“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarda advokatlarning majburiy ishtirokini ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasining 2016-yil 13-yanvardagi 1, 4, 2-qq, 1, 2016-02, 01-02/20-1-sonli qaroriga ILOVA
Mazkur Nizom “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshirishlarda advokatlarning majburiy ishtirokini ta’minlash tartibini belgilaydi.
1. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasiga muvofiq qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tekshirishlar ularni o‘tkazishning barcha bosqichlarida tadbirkorlik subyektlarining vakolatli vakillari tomonidan jalb etilgan advokatlar albatta ishtirok etgan holda (tadbirkorlik subyektlari tomonidan ushbu huquqning rad etilishi hollari bundan mustasno) amalga oshiriladi.
2. Tekshirish boshlanishidan oldin, tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan tadbirkorlik subyektining vakolatli vakiliga uning tekshirishda ishtirok etish uchun advokatni jalb etish yoki uning ishtirokini rad etish huquqi yozma shaklda tushuntiriladi, bu haqda bayonnoma tuziladi. Bunda advokat xizmatlaridan foydalanish huquqining rad etilishi tadbirkorlik subyekti tomonidan advokatni tekshirishning keyingi bosqichlariga jalb etish uchun monelik qilmaydi.
3. Agar tadbirkorlik subyekti tomonidan advokatni jalb etish istagi bildirilgan bo‘lsa, tekshirishni boshlash advokat yetib kelgunga qadar yigirma to‘rt soatga to‘xtatib turiladi. Advokat yigirma to‘rt soat o‘tgandan keyin tadbirkorlik subyektini himoya qilishga kirishmagan taqdirda, tekshirish uning ishtirokisiz boshlanadi.
Tadbirkorlik subyekti jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida ishga jalb etilgan taqdirda, uni advokat bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi asosida amalga oshiriladi.
4. Surishtiruv va tergov organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish uchun qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining mavjudligi asos bo‘ladi. Bunda tekshirish tadbirkorlik subyektining faqat qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq faoliyatini qamrab olishi mumkin bo‘lib, bu haqda tekshirishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlar, o‘tkazilishidan oldin, tadbirkorlik subyektining vakolatli vakiliga tekshirishni tayinlash to‘g‘risidagi qaror taqdim qilinadi va uning nusxasi unga imzosi qo‘yilgan holda topshiriladi.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy xavsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasining 2017-yil 8-iyundagi 4, 68, 13-QQ, 22, 2017-28, 01-02/4-23-sonli qarori (ro‘yxat raqami 2757-1, 08.06.2017-y.) tahririda — O‘R QHT,2017-y., 23-son, 485-modda)
5. Tekshirishni tayinlash to‘g‘risidagi qaror jinoyat ishi yurituvi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan imzolangan va surishtiruv yoki tergov organining gerbli muhri qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
6. Tadbirkorlik subyektining vakolatli vakili tekshirishni tayinlash to‘g‘risidagi qaror bilan tanishtirilgandan so‘ng, unga advokat jalb etish huquqi tushuntiriladi, bu haqda bayonnoma tuziladi.
tadbirkorlik subyektining faoliyatini tekshirish kim tomonidan, qaysi jinoyat ishi yuzasidan, qachon va qanday hujjat asosida tayinlanganligi;
tadbirkorlik subyektining vakolatli vakilining familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, shuningdek vakilning shaxsini va vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
tadbirkorlik subyektining vakolatli vakiliga tekshirishda ishtirok etish uchun advokatni jalb etish huquqi tushuntirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
jalb etilgan advokatning familiyasi, ismi, otasining ismi, advokatlik tuzilmasining nomi va ishni olib borishga order rekvizitlari;
tadbirkorlik subyektining vakolatli vakilining tekshirishda ishtirok etish uchun advokat jalb etish yoki uning ishtirokini rad etish masalasi bo‘yicha fikri.
7. Bayonnoma uch nusxada tuzilib, jalb etilgan mansabdor shaxslar, tadbirkorlik subyektining vakolatli vakili va advokat tomonidan imzolanadi. Bayonnomaning birinchi nusxasi jinoyat ishiga qo‘shiladi, ikkinchi va uchinchi nusxalari tadbirkorlik subyektining vakolatli vakili hamda advokatga taqdim etiladi.
8. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishda ushbu subyektning biror-bir xodimining advokati jinoyat ishida ishtirok etayotganligidan qat’i nazar, tekshirishda ishtirok etish uchun advokatni jalb etish huquqi ta’minlanishi lozim.
9. Advokat muayyan ish bo‘yicha yuridik yordam ko‘rsatayotgan yoki ilgari yuridik yordam ko‘rsatgan shaxslarning manfaatlari ishni olib borishni so‘rab murojaat etgan tadbirkorlik subyektining manfaatlariga zid kelgan yoki u sudya, prokuror, tergovchi, surishtiruv o‘tkazuvchi shaxs, jamoat ayblovchisi, sud majlisi kotibi, ekspert, mutaxassis, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili, guvoh, xolis, tarjimon sifatida ishtirok etgan hollarda, shuningdek agar ishni dastlabki tergov qilishda yoxud sudda advokatning qarindoshi bo‘lgan mansabdor shaxs ishtirok etgan yoki ishtirok etayotgan bo‘lsa, xuddi shuningdek agar advokat bevosita yoki bilvosita shu ishdan shaxsan manfaatdor bo‘lsa bu hol unga tadbirkorlik subyektining manfaatlariga zid kelsa, yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi topshiriqni qabul qilishga haqli emas.
10. Tekshirish davomida tadbirkorlik subyektining vakolatli vakili yoki advokat, shuningdek tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar, shuningdek tegishli organlarga tekshirish yuzasidan takliflar va iltimosnomalar kiritishlari, fikr va e’tirozlar bildirishlari va qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etishlari mumkin. Mazkur hujjatlar jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
11. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan jalb etilgan advokatlarga yuridik yordam ko‘rsatganligi uchun haq to‘lash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
12. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(12-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)