[
OKOZ:
1.
19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.03.00.00 Ijtimoiy-madaniy masalalar bo‘yicha hamkorlik / 19.03.02.00 Mehnat masalalari bo‘yicha bitimlar / 19.03.02.01 MXT konvensiyalari]
[
TSZ:
1.
Ijtimoiy-madaniy masalalar / Mehnat. Aholining bandligi;
2.
Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Xalqaro shartnomalar (bitmlar)]
Norasmiy tarjima
Konvensiya
Mehnat va ish turlari sohasida kamsitish to‘g‘risida
1958-yil 25-iyun, Jeneva
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 1992-yil 13-iyuldan kuchga kirgan)
LexUZ sharhi
Mazkur Konvensiya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1997-yil 30-avgustdagi 499-I-sonli “Mehnat va mashg‘ulotlar sohasidagi kamsitishlar to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida”gi
Qarori
bilan ratifikatsiya qilingan.
Xalqaro Mehnat Tashkilotining Bosh konferensiyasi, Xalqaro Mehnat Byurosining Ma’muriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 1958-yilning 4-iyunida o‘zining Qirq ikkinchi Sessiyasiga to‘planib, mehnat va ish turlari sohasida kamsitishga oid bir qancha takliflarni qabul qilishga qaror chiqarib va bu Sessiya kun tartibining to‘rtinchi bandi hisoblanib, mazkur takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib, Filadelfiya Deklaratsiyasida “barcha insonlar irqi, e’tiqodi yoki jinsidan qat’iy nazar, iqtisodiy barqarorlik va teng imkoniyat, erkinlik va kadr-qimmatlari ta’minlangan sharoitida o‘z moddiy farovonligiga va ma’naviy rivojiga erishish huquqiga ega” deb e’lon qilinishini e’tiborga olib, kamsitish Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida e’lon qilingan huquqlarni buzishni o‘z ichiga olishini e’tiborga olib, bir ming to‘qqiz yuz ellik sakkizinchi yil iyun oyining yigirma beshinchi kunida kuyidagi “Mehnat va ish turlari sohasida kamsitish to‘g‘risidagi 1958-yilgi Konvensiya” deb nomlanishi mumkin bo‘lgan Konvensiyani qabul qiladi:
1-modda
1. Ushbu Konvensiya maqsadlarida “kamsitish” atamasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) irq, tana rangi, jins, din, siyosiy qarashlar, milliy mansublik yoki ijtimoiy kelib chiqish belgilari asosidagi, mehnat yoki ish turlari sohasidagi muomala yoki imkoniyatlar tengligining yo‘qolishiga yoki putur yetkazilishiga olib keluvchi har qanday farqlash, yo‘l qo‘ymaslik yoki ustun qo‘yish.
b) Tashkilotning tegishli a’zosi tomonidan belgilanishi mumkin bo‘lgan boshqa, mehnat yoki ish turlari sohasidagi muomala yoki imkoniyatlar tengligining yo‘qolishiga yoki putur yetkazilishiga olib keluvchi va albatta ish beruvchi va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan (agar bunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa albatta) va boshqa tegishli organlar bilan maslahatlashgan holda farqlash, yo‘l qo‘ymaslik yoki ustun qo‘yish.
2. O‘ziga xos talablarga asoslangan muayyan ishga nisbatan farqlash, yo‘l qo‘ymaslik yoki ustun qo‘yish kamsitish deb hisoblanmaydi.
3. Ushbu Konvensiya maqsadida “mehnat” va “ish turlari” atamalari kasb o‘rganish imkoniga ega bo‘lishni, mehnat va muayyan ish turlariga ega bo‘lishni va mehnat sohasidagi shart-sharoitlarni o‘z ichiga oladi.
2-modda
Tashkilotning har bir a’zosi, ushbu Konvensiya unga nisbatan kuchga kirgan bo‘lsa, milliy sharoitga va amaliyotga mos keladigan usullar orqali, mehnat va ish turlariga nisbatan, shu sohadagi har qanday kamsitishni tugatish maqsadida, muomala va imkoniyat tengligini ko‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan milliy siyosatni e’lon qilish va amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
3-modda
Tashkilotning har bir a’zosi, ushbu Konvensiya unga nisbatan kuchga kirgan bo‘lsa, milliy sharoitga va amaliyotga mos keladigan usullar orqali quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi:
a) shu siyosatning ma’qullanishi va unga rioya qilinishiga ko‘maklashishda ish beruvchilar va mehnatkashlar tashkilotlari va boshqa tegishli organlar hamkorligini ta’minlashga intilish;
b) shu siyosatning ma’qullanishi va unga rioya qilinishini ta’minlashga mo‘ljallangan tegishli qonunlarni qabul qilish va tegishli ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlash;
s) shu siyosatga mos kelmaydigan har qanday qonun-qoidalarni bekor qilish va har qanday ma’muriy qarorlarni va amaliyotni o‘zgartirish;
d) ish bilan ta’minlanish sohasidagi siyosatni bevosita hukumat nazorati ostida amalga oshirish;
e) kasb tanlash, kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash sohasidagi muassasalar faoliyatida shu siyosatga, hukumat boshqaruvi ostida, rioya qilinishini ta’minlash;
f) shu siyosatga binoan amalga oshirilgan tadbirlarni va shular tufayli erishilgan natijalarni o‘zining ushbu Konvensiyaning qo‘llanilishi to‘g‘risidagi har yilgi ma’ruzalarida ko‘rsatish.
4-modda
Davlatning xavfsizligiga putur yetkazuvchi faoliyatda ishtirok etgan yoki ishtirok etganlikda gumon qilinuvchi shaxsga qarshi qaratilgan xar qanday choralar, agar ushbu shaxs milliy amaliyotga muvofiq mavjud vakolatli organga shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lsa, kamsitish deb hisoblanmaydi.
5-modda
1. Xalqaro Mehnat Konferensiyasi tomonidan qabul qilingan boshqa konvensiyalar va tavsiyalarda ko‘zda tutilgan himoya yoki yordam berish bo‘yicha alohida choralar kamsitish deb hisoblanmaydi.
2. Tashkilotning har bir a’zosi, ish beruvchi va mehnatkashlarning tegishli tashkilotlari bilan maslahatlashgan holda (agar bunday tashkilotlar mavjud bo‘lsa albatta), jins, yosh, jismoniy nuqsonlar, oilaviy majburiyatlar yoki ijtimoiy yo madaniy saviyasiga ko‘ra, odatda alohida himoya yoki yordamga muhtoj deb qaraladigan shaxslarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan boshqa alohida choralarni kamsitish deb hisoblanmasligini belgilashi mumkin.
6-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan Tashkilotning har bir a’zosi Xalqaro Mehnat Tashkiloti Ustavi qoidalariga muvofiq, uni metropoliyadan tashqari hududlarda qo‘llash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
7-modda
Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi rasmiy hujjatlar ro‘yxatga olinishi uchun Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
8-modda
1. Ushbu Konvensiya faqatgina ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan ro‘yxatga olingan Xalqaro Mehnat Tashkilotining a’zolarinigina birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki a’zosining ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan ro‘yxatga olingan sanadan keyin o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotning xar bir a’zosi uchun uning ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjati ro‘yxatga olingan sanadan keyin o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.
9-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning a’zosi Konvensiya dastlab kuchga kirgan sanadan o‘n yil o‘tganidan keyin Xalqaro Mehnat Byurosining Bosh direktoriga ro‘yxatga olish uchun yuborilgan akt orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Bunday denonsatsiya denonsatsiya akti ro‘yxatga olinganidan keyin bir yil o‘tgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir a’zosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan o‘n yillik muddat o‘tganidan keyin, bir yil ichida mazkur moddada ko‘zda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan bo‘lsa, navbatdagi o‘n yillik muddatni kutishga majbur bo‘ladi va shunga muvofiq, u mazkur modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani xar o‘n yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin bo‘ladi.
10-modda
1. Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori Tashkilot a’zolari tomonidan yuborilgan ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasini ro‘yxatga olganligi haqida Xalqaro Mehnat Tashkilotining barcha a’zolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor unga yuborilgan ikkinchi ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni ro‘yxatga olganligi haqida Tashkilot a’zolariga xabar berganda, Tashkilot a’zolarining e’tiborini Konvensiyaning kuchga kirish sanasiga qaratadi.
11-modda
Xalqaro Mehnat Byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan o‘zi ro‘yxatga olgan ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatlari va denonsatsiya aktlarining barchasiga oid to‘la ma’lumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga ro‘yxatga olish uchun yuboradi.
12-modda
Har gal, Xalqaro Mehnat Byurosi Ma’muriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qo‘llanilishi to‘g‘risidagi ma’ruzani taqdim etadi va uni to‘la yoki qisman qayta ko‘rib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish kerakligini yoki kerak emasligini ko‘rib chiqadi.
13-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani to‘la yoki qisman qayta ko‘rib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud bo‘lmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror a’zosi tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, qonunning o‘z kuchi bilan, 9-modda qoidalaridan qat’iy nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan bo‘lishi kerak;
b) qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan e’tiboran, mazkur Konvensiyaning Tashkilot a’zolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi to‘xtatiladi.
2. Mazkur Konvensiya, xar qanday holatda, uni ratifikatsiya qilgan, ammo qayta ko‘rib chiqilgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot a’zolari uchun amaldagi shakli va mazmuni o‘z kuchida qolaveradi.
14-modda
Mazkur Konvensiyaning inglizcha va fransuzcha matnlari bir xil kuchga ega.
(imzolar)