O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining
Sud amaliyoti
Sud ishni nazorat tartibida ko‘rib, o‘zining ajrimi yoki qarori bilan hal qiluv qarori, ajrim yoki qarorni bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun yubormasdan, yangi hal qiluv qarori chiqarishga haqli
B. Jo‘rayeva javobgar Z. Islomovaga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, oldi-sotdi bitimini haqiqiy deb topishni so‘ragan.
Tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, B. Jo‘rayeva va Z. Islomova o‘rtasida tuzilgan uy oldi-sotdi bitimi haqiqiy deb topilgan.
Viloyat sudi apellatsiya instansiyasining ajrimi bilan sud qaroriga o‘zgartirish kiritilib, B. Jo‘rayevadan Z. Islomova foydasiga 1.609.059 so‘m undirish belgilangan.
Quyidagi asoslarga ko‘ra, Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2017-yil 30-maydagi ajrimi bilan mazkur ish yuzasidan qabul qilingan sud qarorlari bekor qilinib, da’voni rad etish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qilindi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishida mavjud bo‘lgan tilxatga ko‘ra, Z. Islomova o‘ziga tegishli kvartirani B. Jo‘rayevaga 11.000.000 so‘mga kelishib sotgan, shundan 9.300.000 so‘mini olgan, vaqtincha mazkur kvartirada yashab turishni iltimos qilgan.
Sudlar da’voni qanoatlantirish haqidagi o‘z xulosasini Fuqarolik kodeksining 112-moddasi
2-qismi
hamda da’vogarning suddagi tushuntirishlari bilan asoslagan.
B. Jo‘rayevaning suddagi tushuntirishidan ko‘rinishicha, Z. Islomovaning da’vogardan bo‘lib-bo‘lib pul olgan, da’vogar o‘zi tilxat yozib, Z. Islomovaga imzo qo‘ydirib olgan. Bu holat Z. Islomovaning nizoli turar joyni o‘z erki va ixtiyori bilan sotmaganligidan va da’vogardan qarz olib kelganligi, taraflar o‘rtasida nizoli turar joy oldi-sotdisi bo‘yicha kelishuv bo‘lmaganligidan dalolat beradi.
Shuningdek, apellatsiya instansiyasi ham Z. Islomovaning turar joyini sotmaganligi haqidagi vajlariga, da’vogar ukasi bilan birgalikda Z. Islomovaga qarz berib, qarzini foiz bilan hisoblab, foizini qaytarish maqsadida Z. Islomovaning uyidan stenka, stol va kiyimlarigacha olib ketib, da’vogar qarzini qaytarishga ishonchli bo‘lishi uchun deb aldab, o‘zi tilxat yozib, imzolatib olganligi, taraflar o‘rtasida qarz munosabati yuzaga kelganligi, kvartira sotilmaganligi suddagi guvohlarning tushuntirishlari bilan tasdiqlanganligi, oldi-sotdi bitimining shartlari bajarilmaganligi, ya’ni oldi-sotdi predmeti bo‘lgan nizoli mulk xaridorga topshirilmaganligini e’tiboridan chetda qoldirib, sud qaroriga o‘zgartirish kiritish haqida noto‘g‘ri xulosaga kelgan.
Sudlar yuqorida qayd etilgan qonun talablari va ish holatlarini inobatga olmasdan, da’voni qanoatlantirish haqida asoslantirilmagan xulosaga kelgan.
6-662-17-sonli ajrim