LexUZ sharhi
Mazkur Shartnoma O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 21-maydagi O‘RQ-382-sonli “O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi shartnomani (Abu Dabi, 2014-yil 11-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni bilan ratifikatsiya qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat o‘rtasida jinoyatchilikka barham berishda yanada samarali hamkorlikni ta’minlash va shu maqsadda ayblanuvchi va mahkumlarni ushlab berish to‘g‘risida shartnoma tuzish istagini bildirib,
Har bir Tomon mazkur Shartnoma qoidalariga muvofiq so‘rayotgan Tomon hududida qidirilayotgan har qanday shaxsni ushlab berish uchun asos bo‘ladigan jinoyat bo‘yicha tergov qilish, javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish uchun boshqa Tomonga ushlab berishga rozilik bildiradi.
1. Mazkur Shartnoma maqsadlarida Tomonlar belgilagan Markaziy organlar ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovlarga oid masalalar yuzasidan bir-birlari bilan diplomatik kanallar orqali aloqa qiladilar.
2. O‘zbekiston Respublikasi uchun Bosh prokuratura va Birlashgan Arab Amirliklari uchun Adliya vazirligi Markaziy organ hisoblanadi.
3. Tomonlardan biri o‘z Markaziy organini o‘zgartirgan taqdirda, u bunday o‘zgarishlar haqida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilishi lozim.
1. Mazkur Shartnoma maqsadlarida, ushlab berish uchun asos bo‘ladigan jinoyatlar har ikkala Tomon qonunchiligiga muvofiq, sodir etilgani uchun bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki yanada og‘irroq jazo qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan jinoyatlardir. Agar ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov shu turdagi jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish yoxud u bilan bog‘liq boshqa xildagi jazo bo‘yicha hukmni ijro etish maqsadida qidirilayotgan shaxsga nisbatan qaratilgan bo‘lsa, ushlab berish tayinlangan jazoning tugashiga kamida olti (6) oy muddat qolgan hollardagina amalga oshiriladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga ko‘ra harakat yoki harakatsizlikni har ikkala Tomon qonunchiligiga muvofiq jinoiy jazolanadigan qilmish deb topishda quyidagilar ahamiyat kasb etmaydi:
a) Tomonlar qonunchiligiga muvofiq jinoiy qilmishning ayni turdagi jinoyatlar guruhiga mansubligi yoki bir xil atama bilan nomlanganligi;
b) so‘rayotgan Tomon bayon etgan harakat yoki harakatsizliklar majmui inobatga olinishi lozimligi anglashilgan holda, Tomonlar qonunchiligiga muvofiq jinoyatni tashkil etuvchi belgilarning farq qilayotganligi.
3. Basharti ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov har ikkala Tomon qonunchiligiga binoan jazolanadigan bir nechta alohida jinoyatlarga doir bo‘lib, bunday jinoyatlarning ba’zilari mazkur moddaning 1-bandida ko‘zda tutilgan boshqa shartlarga javob bermasa, shaxsni ushlab berish uchun asos bo‘ladigan kamida bir jinoyat mavjud bo‘lgan taqdirda so‘ralayotgan Tomon ushbu boshqa jinoyatlar uchun ham ushlab berishga ruxsat berishi mumkin.
a) qidirilayotgan shaxs so‘ralayotgan Tomon fuqarosi bo‘lsa. Mazkur asosga ko‘ra ushlab berish rad qilingan taqdirda, so‘ralayotgan Tomon boshqa Tomonning so‘roviga binoan, jinoyati uchun ushlab berilishi talab qilingan shaxsga nisbatan tegishli chora ko‘rish maqsadida jinoyat ishini o‘zining vakolatli organlariga taqdim qiladi. So‘ralayotgan Tomon so‘rovga asosan so‘rayotgan Tomonga har qanday ko‘rilgan choralar va jinoyat ishi natijalari to‘g‘risida xabar beradi.
b) ushlab berish so‘ralishiga sabab bo‘layotgan qilmish siyosiy xususiyatga ega jinoyat bo‘lsa, bunda mazkur Shartnoma qoidalarini ko‘llashda quyidagi jinoyatlar siyosiy jinoyatlar sifatida e’tirof etilmaydi:
(i) O‘zbekiston Respublikasi uchun: Davlat Prezidentiga, Hukumat rahbariga yoki Parlament palatalari rahbarlari va ularning oila a’zolariga tajovuz qilish;
Birlashgan Arab Amirliklari uchun: Davlat Prezidentiga, uning o‘rinbosariga yoki Hukumat rahbariga yoxud ularning oila a’zolariga, Oliy Kengash a’zolariga yoki ularning oila a’zolariga tajovuz qilish;
(iii) har ikkala Tomon a’zo bo‘lgan xalqaro shartnomalarda belgilangan va ular uchun tomonlarga javobgarlikka tortish yoki ushlab berish majburiyati yuklangan har qanday jinoyat.
c) so‘ralayotgan Tomon ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov shaxsning irqi, dini, millati yoki siyosiy qarashlari uchun ta’qib qilish yoki jazolash maqsadida yuborilgan deb yoxud ushbu sabablarning birortasi bo‘yicha uning holati yomonlashishiga olib kelishi mumkin deb hisoblashi uchun yetarli asoslarga ega bo‘lsa;
d) ushlab berish so‘ralishiga sabab bo‘layotgan qilmish harbiy jinoyat bo‘lib, umumiy jinoyat huquqi bo‘yicha jinoyat deb hisoblanmasa;
e) ushlab berish so‘ralishiga sabab bo‘layotgan jinoyati uchun shaxs ustidan so‘ralayotgan Tomonda yakuniy sud hukmi chiqarilgan bo‘lsa;
f) so‘rayotgan Tomonning sud hukmi shaxsning ishtirokisiz sirtdan chiqarilgan bo‘lib, mahkum sud muhokamasi haqidagi tegishli xabarnomani olmagan bo‘lsa yoki o‘zini himoya qilishni ta’minlash imkoniga ega bo‘lmagan bo‘lsa hamda takroriy sud muhokamasida ishtirok etish uchun unda imkoniyat bo‘lmasa yoki bo‘lmagan bo‘lsa;
g) Tomonlardan birining qonunchiligiga muvofiq, ushlab berish uchun qidirilayotgan shaxs javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan yoki boshqa har qanday qonuniy asoslarga ko‘ra jinoiy javobgarlik va jazodan ozod etilgan bo‘lsa.
a) ushlab berish qidirilayotgan shaxsning yoshi yoki sog‘lig‘i tufayli uning uchun jiddiy oqibatlarga olib keladigan bo‘lsa;
b) ushlab berish so‘ralishiga sabab bo‘layotgan jinoyat so‘ralayotgan Tomon qonunchiligiga binoan to‘liq yoki qisman ushbu Tomon hududida sodir etilgan deb hisoblansa. Mazkur asosga ko‘ra ushlab berish rad qilingan taqdirda so‘ralayotgan Tomon, basharti boshqa Tomon buni iltimos qilsa, jinoyati uchun ushlab berilishi so‘ralayotgan shaxsga nisbatan tegishli choralar ko‘rish maqsadida jinoyat ishini o‘zining vakolatli organlariga topshirishi lozim;
c) ushlab berish so‘ralishiga sabab bo‘layotgan jinoyat ikkala Tomon hududidan tashqarida sodir etilgan bo‘lsa hamda so‘ralayotgan Tomon qonunchiligi o‘z hududidan tashqarida o‘xshash holatlarda sodir etilgan bunday jinoyatga tatbiq etilmasa;
d) ushlab berish so‘ralishiga sabab bo‘layotgan jinoyati uchun shaxsga nisbatan so‘ralayotgan Tomonda jinoyat ishi olib borilayotgan bo‘lsa;
e) ushlab berish so‘ralishiga sabab bo‘layotgan jinoyati uchun shaxsga nisbatan so‘ralayotgan Tomonning vakolatli organlari jinoiy ish ko‘zg‘atishni rad qilish yoki uni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan bo‘lsa.
Agar ushlab berish so‘ralishiga sabab bo‘layotgan jinoyat uchun so‘rayotgan Tomon qonunchiligida o‘lim jazosi belgilangan bo‘lib, so‘ralayotgan Tomon qonunchiligida bunday jazo nazarda tutilmagan bo‘lsa, so‘ralayotgan Tomon ushlab berishni rad qilishi mumkin, basharti so‘rayotgan Tomon o‘lim jazosi tayinlangan taqdirda uning ijro etilmasligini kafolatlamasa.
1. Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov yozma tarzda tuzilib, quyidagilar bilan birga taqdim qilinishi lozim:
c) ushlab berish uchun qidirilayotgan shaxsning ismi, familiyasi, otasining ismi, yoshi, jinsi, fuqaroligi, faoliyat turi, yashash yoki turar joyi va uning shaxsini aniqlashda foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday boshqa ma’lumot;
e) jinoiy qilmish va uning uchun tayinlanadigan jazoni hamda javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish muddatlarini belgilovchi qonunchilikning tegishli qoidalari matni;
f) ushlab berish uchun qidirilayotgan shaxs ko‘rinishining tavsifi va agar imkoni bo‘lsa, uning fotosurati va barmoq izlari;
g) basharti ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida yuborilayotgan bo‘lsa, so‘rayotgan Tomonning vakolatli organi tomonidan berilgan qamoqqa olishga ruxsat berish to‘g‘risidagi hujjatning tasdiqlangan nusxasi va so‘roq qilish bayonnomasining rasmiy nusxasi;
h) basharti ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov hukmni ijro etish maqsadida yuborilayotgan bo‘lsa, sud hukmi, uning qonuniy kuchga kirganligi va jazoning o‘talgan qismi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
2. Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov va unga ilova qilinadigan hujjatlar so‘rayotgan Tomonning vakolatli shaxsi tomonidan imzolangan va vakolatli organi rasmiy muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
1. So‘ralayotgan Tomon ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni o‘z qonunchiligiga muvofiq ko‘rib chiqadi va o‘z qarori haqida so‘rayotgan Tomonga zudlik bilan ma’lum qiladi.
2. Ushlab berish rad qilingan taqdirda, so‘ralayotgan Tomon rad qilish sabablari haqida so‘rayotgan Tomonni xabardor qiladi.
3. Ushlab berish qanoatlantirilgan taqdirda, Tomonlar ushlab berilayotgan shaxsni topshirish sanasi, joyi va vaqtini hamda ushbu so‘rovni bajarish bilan bog‘liq boshqa tegishli masalalarni kelishib oladilar. So‘ralayotgan Tomon ushlab berilayotgan shaxs topshirilguniga qadar hibsda saqlangan muddat to‘g‘risida so‘rayotgan Tomonni xabardor qiladi.
4. Agar so‘rayotgan Tomon ushlab berilayotgan shaxsni topshirish uchun belgilangan sanadan e’tiboran o‘ttiz (30) kun ichida qabul qilib olmasa, so‘ralayotgan Tomon mazkur shaxsni darhol ozod qilishi lozim hamda so‘rayotgan Tomonning ayni shu jinoyat uchun ushlab berish haqidagi yangi so‘rovini rad qilishi mumkin, mazkur moddaning 5-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
5. Agar Tomonlardan biri o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ushlab berilayotgan shaxsni kelishilgan muddatda topshirish yoki qabul qilish imkoniga ega bo‘lmasa, boshqa Tomon bu haqda darhol xabardor qilinishi lozim. Bunday holatda Tomonlar ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni bajarish bilan bog‘liq tegishli masalalarni yana bir bor kelishib oladilar va bundan so‘ng mazkur moddaning 4-bandi qoidalari qo‘llaniladi.
6. Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov qanoatlantirilgan taqdirda, so‘rayotgan Tomon so‘ralayotgan Tomonning iltimosiga binoan, uni ushlab berilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida xabardor qiladi. Hukm chiqarilgan taqdirda, so‘rayotgan Tomon so‘ralayotgan Tomonning iltimosiga binoan, unga qonuniy kuchga kirgan sud hukmining tasdiqlangan nusxasini taqdim etadi.
Agar so‘ralayotgan Tomon ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovda keltirilgan ma’lumot mazkur Shartnomaga binoan ushlab berishni amalga oshirish uchun yetarli emas deb hisoblasa, ushbu Tomon qo‘shimcha ma’lumotni o‘ttiz (30) kun ichida taqdim etilishini talab qilishi mumkin. Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda mazkur muddat so‘rayotgan Tomonning o‘rnatilgan tartibdagi so‘roviga binoan o‘n besh (15) kunga uzaytirilishi mumkin. So‘rayotgan Tomon ko‘rsatilgan muddatda qo‘shimcha ma’lumot taqdim qilmagan taqdirda, so‘ralayotgan Tomon ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov bekor qilindi deb hisoblaydi. Biroq, so‘rayotgan Tomon ayni shu jinoyat uchun ushlab berish to‘g‘risida yangi so‘rov yuborish huquqidan mahrum bo‘lmaydi.
Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni qabul qilganidan so‘ng, so‘ralayotgan Tomon ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov bo‘yicha qaror chiqarilguniga qadar qidirilayotgan shaxsni o‘z qonunchiligiga muvofiq qamoqqa olishi lozim.
1. Shoshilinch holatlarda so‘rayotgan Tomon ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni taqdim qilguniga qadar qidirilayotgan shaxsga nisbatan dastlabki qamoq chorasini qo‘llash yuzasidan iltimos qilishi mumkin. Bunday iltimosnoma faksimil aloqa vositasida yoki Xalqaro jinoyat politsiyasi (INTERPOL) Milliy markaziy byurosi orqali yoxud Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan kelishilgan boshqa kanallar orqali yuborilishi mumkin.
2. Iltimosnomada qidirilayotgan shaxsning tavsifi, ushlab berish so‘ralishi to‘g‘risida bayonot, shaxsni ushlab turishga ruxsat beradigan, ushbu Shartnomaning 7-moddasi 1-bandida nazarda tutilgan hujjatlardan birining mavjudligi haqida bayonot, jinoyat uchun tayinlangan yoki tayinlanishi mumkin bo‘lgan jazoning tavsifi, shu jumladan o‘talishi lozim bo‘lgan jazo muddati, ish holatlarining qisqacha bayoni hamda, agar ma’lum bo‘lsa, shaxs turgan joy haqidagi bayonot ko‘rsatiladi.
3. So‘ralayotgan Tomon bunday iltimosnomani ko‘rib chiqish natijalari haqida kechiktirmasdan so‘rayotgan Tomonni xabardor qilishi lozim.
4. Basharti qamoqqa olingan kundan e’tiboran o‘ttiz (30) kun ichida so‘ralayotgan Tomonning vakolatli organi ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni olmasa, dastlabki qamoqqa olingan shaxs ozod qilinadi. Ushbu muddat, agar u o‘tguniga qadar so‘rayotgan Tomon vakolatli organining tegishli iltimosnomasi kelib tushsa, o‘n besh (15) kunga uzaytirilishi mumkin.
5. Mazkur moddaning 4-bandida nazarda tutilgan muddatning o‘tishi, basharti so‘rov va zarur hujjatlar keyinchalik qabul qilingan bo‘lsa, qidirilayotgan shaxsni takroran qamoqqa olish va ushlab berish bo‘yicha protsessual harakatlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmaydi.
Ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov qanoatlantirilgan taqdirda, ushlab berish uchun qidirilayotgan shaxsning so‘ralayotgan Tomon hududida qamoqda saqlangan muddati so‘rayotgan Tomonda uning ustidan chiqarilgan har qanday hukmda inobatga olinadi.
Agar ikki yoki undan ortiq davlatlar bir shaxsni aynan bir yoki har xil jinoyatlar uchun ushlab berish to‘g‘risida so‘rov yuborsa, so‘ralayotgan Tomon barcha holatlarni, xususan jinoyat yoki jinoyatlarning og‘irlik darajasi, ularni sodir etish joyi, so‘rovlarning tegishli sanalari, ushlab berish uchun qidirilayotgan shaxs fuqaroligi va kelgusida boshqa davlatga ushlab berish mumkinligini inobatga olgan holda, shaxsni ushbu davlatlardan qay biriga ushlab berishni hal qiladi.
1. Mazkur Shartnoma qoidalariga muvofiq ushlab berilgan shaxs buning uchun asos bo‘lgan jinoyatidan boshqa u ushlab berilguniga qadar sodir etgan har qanday jinoyati uchun so‘rayotgan Tomon hududida jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki jazolanishi, shuningdek uchinchi Davlatga ushlab berilishi mumkin emas, quyidagi holatlar bundan mustasno:
a) so‘ralayotgan Tomon roziligining mavjudligi, bunday rozilik berish uchun so‘ralayotgan Tomon mazkur Shartnomaning 7-moddasida ko‘rsatilgan ma’lumot va hujjatlarni, shuningdek ushlab berilgan shaxs ushbu jinoyatga aloqadorligi haqidagi bayonot taqdim qilinishini so‘rashi mumkin;
b) ushlab berilgan shaxs to‘liq ozod qilinganidan so‘ng o‘ttiz (30) kun ichida so‘rayotgan Tomon hududini tark etmagan bo‘lsa. Ushbu muddatga shaxs o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra so‘rayotgan Tomon hududini tark eta olmagan vaqt kirmaydi;
c) mazkur shaxs so‘rayotgan Tomon hududini tark etganidan so‘ng ixtiyoriy ravishda unga qaytib kelgan bo‘lsa.
2. Ishni yuritish davomida qo‘yilgan ayblovga doir jinoyat tavsifi o‘zgargan taqdirda, ushlab berilgan shaxs, basharti yangi tavsifdagi jinoyat uni tashkil qiluvchi belgilarga ko‘ra mazkur Shartnomaning 3-moddasiga muvofiq ushlab berish uchun asos bo‘ladigan jinoyat bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi yoki jazolanishi mumkin.
1. Agar shaxsni ushlab berish qanoatlantirilsa, so‘ralayotgan Tomon hududida topilgan va jinoyat natijasida egallangan yoki ashyoviy dalil sifatida talab qilinishi mumkin bo‘lgan barcha mol-mulk so‘rayotgan Tomon iltimosiga ko‘ra, so‘ralayotgan Tomon qonunchiligi yo‘l qo‘ygan darajada va uchinchi tomonlar huquqlarini inobatga olgan holda, unga topshirilishi lozim.
2. Shaxsning o‘limi yoki qamoqdan qochishi natijasida uni ushlab berishni amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan taqdirda ham, qayd etilgan mol-mulk so‘rayotgan Tomon iltimosiga ko‘ra unga topshirilishi lozim.
3. Topshirilgan har qanday mol-mulk, basharti so‘ralayotgan Tomon qonunchiligi yoki uchinchi shaxslar huquqlari buni talab qilsa, so‘ralayotgan Tomonga uning iltimosiga ko‘ra bepul qaytarilishi lozim.
4. Agar qayd qilingan mol-mulk so‘ralayotgan Tomonda olib qo‘yilishi yoki musodara qilinishi lozim bo‘lsa, so‘ralayotgan Tomon bunday mol-mulkni o‘zida qoldirishi yoki vaqtinchalik so‘rayotgan Tomonga topshirishi mumkin.
Agar ushlab berilgan shaxs jinoyat ishini tergov qilish, sud muhokamasi yoki hukm ijrosining tugashidan oldin so‘rayotgan Tomonning roziligisiz so‘ralayotgan Tomon hududiga qaytib kelsa, so‘ralayotgan Tomon ushbu shaxsni so‘rayotgan Tomon so‘roviga ko‘ra takroran ushlab berishi mumkin.
1. Basharti ushlab berish uchun qidirilayotgan shaxs so‘ralayotgan Tomon hududida boshqa jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotgan yoki unga nisbatan jazo ijro etilayotgan bo‘lsa, uni ushlab berish jinoyat ishi tugagunga qadar, hukm ijro etilgunga yoki shaxs jazodan ozod qilingunga qadar kechiktirilishi mumkin. So‘ralayotgan Tomon kechiktirish haqida so‘rayotgan Tomonni xabardor qiladi.
2. Agar mazkur moddaning 1-bandida ko‘rsatilgan kechiktirish ushlab berishga asos bo‘layotgan jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketishiga sabab bo‘lsa yoki jinoyat ishini yuritishga to‘sqinlik qilsa, so‘ralayotgan Tomon o‘z qonunchiligiga binoan ushlab berish uchun qidirilayotgan shaxsni so‘rayotgan Tomonga vaqtincha topshirishi mumkin. Vaqtincha ushlab berilgan shaxs tegishli ish yurituv yakunlanganidan so‘ng so‘ralayotgan Tomonga qaytarilishi lozim.
1. Uchinchi davlatlar Tomonlarning biriga boshqa Tomon hududi orqali shaxsni ushlab berayotgan bo‘lsa, shaxs ushlab berilayotgan Tomon boshqa Tomonga uning hududidan bunday shaxsni tranzit olib o‘tishga ruxsat berish yuzasidan iltimos qilishi lozim. Mazkur qoida havo transporti orqali boshqa Tomon hududiga qo‘nmasdan o‘tish holatlariga tatbiq qilinmaydi.
2. Tegishli ma’lumotlardan iborat bo‘lgan bunday iltimosnoma qabul qilinishi bilan so‘ralayotgan Tomon uni o‘z qonunchiligiga muvofiq ko‘rib chiqadi. So‘ralayotgan Tomon, basharti bunday iltimosnoma uning muhim manfaatlariga ziyon yetkazmaydigan bo‘lsa, uni darhol qanoatlantiradi.
3. Tranzit olib o‘tayotgan davlat tranzit vaqtida shaxsni qamoqda saqlash uchun huquqiy asoslar mavjudligini ta’minlashi lozim.
4. Ko‘zda tutilmagan qo‘nish holatlarida tranzit uchun ruxsat so‘ralishini kutayotgan Tomon mazkur moddaning 1-bandiga muvofiq tranzit olib o‘tish uchun iltimosnoma kelib tushguniga qadar, kuzatuvchi xodimning iltimosiga binoan shaxsni qirq sakkiz (48) soat davomida qamoqda saqlashi mumkin.
1. Ushlab berish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlar qaysi bir Tomonning hududida vujudga kelgan bo‘lsa, shu Tomon tarafidan qoplanadi.
2. Ushlab berilayotgan shaxsni topshirish yoki qabul qilish bilan bog‘liq transport va tranzit xarajatlari so‘rayotgan Tomon tarafidan qoplanadi.
3. Yuqoridagi xarajatlar ko‘zda tutilmagan xususiyatga ega bo‘lgan taqdirda, Tomonlar ularni qoplash bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvlar o‘tkazadilar.
Ushbu Shartnomaga muvofiq taqdim qilingan hujjatlar so‘rayotgan Tomonning rasmiy tilida tuzilib, so‘ralayotgan Tomon rasmiy tilidagi yoxud ingliz tilidagi tarjimasi bilan birga taqdim qilinadi.
Ushbu Shartnomani talqin qilish va qo‘llashda yuzaga keladigan barcha nizolar bo‘yicha Tomonlarning Markaziy organlari o‘zaro kelishuvga erishishmasa, ular diplomatik kanallar orqali maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qilinadi.
Ushbu Shartnoma Tomonlar ishtirokchi bo‘lgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
Ushbu Shartnoma tegishli harakat yoki harakatsizlik uning kuchga kirish sanasiga qadar sodir etilgan bo‘lsa ham, u qonuniy kuchga kirganidan so‘ng yuborilgan so‘rovlarga nisbatan qo‘llaniladi.
2. Ushbu Shartnoma ratifikatsiya yorliqlari almashingan sanadan so‘ng o‘ttizinchi (30) kunda kuchga kiradi.
3. Ushbu Shartnoma Tomonlarning o‘zaro kelishuviga asosan o‘zgartirilishi mumkin, bunday holatlarda mazkur modda qoidalari qo‘llaniladi.
4. Har bir Tomon istalgan vaqtda diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish bilan Shartnomaning amal qilishini tugatishi mumkin. Shartnomaning amal qilishi bunday xabarnoma berilgan sanadan boshlab olti (6) oydan so‘ng tugaydi. Biroq xabarnoma berilishidan oldin boshlangan protsessual harakatlar ular yakunlanguniga qadar ushbu Shartnoma bilan tartibga solinishda davom etadi.
Tegishli tartibda o‘z davlatlari tomonidan vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib, ushbu Shartnomani imzoladilar.