LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarining qonuniyligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarining huquqiy ekspertizasi va ularni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Adliya vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ hujjatlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazganlik uchun olinadigan yig‘im miqdorini belgilash huquqi berilsin. Huquqiy ekspertizadan o‘tkazganlik uchun olinadigan yig‘im summasining 80 foizi respublika budjetiga, 20 foizi esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining adliya muassasalari va sudlarni rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining budjetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan vazirliklari, idoralari va davlat qo‘mitalari umumiy-majburiy tusdagi idoraviy normativ hujjatlari huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganligi uchun yig‘im to‘lashdan ozod qilinadilar.
(qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 15-iyundagi 300-son qaroriga muvofiq 3-band bilan to‘ldirildi)
4. Adliya vazirligi tomonidan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatiga olinmasdan qabul qilganligi yoki ro‘yxatga olingandan so‘ng kelishilmasdan ularga o‘zgartirish kiritganligi aniqlangan holda Vazirlik xalq sudi orqali ushbu hujjatlarning bekor qilinishini talab qilish, shuningdek, xo‘jalik sudi orqali aybdor tomondan eng kam ish haqining 20 baravari miqdorida jarima undirish huquqiga egadir. Ushbu summa respublika budjetiga o‘tkaziladi.
Sudlarga bunday da’volar bilan chiqilganda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 15-iyundagi 300-son qarori tahririda)
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 1992-yil 8-yanvardagi Farmoniga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 12-noyabrdagi 523-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi haqidagi nizomga muvofiq Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralarning umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi va davlat ro‘yxatiga oladi.
2. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, fuqarolar xatti-harakatlarining umumiy majburiy qoidalari joriy qilinayotgan, ushbu Tartibni buzganlik uchun biron-bir mas’uliyat belgilanayotgan, shuningdek, mazkur boshqaruv organi tizimiga kirmagan korxonalar va tashkilotlarning bajarishi majburiy bo‘lgan normativ hujjatlar (buyruqlar, nizomlar, yo‘riqnomalar va boshqalar)ni tayyorlayotanlarida ularning loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etishga majburdirlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirlik, davlat qo‘mitasi va idora taqdim etgan normativ hujjatning loyihasi olingandan keyin 30 kun mobaynida uni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish shart.
Normativ hujjatning loyihasi yig‘imlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lgan holda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun qabul qilinadi.
4. Vazirlik davlat qo‘mitasi, idoraning taqdim etgan normativ hujjat loyihasi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lganda Adliya vazirligi uni davlat ro‘yxatiga oladi. Agarda normativ hujjat loyihasida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid normalar mavjud bo‘lsa, Adliya vazirligi tegishli xulosa bilan loyihani puxta ishlab chiqish uchun qaytaradi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning davlat ro‘yxatiga olingan umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlarining maxsus reyestrini yuritadi.
6. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari o‘zgarganda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralardan davlat ro‘yxatiga olingan umumiy-majburiy tusdagi normativ hujjatlari qonunga muvofiqlashtirilishini talab qilishga haqlidir. Bunday holda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar bir oy muddatda hujjatlarga tegishli o‘zgarishlar kiritishlari va Adliya vazirligiga taqdim etishlari shart.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatiga olingan normativ hujjatlarga o‘zgarishlar kiritilganda yoki ular bekor qilinganda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar o‘zgarishlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etishlari lozim. Normativ hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgarishlar va qo‘shimchalarni ekspertizadan o‘tkazganlik uchun belgilangan yig‘imning yarmi miqdorida yig‘im undiriladi.