llashni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan arz qilingan talablar qisman qanoatlantirilib, YTT Jo‘rayev Nurilloga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 5 173 000 so‘m, Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan 2 883 150 so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan va Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismiga asosan eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorida moliyaviy jarimani qo‘llash qismi rad etilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudi tomonidan YTTga nisbatan Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan 5 173 000 so‘m moliyaviy jarima asosli qo‘llangan deb hisoblagan. Chunki ushbu moddaning birinchi qismida kirim qilinmagan tovarlarni saqlash, bundan ularning qonuniy kelib chiqishi tasdiqlangan hollar mustasno, kirim qilinmagan tovar qiymati miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Sud tomonidan YTTga nisbatan Soliq kodeksi 119-moddasining birinchi qismiga asosan 2 883 150 so‘m moliyaviy jarima ham asosli qo‘llangan deb baholangan, chunki YTT tomonidan savdo shaxobchasida nazorat kassa mashinasini ishlatish majburiy bo‘lsada, uni ishlatmasdan savdo amalga oshirilgan.
Kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sudning YTTga nisbatan Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismiga asosan eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi talabni qanoatlantirishni rad etish haqidagi xulosasi ham asosli deb topilgan. Bunda sud Soliq kodeksi 119-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, plastik kartochkalar asosida to‘lovlarni qabul qilishni rad etganlik eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishiga, biroq mazkur holatda savdo amalga oshirilgan vaqtda butun savdo kompleksida elektr energiyasi bo‘lmaganligiga, shu sababli sotuvchida to‘lovni terminal orqali qabul qilishning imkoniyati bo‘lmaganligiga asoslangan.