O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-yil, 39-son, 386-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 2004-yil, 7-son, 64-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Shoxsimon guruhli burg‘quduqlarni burg‘ulash, o‘zlashtirish va ishlatishni bir vaqtda xavfsiz bajarishga oid yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida e’tirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va ko‘paytirilsin.
“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘ining 2010-yil 24-iyundagi 188-sonli buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
1. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 39-son, 386-modda), “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 5-modda) va O‘zR VM ning 2004-y., 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plami, 2004-y., 7-son, 64-modda) muvofiq talablari guruhli burg‘quduqlarni qurish va ularni ishlatish orqali neft konlarini o‘zlashtirish bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarga taalluqli va sanoat xavfsizligi sohasida faoliyat olib borayotgan barcha tashkilotlar uchun majburiydir.
2. Mazkur Yo‘riqnoma burg‘quduqlarni qurish, o‘zlashtirish, ishlatish va ta’mirlash bo‘yicha texnologik operatsiyalarni bir vaqtda olib borilganda, chegaralangan hududda ko‘plab xavfli ishlab chiqarish obyektlari mavjud bo‘lganda bajariladigan ishlarning sanoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
3. Mazkur Yo‘riqnomada guruhli burg‘quduqlar maydonida xavfsiz ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish, ishlarni tashkil qilish, guruhli qurish va guruhdagi burg‘quduqlarni ishlatish va qurish sharoitida texnologik operatsiyalar ketma-ketligiga doir talablar belgilangan.
4. Guruhli burg‘quduqlar maydonlarini tayyorlash, burg‘quduqlarni qurish, konlarni jihozlash va ishlash bo‘yicha loyihaviy hujjatlar tarkibi va tuzilishi O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni va ShNK 1.03.01-08 “Korxona, bino va inshootlarni kapital qurilishi bo‘yicha loyihaviy hujjatlar tarkibi, ishlab chiqilishi, kelishish va tasdiqlash tartibi” talablariga javob berishi zarur.
5. Loyihaga kiritiladigan texnik, texnologik va tashkiliy yechimlar, shuningdek, guruhli burg‘quduqlar maydonidagi ayrim obyektlarni ishga tushirish bosqichlari va tartibi mazkur Yo‘riqnoma talablariga asosan qabul qilinishi kerak.
6. Guruhli maydonlardagi burg‘quduqlar pozitsiyali qilib joylashtirilishi kerak. Loyihada belgilanadigan guruhdagi burg‘quduqlar soni 8 tadan oshmasligi kerak. Guruhlar orasidagi masofa 15 m dan kam bo‘lmasligi kerak.
7. Guruhli maydonlardagi burg‘quduq guruhlari soni chegaralanmaydi, ammo bir guruhdagi barcha quduqlarning erkin debetining yig‘indisi neft bo‘yicha 4000 t/d dan oshmasligi kerak.
8. Quduqlarning og‘zi maxsus maydonda bir to‘g‘ri chiziq bo‘ylab guruh o‘qi bo‘yicha bir-biridan 5 m narida joylanishi lozim. Ayrim hollarda (ayrim sabablarga ko‘ra) loyihada quduqlar orasidagi masofa kamroq belgilanishi mumkin. Har qanday holda bu chetlanish “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli regional organi bilan kelishiladi. Quduqlar orasidagi masofa 2 m dan kam bo‘lmasligi zarur.
9. Guruhlar yoki guruhli maydon bilan yakka burg‘quduq orasidagi masofa 50 m dan kam bo‘lmasligi zarur. Guruhli maydon chegarasidan magistral va kon ichi yo‘llarigacha bo‘lgan masofa 50 m dan ziyod bo‘lishi darkor.
10. Guruhli maydonda yong‘indan saqlash texnikasini joylashtirish uchun 20x20 m o‘lchamli maydoncha bo‘lishi kerak. Maydonchaning joylashuvi loyihada yong‘in xavfsizligi talablarini inobatga olgan holda belgilanadi.
11. Guruhli maydon hududida xizmat va maishiy xonalar yong‘in xavfsizligi talablariga asosan jihozlanishi va burg‘ulanayotgan quduq og‘zidan minora balandligi va unga plyus 10 m masofa narida joylashishi kerak.
12. Burg‘ulangan, ishlab turgan burg‘quduqlar bilan xizmat (maishiy) xonalari orasidagi masofalar amaldagi me’yoriy-texnik hujjatlar talablariga javob berishi lozim.
13. Guruhli maydonlar o‘lchamlari tebranma dastgohlar, boshqaruv stansiyalar transformator oraliq stansiyalar, gazlift gazo‘tkazgichlar, kabelli estakadalarni burg‘quduq guruhi o‘qidan bir tarafda hamda markazdan qochma nasoslarga va tebranma dastgohlarga o‘tkazilgan yerosti kabel yo‘llari burg‘quduq guruhi o‘qidan boshqa tarafda joylashtirish talablarini inobatga olgan holda, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli hududiy organlari bilan kelishish sharti bilan, burg‘quduqlarni har xil ishlatish usullarda texnologik uskuna, burg‘quduqni ta’mirlash uchun agregatlar, maxsus texnika, boshqa uskunalarni joylashtirishni ta’minlashi zarur.
14. Gaz omili 200 m3/t dan ziyod bo‘lgan neft konlarini o‘zlashtirganda, mustahkamlovchi quvurlar birikmasidagi zichlikni sinashda va burg‘quduq og‘zini otqinga qarshi uskunalar bilan bog‘lashda, loyihaviy hujjatda qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘llashni mo‘ljallash kerak.
15. Guruhli burg‘quduqlarni qurish ishlari uzluksiz siklda olib borilganda, navbatdagi burg‘quduqda burg‘ulash ishlar yakunlangandan va ishlatish quvurlari birikmasi hamda quduq og‘zi bog‘lamasining sementlash sifati, mustahkamligi va zichligini tekshirish yaxshi natija bergandan so‘ng, burg‘quduqqa nasos-kompressor quvurlar tushirmay turib konservatsiyalashga ruxsat etiladi.
16. Burg‘ulash, o‘zlashtirish, ishlatish va ta’mirlash jarayonida burg‘quduq og‘zini bog‘lash sxemasi, korxona tomonidan ishlab chiqilib, buyurtmachi va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli hududiy organi bilan kelishiladi va korxona texnik rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
17. Oqimlarni jadallashtirish, shu jumladan, gorizontal tarmoqlar bilan burg‘ulash orqali mahsuldor qatlamlarni qo‘shimcha teshib ochish, ketma-ket o‘zlashtirish, yasagan zavod yo‘riqnomasiga ko‘ra burg‘quduqni o‘zlashtirish va ta’mirlash uchun qurilma (agregat)larni xavfsiz montaj qilish va ishlatishni ta’minlash maqsadida, burg‘ulanayotgan quduq og‘zidan kamida 10 m narida joylashgan, oldin qazilgan quduqlarni ham ishga tushirishga ruxsat etiladi.
18. Guruhli burg‘quduqlar maydonini suv ta’minlash tizimida, o‘t o‘chirish stvollarini magistral suv uzatish tizimi yoki boshqa suv ta’minot manbalariga ulash uchun ketadigan vaqt mobaynida ishlayotgan burg‘quduqlarning og‘ziga avariyali suv sepish imkonini rejalashtirish lozim. Qatlamda bosimni bir maromda ushlab turish tizimlarida, ishchi agent sifatida kimyoviy reagentlar qo‘shilmagan texnik suv ishlatilsa, ularni tizimga ulanishiga ruxsat etiladi.
19. Neftgazsuv namoyon bo‘lishi va ochiq favvorani tugatish uchun zarur bo‘lgan uskuna, maxsus moslamalar, asbob, materiallar, maxsus kiyim, ehtiyot va shaxsiy himoya vositalari shay holatda korxonaning avariyali zaxira yoki maxsus xizmat omborlarida saqlanishi kerak. Omborlar joylashuvi guruhli burg‘quduq maydoniga zarur vositalarni tezkor yetkazilishini ta’minlashi darkor.
20. Burg‘quduqlarni qurish, uskunalarni yig‘ish, burg‘ulash, o‘zlashtirish, ishlatish va ta’mirlashga oid ishlarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha javobgarlik, korxonalar rahbarlari yoki mazkur ishlarni bajarishga jalb qilingan zamindan foydalanuvchi tashkilotlar bo‘linmalari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
21. Guruhli maydonda joylashgan xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan birida bir necha korxona ishlaganda, ishlarni tashkil etish va bajarish tartibi, mazkur korxonalar rahbarlari birgalikda tasdiqlagan “Korxonalararo o‘zaro munosabat to‘g‘risidagi nizom” da bitta korxonaning bir necha bo‘linmalari ishlaganda esa — korxona rahbarining ko‘rsatmasi bo‘yicha belgilanadi.
22. Guruhli maydonda ishlab chiqarish jarayoni ishtirokchilari bajarayotgan ishlarning tashkil qilinishi, bajarilishi va sifatini tekshirish hamda nazorat qilish kerak.
g) burg‘quduqlarni bog‘lash va mahsulot yig‘ish tizimiga ulash hamda qatlamdagi bosimni bir maromda ushlab turish;
24. Ishlarning biror uchastkasida g‘ayritabiiy holat (neftgazsuv namoyon bo‘lishi, nefto‘tkazgich yorilishi va h.k.) vujudga kelsa, har bir ish bajaruvchi darhol bu to‘g‘risida ish rahbari va ishlab chiqarish jarayonining qolgan ishtirokchilarini ogohlantirishi shart. Bunday holatlarda guruhli maydondagi barcha ishlar, g‘ayritabiiy holat sabablari va alomatlariga barham berguncha to‘xtatib turilishi zarur.
25. Neftgazsuv namoyon bo‘lishi yoki ochiq favvoralar bilan bog‘liq bo‘lgan avariyalarni bartaraf qilish ishlari “Avariyalarni bartaraf qilish rejasi” ga asosan bajarilishi lozim.
26. Guruhdagi elektrgazpayvandlash ishlarini amaldagi mavjud yo‘riqnomalar talablariga asosan attestatsiyadan o‘tgan malakali payvandchilar bajarishi zarur.
Mazkur ishlarni bajarishda Portlashdan xavfli va yong‘inportlashdan xavfli obyektlarda olovli ishlarni xavfsiz o‘tkazishni tashkil qilish bo‘yicha soha yo‘riqnomasini qo‘llash lozim.
27. Burg‘ulash qurilmasining ichki yonuv dvigateli, ko‘chma va sementlovchi agregatlar, boshqa maxsus texnikalarning chiqarib yuborish quvurlari uchqunso‘ndirgichlar bilan jihozlanishi zarur.
28. Guruhli Quduq maydoniga texnologik va maxsus transportlarni kelish yo‘llarining soni loyiha bilan aniqlanadi. Maydonchaga transportda kelish yo‘llari, avtotransport va maxsus texnika (o‘t o‘chirish,FVV va boshqa mashina) larni yil davomida o‘tishini ta’minlashi kerak.
29. Avariyali holatlar vujudga kelganda, odamlar, transport va maxsus texnikani guruhli maydondan evakuatsiya qilish tartibi avariyalarni bartaraf qilish rejasi (ABR)da bayon qilingan bo‘lishi kerak.
30. Guruhli maydonni flanetsli kolonnalardan balandroq darajada toshqin suvlari bosgan holda, burg‘quduqlarni burg‘ulash, o‘zlashtirish va ta’mirlash mumkin emas; ayni paytda burg‘quduqlarni ishlatish, zamindan foydalanuvchi (uning vakili) tasdiqlagan va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli hududiy organi bilan kelishilgan maxsus reja bo‘yicha amalga oshiriladi.
31. Guruhli burg‘quduqlar maydonlarida burg‘quduqlarni qurish ShNK 1.03.06-09 “Loyihalashgacha va shahar qurilishi hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazish qoidalari”da belgilangan tartibda tasdiqlangan loyihaga binoan amalga oshiriladi.
Guruhli neft burg‘quduqlari uchun yer ajratish me’yorlari QMQ 2.10.05-97 “Neft va gaz burg‘quduqlari uchun yer ajratish me’yorlari” ga asosan bajariladi.
32. Guruhli maydon, transport kelish yo‘llari, EUT (elektr uzatish tarmoqlari) qurilishi, omborlar, marzalar va h.k.lar ishlarni tashkil qilish loyihasiga asosan, birinchi burg‘quduq burg‘ulanishidan oldin qurib bitirilishi darkor. Burg‘quduqni qurish ishlarini boshlashga guruhli maydon tayyorligini, buyurtmachi tomonidan tayinlangan, tarkibiga ish bajaruvchi, burg‘ulash korxonasi va xavfli ishlab chiqarish obyektlarini ishlatuvchi tashkilot vakillari kiritilgan komissiya aniqlashi kerak. Guruhli maydonda, belgilangan tartibda loyihaga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan, burg‘quduqlar soni ko‘paygan holda, guruhli maydonni kengaytirish, qo‘shimcha omborlar qurish, kommunikatsiyalarni (montaj qilish) yig‘ish va h.k. lar bo‘yicha ishlarni, burg‘ulash va loyihada mo‘ljallangan boshqa ishlar bilan birga bajarishga ruxsat etiladi.
33. Burg‘ulash qorishmasi tarkibida 5 % dan ortiq gaz mavjud bo‘lsa, yoki neft asosidagi qorishma ishlatilsa, burg‘ulash jarayonida burg‘ulash ish maydoni, nasos bloki, burg‘ulash qorishmasini tozalash bloklari va idishlar tizimlaridagi gaz havo muhitidan namunalar olish lozim.
34. Minorali-chig‘ir bloki, boshqa bloklar va uskunalarni yangi pozitsiyaga ko‘chirishda, minorani sinashda hamda minorani o‘ta zo‘riqishi bilan bog‘liq bo‘lgan avariyali ishlarda, xavfli zonada joylashgan qo‘shni burg‘quduqlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlarni to‘xtatish zarur. Xavfli zonadan (minora balandligi plyus 10 m radiusda), bevosita avariyani bartaraf qilish, minora-chig‘ir blokini ko‘chirishda band bo‘lgan ishchilardan tashqari, barcha boshqa odamlarni chiqarib yuborish kerak.
35. Yuqori bosimli quvuruzatkich, manifoldlarni bosim bilan tekshirish, burg‘quduqlarni puflash ishlarini bajarganda, quduqlarni burg‘ulash, o‘zlashtirish va ta’mirlash ishlari va texnologik operatsiyalarni bajarishga xalaqit bersa, yuqorida qayd etilgan ish turlari to‘xtatilishi darkor.
36. Preventorlarni ishchi bosimga tekshirish muddatlari korxona tomonidan, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining hududiy organi bilan kelishib belgilanadi. Bu muddat bir guruh quduqlarni burg‘ulash vaqtidan oshmasligi lozim.
37. Neftning to‘kilishi yoki havo muhitga gaz kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan avariyalarda guruhdagi barcha ishlar, shu jumladan neftni qazib chiqarish ishlari ham to‘xtatilishi zarur.
38. Quvurlarda otib teshish ishlarini bajarish (ishlatish quvurlar birikmasini teshish, ta’mirlash ishlari va h.k) vaqtida burg‘quduq atrofida kamida 10 m radiusda xavfli zona belgilanadi. Teshik ochish ishlari xavfsizlik talablariga amal qilinib bajarilishi kerak.
39. Guruhdagi burg‘quduqlarni o‘zlashtirish, ularni keyinchalik ishlatish usulidan qat’i nazar, korxona texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan va buyurtmachi bilan kelishilgan ishlar rejasiga asosan amalga oshirilishi darkor. Quduqlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar va o‘zlashtirish jarayoni belgilangan xavfsizlik talablariga javob berishi zarur.
40. O‘zlashtirilgan burg‘quduqni neft yig‘ish kommunikatsiyalariga ulanishi loyihaga mos ravishda bajarilishi shart. Neft yig‘ish va tashish (transportirovka)da muvaqqat (vremenniy) sxemalardan foydalanish taqiqlanadi.
41. Burg‘quduqni ko‘chma kompressor yordamida inert gazlardan foydalanib o‘zlashtirishda, kompressor burg‘quduq og‘zidan kamida 25 m narida o‘rnatilishi darkor.
42. Guruhdagi burg‘quduqlarning og‘zi (foydalanish usuliga qarab) bir xil rusumli armatura bilan jihozlanishi, ularning kolonnali flanetslari esa, guruh maydoni yuzasi bilan bir sathda joylashishi kerak.
43. Yuqori debitli hamda yuqori gaz omilli burg‘quduqlarda keskich-klapanlar va masofadan boshqariladigan quduq og‘zi zulfinlariga bo‘lgan zarurat va o‘rnatish tartibi, ishlar xavfsizligini ta’minlash shartidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
44. Guruhdagi birinchi burg‘quduq ishga tushirilishi bilan Guruh maydonining barcha hududida havo muhitining gazlanishini nazorat qilish tartibi belgilanishi darkor. Namuna olish joylarini aniqlash, tekshirish, jadval ishlab chiqish ishlari zamindan foydalanuvchi (buyurtmachi)ning vakili tomonidan bajariladi. Mazkur nazoratning bajarilishi guruhli maydon uchun mas’ul rahbar zimmasiga yuklanadi.
45. Burg‘quduqni burg‘ulash va o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar yakunidan so‘ng guruhli maydondagi burg‘ulash uskunalari, qurilishda foydalanilmagan material, uskuna, burg‘ulash chiqindilari va h. k. dan tozalanishi darkor. Guruhli maydon yoki uning qismini dalolatnomaga asosan buyurtmachiga topshirilgandan so‘ng pudratchi mazkur hududda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar uchun javobgar emas.
46. Ishlatilayotgan burg‘quduqlarning xavfli zonasi doirasida, bevosita ishlarni bajarilishiga taalluqli bo‘lmagan shaxslar va transport vositalarining mavjud bo‘lishi mumkin emas.
47. Burg‘quduqni ta’mirlash bo‘yicha ishlarni korxona texnik rahbari tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan, maxsus brigada bajarishi kerak. Ish rejasiga sanoat xavfsizligi va atrof muhitni saqlash bo‘yicha barcha zarur tadbirlar kiritilishi kerak.
48. Ishlayotgan burg‘quduqlarga xavfli ta’sir qilish imkonini bartaraf etuvchi tadbirlar ishlab chiqish va ularni tatbiq etish sharti bilan qo‘shni burg‘quduqlarni to‘xtatmay turib, burg‘quduqlarni ta’mirlashga ruxsat etiladi. Ko‘rsatilgan tadbirlar ishlar rejasida bayon etiladi. Qo‘shimcha ravishda mahsuldor yotqiziqlarni ochishda, qo‘shni quduqlar to‘xtatilishi, zarurat bo‘lsa berkitilishi lozim.
49. Bir guruhli maydonda burg‘quduqlarni ta’mirlash yoki o‘zlashtirish bo‘yicha bir vaqt ichida ikkita maxsuslashtirilgan brigada ishlashi mumkin. Bunday ishlarni xavfsiz olib borish bo‘yicha yo‘riqnomalar korxona tomonidan ishlab chiqilib, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli hududiy organi bilan kelishiladi.
50. Gazliftli guruhlardagi burg‘quduqlarni ta’mirlashda, uskunalarni joylashtirishdan avval, ta’mirlanayotgan burg‘quduqqa hamda chapdagi va o‘ngdagi qo‘shni burg‘quduqlarga uskunalarni joylashtirish paytida gaz haydash to‘xtatiladi. Gazlift gazuzatkichlari trassalarida maxsus texnika o‘rnatilishi taqiqlanadi.
51. Xavfli zonadagi burg‘quduqlarning ishlashi to‘xtatilgandan so‘ng burg‘ulash qurilmasi qismlarga ajratilib uning blok va uzellari guruhli maydondan transportda olib ketiladi.
Mazkur “Shoxsimon guruh (kust)li burg‘quduqlarni qurish, o‘zlashtirish va ishlatishni bir vaqtda xavfsiz bajarishga oid yo‘riqnoma” O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz”MXK va O‘zbekiston yonilg‘i-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi MK bilan kelishildi.