O‘zbekiston Respublikasining “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-yil, 40-son, 432-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-martdagi 96-sonli qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 9-son, 105-modda) bilan tasdiqlangan Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi Nizomiga asosan buyuraman:
1. Energetika obyektlarida olovli ishlarni o‘tkazishda yong‘in xavfsizligi choralari haqidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-yil, 40-son, 432-modda) asosan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 29-apreldagi 210-sonli “Sobiq SSR Ittifoqi qonun osti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga, hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiluvchi normativ hujjatlarga muvofiq energetika obyektlarida olovli ishlarni o‘tkazishda yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
vaqtinchalik ish joyi — sharoiti bo‘yicha detallarni doimiy olovli ish joylariga olib chiqish imkoniyati bo‘lmaganda, xonalarda va uskunalarda bevosita ish joylarida tashkil qilinadigan ish joyi;
vaqtinchalik olovli ishlar — bunday ishlarga ta’mirlash va avariya-tiklash ishlarida, xonalarda, uskunalarda va boshqa inshootlarda, agar sharoiti bo‘yicha ularni doimiy olovli ishlar bajariladigan ish joyga olib chiqish imkoniyati bo‘lmaganda, qisqa muddatda o‘tkaziladigan ishlar kiradi.
doimiy ish joyi — sexlarda, ustaxonalarda va ochiq maydonchalarda maxsus ajratilgan va jihozlangan joylarda tashkil qilinadigan ish joyi ;
yong‘in — odamlarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek atrof tabiiy muhitga zarar yetkazadigan, nazorat qilib bo‘lmaydigan yonish;
yong‘in xavfsizligi — odamlarning, yuridik shaxslar va jismoniy shaxslar mol-mulkining, shuningdek atrof tabiiy muhitning yong‘inlardan himoyalanganligi, holati;
yong‘in-texnik mahsuloti — yong‘in xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan maxsus texnik va intellektual mahsulotlar, shu jumladan yong‘inni o‘chirish texnikasi va asbob-uskunalari, yong‘inni o‘chirish aslaha-anjomlari, olovni o‘chirish va olovdan himoya qilish moddalari hamda materiallari, maxsus aloqa va boshqarish vositalari, elektron hujjatlar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturiy mahsulotlar va ma’lumotlar bazalari, shuningdek yong‘inlarning oldini olish hamda ularni o‘chirishning boshqa vositalari;
olovli ishlar — barcha turdagi elektr payvandlash, gaz bilan payvandlash, benzo-kerosinli va kavsharlash, bitum va saqichni eritish, shuningdek ochiq olovni qo‘llaydigan boshqa ishlar yoki materiallar va konstruksiyalarning detallarini alanga olish haroratigacha qizdirish ishlari.
2. Mazkur Yo‘riqnomaning talablari “O‘zbekenergo” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi. hamda mustaqil xo‘jalik yurituvchi ishlab turgan issiqlik, gidroelektrostansiyalar va elektr va issiqlik tarmoqlari korxonalarining omborxonalar, ishlab chiqarish, va boshqa xonalarida elektr payvandlash, gaz bilan payvandlash, kavsharlash va boshqa ochiq olovli ishlarni o‘tkazishda bajarilishi shart.
3. Yo‘riqnoma “Energetika korxonalari uchun yong‘in xavfsizligi qoidalari” (ro‘yxat raqami 1341, 2004-yil 22-aprel) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-yil, 16-son, 194-modda) (bundan keyin — YoHQ) asosida O‘zbekiston Respublikasi energetika xo‘jaliklarida ishlab chiqarish xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
4. Ishlash vaqtida ishdan chiqqan asboblar: elektr ushlagich, kesgich, goryelka, ventil va shunga o‘xshashlar olovli ishlar o‘tkazilayotgan joylarda emas, balki maxsus ustaxonalarda ta’mirlanishi lozim.
alohida xonani ajratish yoki sexning yoki boshqa xonalarning ishlab chiqarish maydonlarini balandligi 1,8 m dan kam bo‘lmagan yonmaydigan to‘siqlar bilan to‘sib qo‘yish;
payvandlash apparaturasini: elektr payvandlash transformatorini; elektr ta’minoti kirish shchitini; sutkalik sarflanadigan gaz ballonlarini o‘rnatish uchun rampalar yoki boshqa qurilmalarni; asboblar uchun metall shkaf yoki stellajlarni; yong‘in-texnik mahsulotlarini va boshqalarni o‘rnatish;
alohida xonalarda (zarur bo‘lganda to‘sib olingan uchastkada ham) havoni almashtirish ventilatsiyasini, jumladan mahalliy so‘rib oluvchi ventilatsiyani o‘rnatish;
6. Doimiy ravishda olovli ishlarni o‘tkazish uchun ajratilgan xonada yoki uchastkada quyidagilar bo‘lishi shart:
yong‘in-texnik mahsulotlar, shu jumladan kamida ikkita karbonat kislotli o‘to‘chirgich, shulardan biri kukunli, asbestli mato yoki namat va suvli sig‘im (chelak);
Doimiy ish joylarini obyektdagi mavjud yong‘inga qarshi suv quvuri kranining yaqinida jihozlash tavsiya etiladi.
7. Olovli ishlar bajariladigan ish joylarida gazli ballonlarni doimiy saqlanishini tashkil etishga ruxsat berilmaydi.
8. Xonalarda o‘rnatiladigan gazli ballonlar quyosh nurlari va boshqa issiqlik manbalari ta’siridan himoyalangan bo‘lishi shart.
Xonalarda ishlarni bajarishda o‘rnatiladigan ballonlar yo‘llardan chetda, isitish asboblaridan kamida 1 m va ochiq olov manbalaridan (goryelka, payvandlash lampasi va shunga o‘xshashlardan) kamida 5 m masofada joylashtirilishi kerak.
9. Zaxira va bo‘sh ballonlar binolarga taqab solingan yonmaydigan shamollatiladigan binolarning yoniga qurilgan imoratlarda yoki quyosh nurlaridan himoyalangan maxsus shiyponlarda saqlanishi shart.
10. Doimiy ravishda olovli ishlar o‘tkaziladigan joylarda payvandlash ishlarini olib borish uchun sinmaydigan sig‘imlarda va metall shkaflarda yonuvchan suyuqlikning zarur bo‘lgan sutkalik zaxirasini saqlashga ruxsat etiladi.
Kislorod ballonlari va yonuvchan gaz ballonlari turgan xonalarda karbid, kalsiy, bo‘yoqlar, moylar va yog‘larni ular bilan birga saqlash man etiladi.
11. Olovli ishlar doimiy o‘tkaziladigan o‘nta postdan ortiq (payvandlash ustaxonalari) joylarni tashkil etishda payvandlash uchun markaziy elektr ta’minoti va gaz ta’minoti o‘rnatilishi shart.
Chetga sachramasligi va uchqunlar uchishining oldini olish uchun har bir post yonmaydigan materiallardan tayyorlangan doimiy yoki ko‘chma to‘siqlar bilan ajratilishi shart.
12. Payvandlash ustaxonasiga gaz berish uchun kislorodli va atsetilenli ballonlar alohida, bir-biridan izolatsiya qilingan, tashqariga alohida chiqishga ega bo‘lgan xonalarda o‘rnatilishi shart. Bu xonalardagi payvandlash ustaxonasiga qaragan devorga yong‘inga qarshi ishlov berilgan bo‘lishi shart.
13. Payvandlash ustaxonasida avtomatik payvandlash qurilmalari o‘rnatilganda, barcha tomonlardagi o‘tish yo‘llari 2 m dan kam bo‘lmasligi shart.
14. Ish tamom bo‘lgandan keyin yoki tanaffus vaqtida doimiy ish joylaridagi apparatura o‘chirilishi, shlanglar esa uzilishi va yonuvchan suyuqliklar va gazlardan bo‘shatilishi shart.
15. Gazli ballonlarni olovli ishlarni bajarish uchun kabel inshootlarida, shuningdek portlash xavfi bo‘lgan xonalarda (elektroliz xonasi, gaz taqsimlash punktlari, akkumulyator xonalari va shunga o‘xshashlar) o‘rnatish man qilinadi
16. Atsetilen generatorlar qo‘llanilganda, ularni ekspluatatsiya qilish “Olovli ishlarni olib borishda yong‘in xavfsizligi qoidalari”ning talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Ishdagi tanaffus 10 min dan ortiq bo‘lganda, shuningdek ish smenasi oxirida apparatura o‘chirilishi shart, payvandlash agregati elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilishi, shlanglar uzilishi va yonuvchan suyuqlik va gazlardan bo‘shatilishi, kavsharlash lampasidagi bosim butunlay kamaytirilishi shart. Naryad bo‘yicha olovli ishlar tugagandan keyin barcha apparatura va uskunalar yig‘ishtirib qo‘yilishi shart.
18. Olovli ishlar tugagandan so‘ng ish joyi, ayniqsa agar teshiklar yoki o‘yiqlar bo‘lsa yoki ishlar balandlikda, shuningdek katta miqdorda yonuvchan materiallar bor bo‘lgan xonalarda bajarilgan bo‘lsa (omborlar, yonilg‘ini uzatish berish, kabel inshootlari va shunga o‘xshashlar), diqqat bilan ko‘rib chiqilishi shart.
19. Barcha olovli ishlar faqat ish joylari va apparatura (payvandlash agregatlari, shlanglar, kavsharlash lampalari va shunga o‘xshashlar) diqqat bilan tayyorlangandan keyin, shuningdek qurilmalar, sig‘imlar va quvurlar yengil alangalanadigan va yonuvchan suyuqliklardan, turli moddalarning bug‘i va changlaridan, shuningdek 5 metrdan kam bo‘lmagan radiusda yonuvchan materiallardan tozalangandan keyin o‘tkazilishi shart.
20. Engil alangalanuvchi va yonuvchan materiallar, suyuqliklar va gazlar solingan sig‘imlarning (sisternalar, baklar, resiverlar va shunga o‘xshashlar) ustida yoki ularning ichida va quvurlarda olovli ishlarni bajarishdan oldin, ular barcha kommunikatsiyalardan uzib (o‘chirib) qo‘yilishi va quyidagi tadbirlar bajarilishi shart:
eng yaqin joylashgan surilma qopqoqlar yoki shiberlarni yopish, qulflab berkitish va plakatlarni osish;
barcha lyuklar va tuynuklarni ochish. Zarur bo‘lgan hollarda vaqtinchalik mahalliy ventilatsiyani (ayniqsa sig‘imlarda) o‘rnatish ko‘zda tutilishi shart.
5 metrdan yaqinda, shuningdek yangi bo‘yalgan konstruksiyalarda va boshqa buyumlarda bo‘yoq butunlay qurugunga qadar ishlarni olib borish;
payvandlangan simlarni umumiy oqimlarda o‘tkazish yoki kabel trassalarini, shuningdek yonuvchan gaz va suyuqliklar bor bo‘lgan quvurlarni kesib o‘tish. Kabel trassalarini yoki ko‘rsatilgan quvurlarni kesib o‘tish zarur bo‘lganda, payvandlangan simlarning izolatsiyasi kuchaytirilishi va ular izolatsiya qilingan materialda o‘tkazilishi shart;
yonuvchan hamda zaharli moddalar bilan, shuningdek bosim ostidagi yonmaydigan, suyuqlik va gazlar, bug‘lar va havo bilan to‘ldirilgan apparatlarni va quvurlarni (gaz quvurlaridan tashqari), shu jumladan kuchlanish ostidagi elektr uskunalarni payvandlash, kesish, kavsharlash yoki qizdirish;
maxsus kiyim va poyafzalsiz, shuningdek himoya ko‘zoynaklarisiz (yoki himoya niqobisiz) elektr va gaz bilan payvandlash ishlarini bajarishga kirishish.
22. Yonuvchan suyuqlikni to‘kish estakadalaridan 5 m dan yaqin masofada bajariladigan olovli ishlar, yong‘in-texnik mahsulotlarini tayyorlanishi, zarur bo‘lgan yong‘inga qarshi va texnik tadbirlarni bajarilishi, hamda tegishli ijozat rasmiylashtirilishidan keyin olib borilishi shart. Ishlash zonasida to‘kish estakadasi suyuqlik, yonuvchan material qoldiqlardan tozalangan va uchqun uchishiga qarshi choralar ko‘rilgan bo‘lishi shart.
23. Engil alangalanuvchi va yonuvchan suyuqlik (masalan, mazutli rezervuarlarda) saqlanadigan sig‘imlardan 10 m yaqinida yoki bevosita sig‘imlarni o‘zida payvandlash va boshqa olovli ishlarni bajarishga, ishlash uchun ijozat rasmiylashtirilishi; yong‘inga qarshi tadbirlar bajarilishi; ishlash zonasida yo‘l qo‘yilishiga ruxsat etilgan konsentratsiyani aniqlash uchun havo muhiti tahlil qilinishi; texnologik qurilmalarning lyuklari va boshqa teshiklari uchqun tushishi va suyuqlik bug‘laridan (ko‘rsatilgan masofa chegarasida) himoyalanishidan keyin ruxsat beriladi.
24. Elektr stansiyalarning yonilg‘i uzatish traktlarida ishlashga ijozat berish va olovli ishlar, uskunalar to‘xtatilishi, yong‘in-texnik mahsulotlarini tayyorlanishi, qurilish konstruksiyalari, uskunalar, pol yonilg‘i kukuni va changidan tozalanishidan keyin amalga oshiriladi. Barcha teshik va tuynuklar berkitilgan bo‘lishi, shuningdek qiya galereya, konveyer tasmasi bo‘ylab va pastdagi belgilarda uchqunning har tomonga uchishiga qarshi choralar ko‘rilgan bo‘lishi shart.
Payvandlashdan oldin va keyin radius bo‘ylab 10 m dan kam bo‘lmagan ish zonasi (qurilish konstruksiyalari, pol va namdan himoyalangan uskunalar ham) katta miqdordagi suv bilan yuvilishi shart.
25. Elektr payvandlash simlarining (kabellari) kesimlari va izolatsiyasi tok va kuchlanishning maksimal kattaligiga mos ravishda qo‘llanishi kerak.
Bikir bo‘lgan keluvchi elektr simlaridan foydalanilganda, ushlagichga ulanish uzunligi 3 m dan kam bo‘lmagan egiluvchan shlangli sim orqali amalga oshiriladi.
26. Kesimi maksimal payvandlash tokiga to‘g‘ri kelishi sharti bilan, po‘lat tasmalar, payvandlash plitalari, payvandlash konstruksiyasining o‘zi qaytuvchi sim sifatida xizmat qilishi mumkin.
Bu shartni bajarish mumkin bo‘lmaganda — payvandlash bir xil kesimli va izolatsiyali ikkita simlarni (keluvchi va qaytuvchi) qo‘llab amalga oshirilishi shart.
Qaytuvchi sim sifatida ichki temir yo‘llari, nollash tarmog‘i, texnologik qurilmalar va quvurlardan foydalanish man qilinadi.
27. Payvandlash agregatlarining alohida qismlarini (transformatorlar, podshipniklar, chetkalar, ikkilamchi zanjir kontaktlari va shunga o‘xshashlar) qizish harorati 75 °S dan oshmasligi shart. Yuqori harorat aniqlanganda, agregat darhol to‘xtatilishi (o‘chirilishi) shart va qizish sabablari aniqlanadi.
Payvandlash agregatlari (transformatorlar) noto‘g‘ri ekspluatatsiya qilinganda, ularning o‘zlari yong‘inga sabab bo‘lishlari mumkin.
28. Elektr stansiyalarning yonilg‘i uzatish traktlarida payvandlash agregatlarini (transformatorlarni) ochiq holda o‘rnatish man qilinadi. Ta’mirlash ishlari olib borilayotganda payvandlash agregatlarini (transformatorlarni) yonmaydigan, zich berkitiladigan shkaflarda o‘rnatishga ruxsat beriladi.
Mo‘ljallangan ishlar tamom bo‘lishi bilan payvandlash apparatlari doimiy saqlash joylariga olib chiqiladi.
29. Payvandlash agregatlarini (transformatorlar) zaminlash kesimi 6 mm2 dan kam bo‘lmagan sim yordamida bajarilishi shart.
30. Yonuvchan suyuqlikni qo‘llab kavsharlash va boshqa olovli ishlar olib borilganda, yonilg‘ining faqat sutkalik zaxirasini yopiq va sinmaydigan idishlarda, ish joyidan 10 m dan kam bo‘lmagan masofada saqlashga ruxsat beriladi.
Kavsharlash lampalariga, yonuvchan materiallar va qurilish konstruksiyalaridan 3 m dan kam bo‘lmagan masofada, yonuvchan suyuqlikni quyishda xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda, shuningdek ishchi bochkalarning nominal bosimida yonilg‘i quyish va olov yoqish mumkin.
31. Har bir kavsharlash lampasi va suyuq yonilg‘i bilan olovli ishlar olib boriladigan boshqa apparatlar tartib raqamiga va pasportga ega bo‘lishi, har yili texnik shartlarga muvofiq bosim ostida sinovlardan o‘tkazilishi shart.
32. Suyuq yonilg‘ida ishlaydigan apparatlar portlab ketishiining oldini olish uchun quyidagilar man qilinadi:
kichkina baklarda va keltiruvchi shlanglarda bosimni ko‘paytirish va ruxsat etilgan qiymatdan yuqori bosimda ishlash;
apparatlar ishlab turganda yoki sovumagan goryelkada yonilg‘i to‘ldirish yoki mayda ta’mirlash operatsiyalarini bajarish;
ochiq olov yonida apparaturaga yonilg‘i to‘ldirish, ta’mirlash va tozalash yoki chekishga ruxsat berish.
Atsetilendan foydalanib metallni gaz alangasi bilan qayta ishlashda “Atsetilen, kislorod ishlab chiqarishda, metallni changlatish va gaz alangasi bilan qayta ishlash jarayonida mehnat muhofazasi bo‘yicha tarmoqlararo qoidalar” talablariga rioya qilish zarur.
34. Gaz ballonlari, shuningdek yonuvchan suyuqlik solingan apparatlar isitish asboblaridan, hamda issiqlikni tarqatish manbai va ochiq olovli o‘choqlardan 5 m dan yaqin bo‘lmagan masofada o‘rnatilishi shart.
35. Gaz ballonlarini uzoq masofaga tashish va saqlash uchun faqat ularning bo‘yniga saqlash qopqoqlari burab kirgazilishi sharti bilan ruxsat beriladi.
Ballonlar payvandlash joylariga maxsus aravachalar, zambillar, chanalar va boshqa qurilmalarda olib kelinadi.
36. Ballonlarga, ularni shikastlanishga olib keladigan zarbalar berish va mexanik ta’sir ko‘rsatish man qilinadi.
37. Bitumni isitish uchun qurilma (qozonlar) maxsus jihozlangan maydonchalarda, yonuvchan materiallar, binolar va inshootlardan kamida 50 m masofada chetda o‘rnatilishi kerak.
39. Bitumli qozonlar ishlaganda uning atrofida kamida 2 m masofada yonuvchan chiqindilar va quruq bitum bo‘lmasligi shart.
40. Bitumni isitish uchun gazsimon yonilg‘idan foydalanilganda, yonilg‘ili ballonlarni shamollatiladigan metall shkaflarda ikkitadan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, qozondan kamida 20 m masofada joylashtirish kerak.
41. Bitumni isitish ishlari olib borilganda qozon oldida qumli quti (0,5 m3 dan ko‘p emas), belkurak, ikkita karbonit kislotali o‘to‘chirgich va suvli chelak bo‘lishi kerak.
42. Ishlayotgan bitumli qozonlarni nazoratsiz qoldirish, shuningdek issiq bitum massasiga suvning tushushi man qilinadi.