LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston SSR konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq mazkur qarorning nomidagi hamda matnidagi “O‘zbekiston SSR” degan so‘zlar tegishli kelishikdagi “O‘zbekiston Respublikasi” degan so‘zlar bilan almashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti shuni qayd etadiki, keyingi vaqtlarda respublikada ijtimoiy keskinlik ancha kuchaydi, jinoyatchilik ko‘paydi, jamoat, davlat va mehnat intizomi susayib ketdi. Qotilliklar, grajdanlarning sihat-salomatligiga va shaxsiy daxlsizligiga tajovuzlar, qaroqchilarcha hujumlar, talonchilik, sotsialistik mulk va grajdanlarning shaxsiy mulkini o‘g‘irlash, poraxo‘rlik, chayqovchilik kabi xavfli jinoyatlar, mehnatsiz daromad olish bilan bog‘liq boshqa jinoyatlar keng yoyilganligi ayniqsa tashvish uyg‘otmoqda. Kooperativlarning ayrim turlarini tashkil etish chog‘ida va ularning ishlashi jarayonida g‘arazli suiiste’mol hollari mavjuddir. Har xil korchalonlar, ekstremist kayfiyatdagi shaxslar bosh ko‘tarib, respublikadagi vaziyatga faol ta’sir o‘tkazishga urinmoqdalar, ular ko‘pincha inson huquqlari uchun “kurashuvchilar” niqobi ostida respublika xalqlari nomidan ish ko‘rish huquqini o‘zlashtirib olishga harakat qilmoqdalar. Ana shunday shaxslarning tashabbusi bilan ruxsat etilmagan mitinglar, namoyish va yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda, ular ana shu miting, namoyish va yig‘ilishlarda jamiyatga zid g‘oyalarni targ‘ib qilmoqdalar, partiya va hukumatga, sovet qurolli kuchlariga qarshi qo‘pol xurujlarga yo‘l qo‘ymoqdalar, aholining ayrim guruhlarini, ayniqsa yoshlarni antisotsial nojo‘ya xatti-harakatlar qilishga, sovet qonunlarini buzishga undamoqdalar. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilinganidan keyin vaziyat ayniqsa keskinlashdi.
Bunday xatti-harakatlar ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqaror qilib, odamlarning davlat hokimiyati organlari aholi manfaatlarini himoya qilishga qodir ekanligiga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda, turli mish-mishlarni keltirib chiqarmoqda, aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Respublika Oliy Soveti vujudga kelgan nihoyatda keskin vaziyat ko‘p jihatdan davlat organlarining, jamoat tashkilotlarining, ministrliklar va idoralar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, kooperativlar, kolxozlar va sovxozlar, mehnat kollektivlari rahbarlarining sovet kishilarini qonunlarga, belgilangan tartib va intizomga hurmat ruhida tarbiyalash, shahar va qishloqlarda ahvolni izdan chiqarish yo‘lidagi urinishlarning payini qirqish borasidagi faoliyatidagi jiddiy kamchiliklar bilan bog‘liqdir, deb hisoblaydi. Huquqni muhofaza qilish organlari qonunlarga qat’iy va og‘ishmay rioya etilishini ta’minlamayaptilar, jamiyatga zid kimsalarga nisbatan ko‘ngilchanlik va asossiz liberalizmga yo‘l qo‘ymoqdalar, ularga nisbatan qonunda ko‘zda tutilgan choralarni qo‘llamayaptilar.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash, tartib-intizomni mustahkamlash, grajdanlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatlarning hamda boshqa huquqbuzarliklarning payini qirqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti qaror qiladi:
1. Respublikaning barcha ichki ishlar, prokuratura, adliya organlari hamda huquqni muhofaza qilish boshqa organlaridan jinoyat sodir etayotgan, jamoat tartibini buzayotgan shaxslarga nisbatan belgilangan ta’sir choralarini o‘z vaqtida va qonunga to‘la muvofiq ravishda qo‘llanish, ekstremizm ko‘rinishlarining milliy dushmanlik va adovatni uyg‘otish hamda avj oldirishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlarning payini qat’iyan qirqish talab qilinsin.
Aybdor shaxslarga nisbatan harakat qilmaslik va qonunda belgilangan choralarni qo‘llanmaslik kabi har bir hol xizmat burchini juda qo‘pol ravishda buzish deb, huquqni muhofaza qilish organlarida bundan buyon ishlashga noloyiq, deb qaralsin.
2. Jinoiy unsurlarning va jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzayotgan, transportning ishini izdan chiqarayotgan, grajdanlarning hamda mansabdor shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati va tan daxlsizligiga tajovuz qilayotgan shaxslarning xatti-harakatlariga chek qo‘yish chog‘ida ichki ishlar organlarining xodimlariga faol himoya vositalari: rezina tayoqlar, kishanlar, jamiyatga zid xatti-harakatlar payini qirqishning maxsus usullarini qo‘llash huquqi berilsin.
Mazkur vositalar ichki ishlar organlarining xodimi shaxsni qonunlarni buzishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi to‘g‘risida ogohlantirgan, ana shu shaxs esa o‘zining ogohlantirilishiga atayin e’tibor bermagan yoki mansabdor shaxsning qonuniy harakatlariga qarshilik qilgan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.
Ichki ishlar organlarining xodimlariga hujum qilingan taqdirda faol himoya vositalari ogohlantirilmay qo‘llaniladi.
Faol himoya vositasini qo‘llanish to‘g‘risidagi qarorni militsiya xodimining o‘zi belgilangan qonunga qat’iy muvofiq ravishda qabul qiladi.
Gruppaviy bezorilik, ommaviy tartibsizliklar, qurolli jinoyatlarni qo‘lga tushirish vaqtida boshqa maxsus vositalar ham O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar ministrligi belgilagan tartibda qo‘llanilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar ministrligining ushbu masalaga doir takliflarini bir oy muddat ichida ko‘rib chiqsin.
3. Korxonalar, tashkilotlar, o‘quv yurtlari, boshqa muassasalar va jamoat tashkilotlari rahbarlarining o‘zlari boshchilik qilayotgan mehnat kollektivlarida mehnat va ishlab chiqarish intizomini, jamoat tartibini ta’minlash uchun javobgarligi oshirilsin.
Shu narsa belgilab qo‘yilsinki, mazkur rahbarlar hamda boshqa mansabdor shaxslar ruxsat berilmagan yig‘ilish, miting, ko‘cha yurishi yoki namoyish qatnashchilariga binolarni, davlat yoki jamoatning boshqa mulkini (aloqa vositalari, nusxa ko‘paytirish texnikasi hamda boshqa texnikani, uskunalarni, transportni) berib qo‘yishlari yoxud shunday tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun o‘zgacha shart-sharoitlarni vujudga keltirganliklari intizomiy hamda ma’muriy javobgarlikka— ming so‘mgacha miqdorda jarima to‘lashlariga olib keladi. Ular bir yilgacha muddat bilan mukofotlardan mahrum etilishlari, yuqori organlarning qaroriga binoan esa ularning lavozimlari xuddi shu muddatga pasaytirilishi mumkin. Aytib o‘tilgan choralar qo‘llanilishidan qat’i nazar, ularning qonunga xilof xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan moddiy zarar ulardan sud yo‘li bilan undirib olinishi kerak.
4. Grajdanlarning ruxsat etilmagan mitinglarda, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ish vaqtida qatnashishlari uzrli sabablarsiz progul deb hisoblanishi lozim va respublika mehnat to‘g‘risidagi qonunlarining normalarida ko‘zda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday shaxslarning uy-joy olish navbati orqaga surilishi ham mumkin, ular mukofotlar va boshqa imtiyozlardan mahrum etilishlari mumkin, ularning mehnat otpuskasi necha kun progul qilgan bo‘lsa shuncha ko‘p qisqartiriladi.
5. Ruxsat etilmagan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari, namoyishlarning tashkilotchilari qonunda ko‘zda tutilgan boshqa ta’sir choralari bilan bir qatorda huquqqa zid xatti-harakatlar natijasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga hamda grajdanlarga yetkazilgan moddiy ziyonning o‘rnini sud yo‘li bilan qoplaydilar. Ular ham bir yil muddatgacha mukofotlardan va boshqa qo‘shimcha haqlardan mahrum etiladilar, ularning uy-joy olish navbati orqaga suriladi, shuningdek necha kun progul qilgan bo‘lsa, otpuskasi ham shuncha kun qisqartiriladi.
6. Xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining ijroiya komitetlari jinoyatchilikning va jamoat tartibini buzishning payini qat’iyan qirqish borasida ichki ishlar organlarining faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirsinlar. Tuzilgan muvaqqat komitetlarning, o‘rtoqlik sudlarining, ko‘ngilli xalq drujinalarining va boshqa ijtimoiy uyushmalarining ishi faollashtirilsin. Mehnat kollektivlarining kengashlariga ko‘ngilli xalq drujinasi a’zolarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tavsiya etilsin. Respublika prokuraturasi, oblast ijroiya komitetlari mitinglar, yig‘ilishlar, yurishlar va namoyishlar o‘tkazishga ruxsatnomalar berish praktikasini o‘rgansinlar, bu ishda tegishli tartib o‘rnatsinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari hamda namoyishlarni tashkil etish va o‘tkazish yuzasidan belgilangan tartibni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarni ijro etish praktikasini o‘rganib chiqib, ushbu Qonunning to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi yuzasidan rahbariy izohlar bersin.
8. Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining studentlari hamda o‘quvchilari o‘rtasida tarbiyaviy ish saviyasini oshirish masalalarida respublika Xalq ta’limi ministrligi, uning joylardagi organlari harakat qilmayotganliklari qayd etib o‘tilsin. Bu ishlarning ahvoli uchun konkret, shaxsiy javobgarlik ministrlikning hamda unga bo‘ysunuvchi muassasalar va o‘quv yurtlarining rahbarlari zimmasiga yuklansin.
9. Respublika Ministrlar Soveti Toshkent shahri ichki ishlar organlarining moddiy-texnika ta’minotini, ular xodimlarining mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash masalalarini bir oy muddat ichida ko‘rib chiqsin. Shu organlar uchun bozor fondlaridan avtotransport ajratib berilishi ko‘zda tutilsin.
Jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi ishda eng ko‘p o‘rnak ko‘rsatgan respublika ichki ishlar organlari xodimlarini, birinchi navbatda oddiy va serjant sostaviga mansub xodimlarini rag‘batlantirish maqsadida 1989—1990-yilga respublika va oblast budjetlaridan 500 ming so‘m mablag‘ ajratish zarur, deb hisoblansin.
10. Ommaviy-axborot vositalari respublikada huquq-tartibotning ahvolini, jinoyatchilikka qarshi kurash choralari qanday amalga oshirayotganligini chuqur va ishonarli tarzda yoritsinlar; grajdanlar qaysi millatga mansubligidan qat’i nazar, ularning tengligi to‘g‘risidagi qonunlarning qoidalarini aniq-ravshan misollarda tushuntirib bersinlar.
11. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga tegishli o‘zgartishlarni kiritsin.