LexUZ sharhi
Mazkur Shartnoma O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 23-dekabrdagi O‘RQ-358-sonli “O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2013-yil 9-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonuni bilan ratifikatsiya qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi, keyingi o‘rinlarda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning tarixiy an’analariga va o‘rnatilgan strategik sherikchilik munosabatlariga tayangan holda,
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni chuqurlashtirish va strategik sherikchilik munosabatlarining huquqiy asoslarini mustahkamlash ikki davlat va ularning xalqlari tub manfaatlariga javob berishini, ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishining hozirgi bosqichi haqiqiy ehtiyojlariga mos kelishini, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashishini anglagan holda,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining maqsad va prinsiplariga hamda xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan normalariga sodiq ekanliklarini yana bir bor tasdiqlab,
o‘zbek-xitoy strategik sherikchilik munosabatlarining uzoq muddatli va izchil rivojlanishini davom ettirishga hamda barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlik darajasini yuqori ko‘tarishga intilgan holda,
ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga va avloddan avlodga yetkazishga qat’iy qaror qilib,
Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq, suverenitet va hududiy yaxlitlikni o‘zaro hurmat qilish, bir-birlariga hujum qilmaslik, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, tenglik va o‘zaro manfaatdorlik, tinch-totuv yashash prinsiplariga tayangan holda, strategik sherikchilikning uzoq muddatli va barqaror munosabatlarini har tomonlama rivojlantiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zaro munosabatlarida kuch ishlatmaslik yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik, BMT Nizomi qoidalariga va xalqaro huquqning boshqa umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiq, o‘zaro nizolarni faqatgina tinchlik vositalari bilan hal etish, biror vaj bilan suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik majburiyatlarini o‘z zimmalariga oladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar strategik hamkorlik va o‘zaro ishonchni har tomonlama mustahkamlaydilar, ulardan har birining ichki sharoitlariga muvofiq tanlagan taraqqiyot yo‘llari va modellarini qo‘llab-quvvatlaydilar, tub manfaatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha bir-birlarining pozitsiyalarini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadilar, bir-birlari tomonidan amalga oshirilayotgan o‘rta va uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga putur yetkazadigan har qanday ittifoq yoki bloklarda ishtirok etmaydilar, biror bir xatti-harakatni amalga oshirmaydilar, shu jumladan bu borada uchinchi davlatlar bilan shartnomalar tuzmaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining davlat suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga putur yetkazadigan har qanday faoliyat bilan shug‘ullanmaydilar hamda bu borada o‘z hududlaridan har qanday uchinchi davlatlarning foydalanishiga yo‘l qo‘ymaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri o‘z hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga putur yetkazadigan muassasa (tuzilma), tashkilot va guruhlar tuzilishiga va ularning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaydi.
O‘zbek tomoni “bitta Xitoy” siyosati olib borilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati butun Xitoyni ifodalovchi yagona qonuniy hukumat hisoblanadi, Tayvan Xitoy hududining ajralmas qismidir.
O‘zbek tomoni Tayvan bilan har qanday shaklda rasmiy munosabatlar o‘rnatmasligini ta’kidlaydi, har qanday shakldagi “Tayvan mustaqilligi”ga qarshi chiqadi, a’zoligi faqat suveren davlatlar bilan cheklangan har qanday xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarga Tayvanning qo‘shilishiga qarshi chiqadi, Tayvan bo‘g‘ozining ikki sohili o‘rtasidagi munosabatlarning tinch rivojlanishini va Xitoyning tinchlik yo‘li bilan birlashishini, shuningdek mamlakatni birlashtirish uchun Xitoy Hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ahdlashuvchi Tomonlar barcha darajadagi uchrashuvlar, shu jumladan yuqori darajadagi tashriflar mexanizmlaridan foydalanib, o‘zaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlar hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha muntazam fikr almashgan va pozitsiyalarni muvofiqlashtirgan holda, ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazishga katta ahamiyat beradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zaro xavfsizlik manfaatlariga yoki ulardan birining xavfsizlik manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyat yuzaga kelganda, bunday vaziyatni bartaraf etish bo‘yicha pozitsiyalarni kelishib olish va muayyan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun tegishli maslahatlashuvlar mexanizmini ishga solishlari mumkin.
Ahdlashuvchi Tomonlar milliy qonunchilik, ikki tomonlama bitimlar va ular ishtirokchisi hisoblangan xalqaro ko‘p tomonlama shartnomalarga muvofiq, o‘zaro manfaat va umumiy foyda asosida, Hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-xitoy hukumatlararo qo‘mitasi va uning kichik qo‘mitalarining rejalashtiruvchi, muvofiqlashtiruvchi va yo‘naltiruvchi rolidan to‘liq foydalanib, barcha sohalarda o‘rta va uzoq muddatli hamkorlik rejalarini ishlab chiqadilar, ikki tomonlama amaliy hamkorlikni har taraflama va barqaror rivojlantiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zaro manfaatdorlik asosida savdo-iqtisodiy, moliyaviy va investitsiyaviy hamkorlikni, ayniqsa xomashyo bilan bog‘liq bo‘lmagan va texnologik sektorlarda, ilmiy-texnikaviy, energetika, transport sohalarida, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, gumanitar va boshqa o‘zaro manfaatli sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshiradilar hamda Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining milliy qonunchiligiga muvofiq qulay sharoitlar yaratadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar neft, gaz va uran konlarini qidirish va qazish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, shuningdek qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalarini hamda energiyani tejash texnologiyalarini rivojlantirish va joriy qilishga ko‘maklashadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar O‘zbekistonda infratuzilma qurilishi va boshqa ijtimoiy muhim loyihalarni amalga oshirishda moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadida hamkorlik qiladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar Xitoy korxonalarining O‘zbekistonga investitsiyalar kiritishini kengaytirish masalalarini o‘rganadilar. Ahdlashuvchi Tomonlar ikki tomonlama investitsiyalar ko‘lamining kengayishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ikki mamlakat korxonalarining o‘zaro investitsiyalar kiritishi uchun qulay sharoitlar yaratadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar 2001-yil 15-iyundagi Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida Shanxay konvensiyasi va 2003-yil 4-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim qoidalari asosida, shuningdek Hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-xitoy hukumatlararo qo‘mitasining Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitasidan va boshqa mavjud mexanizmlardan to‘liq ravishda foydalangan holda, barcha shakllardagi terrorizm, separatizm va ekstremizm kuchlariga, shu jumladan “Sharqiy Turkiston” va “Xizb-ut-Taxrir” terrorchilik kuchlariga qarshi birgalikda oldini olish bo‘yicha samarali zaruriy choralar ko‘radilar, hamkorlikdagi kurashni kuchaytiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar huquqni muhofaza qiluvchi hamda mudofaa va xavfsizlik tuzilmalarining ikki tomonlama hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshiradilar, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning tegishli mexanizmlarini uzluksiz takomillashtiradilar, barcha darajadagi almashinuvlarni, shu jumladan tezkor ma’lumot almashinuvini kengaytiradilar, kadrlar tayyorlash, qurol-aslaha va texnika sohalarida, yirik xalqaro tadbirlar, shuningdek o‘z hududlaridagi ikki tomonlama gaz quvurlari va boshqa yirik neft-gaz obyektlari xavfsizligini ta’minlash sohalarida hamkorlikni rag‘batlantiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar umumiy manfaatlariga va ularning har birining haqiqiy ehtiyojlariga tayangan holda, uchinchi tomonlarga qarshi qaratilmagan harbiy va harbiy-texnikaviy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytiradilar va ishonchni mustahkamlaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, sport va boshqa o‘zaro manfaatli sohalarda almashinuv va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshiradilar, ommaviy axborot vositalari, ilmiy va o‘quv muassasalari, badiiy jamoalar o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlaydilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha ikki tomonlama va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zlarining xalqaro ko‘p tomonlama va ikki tomonlama shartnomalari hamda milliy qonunchiligiga muvofiq bir Ahdlashuvchi Tomon yuridik va jismoniy shaxslarining qonuniy huquq va manfaatlarini boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida kafolatlovchi samarali chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni asrash hamda mustahkamlash, mintaqani tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish, ravnaq topish va uyg‘unlik hududiga aylantirish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarini amalga oshiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar Markaziy Osiyo suv resurslarini o‘zlashtirish va ulardan foydalanish masalalarini mintaqadagi barcha davlatlar manfaatlaridan kelib chiqqan holda, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal etish lozimligini bayon qiladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama formatlar doirasida hamkorlik va aloqalarni mustahkamlaydilar, xalqaro maydonda hamkorlik bo‘yicha bir-birlarining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydilar, global va mintaqaviy darajada tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ilgari surish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarini amalga oshiradilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar Shanxay hamkorlik tashkilotining boshqa a’zo davlatlari bilan birgalikda tashkilot doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishga har tomonlama ko‘maklashadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Shartnoma qoidalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan munozara va kelishmovchiliklarni do‘stona muzokaralar va maslahatlashuvlar yo‘li bilan hal qiladilar.
Mazkur Shartnoma Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirokchisi bo‘lgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi hamda biror bir uchinchi davlatga qarshi qaratilmagan.
Ahdlashuvchi Tomonlar mazkur Shartnoma doirasida o‘zaro manfaatli bo‘lgan muayyan sohalarda ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi yangi hujjatlar tuzishda faol hamkorlik qiladilar.
Mazkur Shartnoma ratifikatsiya qilinishi lozim hamda ratifikatsiya yorliqlari almashingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma 10 yil davomida amal qiladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri Shartnoma amal qilishining tegishli muddati tugashidan kamida bir yil oldin boshqa Ahdlashuvchi Tomonni Shartnomaning amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilmasa, mazkur Shartnomaning amal qilishi o‘z-o‘zidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Ahdlashuvchi Tomonlar o‘zaro kelishuv asosida mazkur Shartnomaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishlari mumkin. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va mazkur Shartnomaning ajralmas qismi hisoblanadi hamda ushbu moddada o‘rnatilgan tartibda kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma kuchga kirgan sanadan boshlab 2005-yil 25-maydagi O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikning sherikchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnoma o‘z kuchini yo‘qotadi.
Toshkent shahrida 2013-yil 9-sentabrda, har biri o‘zbek, xitoy va rus tillarida bo‘lgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Ahdlashuvchi Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.