LexUZ sharhi
(Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2007-yil 28-dekabrdagi 176-sonli qarori asosida kiritilgan o‘zgartirishlar bilan)
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 19-maydagi 17-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xo‘jalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudining Plenumi mahsulotlar, tovarlar yetkazib berishda kamomad chiqishi bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda sud amaliyotining bir xilda bo‘lishini ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 47-moddasiga asoslanib qaror qiladi:
Mahsulotlar (tovarlar) kamomadi bo‘yicha xo‘jalik nizolarini hal etishda xo‘jalik sudlari quyidagilarga amal qilishlari zarur:
1. Mahsulotlar, (tovarlar) yetkazib berishda kamomad chiqishi bilan bog‘liq nizolarni hal etishda xo‘jalik sudlari O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va mahsulotlar, tovarlar yetkazib berish hamda ularni qabul qilish qoidalarini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlarini qo‘llashlari lozim.
2. Xo‘jalik sudlarining e’tibori har bir ishni sud majlisiga puxta tayyorlash, kamomad paydo bo‘lishining sabablari va joyini aniqlash uchun zarur bo‘lgan hamma dalillarni taraflardan taqdim etilishini, sud majlisida nizolashayotgan taraflarning rahbarlarini yoki ular tomonidan vakil qilingan, mahsulotni yuklab jo‘natish, transportda tashish va qabul qilib olish masalalaridan xabardor bo‘lgan, mas’ul vakillarning ishtirokini ta’minlash lozimligiga qaratilsin.
Zarur hollarda sudlar mahsulotlar, (tovarlar)ni yuklab jo‘natish va qabul qilishda qatnashgan shaxslardan tushuntirishlar talab qilish yoki ularni xo‘jalik sudi majlisiga chaqirish huquqiga ega. Bunday tushuntirishlar sudlar tomonidan ish bo‘yicha boshqa dalillar bilan bir qatorda baholanishi zarur.
a) jo‘natuvchilar, mahsulot yetkazib beruvchilar tomonidan yuklarni tashish qoidalarida nazarda tutilgan yuklab jo‘natilayotgan mahsulotlar, (tovarlar)ning butligini ta’minlovchi talablarga rioya qilinishi, transport hujjatlarida tovarning nuqsonlari haqidagi belgilar borligi, transport yuk xatlari va ilova qilingan hujjatlar, tafsilotli ro‘yxatlar, fakturalar, yorliqlar va boshqalar, to‘g‘ri to‘ldirilganligi hamda ularning standartlar, texnik shartlarga muvofiqligiga;
b) yukni transport organlariga topshirishda yukning og‘irligi jo‘natuvchi yetkazib beruvchi tomonidan aniqlanishi usuliga; yuk kimning tarozisi va tamg‘asi, transport organi yoki jo‘natuvchining bilan jo‘natilganligi hamda vagonlar, konteynerlar va boshqa tashish vositalari kimning tamg‘asi bilan kelganligi, yuk qanday tashish vositalarida tamg‘alangan yoki tamg‘alanmaganligi tashilganligi hamda yukni jo‘natuvchi yoki oluvchining kuzatuvchisi kuzatib kelgan-kelmaganligiga; transport hujjatlarining to‘g‘ri rasmiylashtirilganligiga;
v) yukni yo‘lda qayta yuklash yoki tushirib, boshqa transportga ortishda yuklarni tashish qoidalariga rioya qilinishi, yukning yo‘lda bo‘lish vaqti va uning kelish sanasi, yuk qachon va qayerda, transport vositasidanmi yoki transport organining omboridanmi oluvchiga berilganligi, transport organi tomonidan yukning og‘irligi, o‘rinlar soni tekshirib ko‘rilib berilganligi yoki tekshirilmaganligiga. Zarurat bo‘lganda tijorat dalolatnomasi tuzilgan-tuzilmaganligi, dalolatnomada barcha zarur ma’lumotlarning borligiga.
Agar yuk transport organi tomonidan og‘irligi, o‘rinlar soni tekshirilmasdan berilgan bo‘lsa, unday holda yuk xatida tegishli transport ustavlari va kodekslarda nazarda tutilgan belgilar bor-yo‘qligiga ishonch hosil qilish kerak.
4. Sudlarga tushuntirilsinki, standartlar, texnik shartlar yoki boshqa majburiy qoidalar bilan mahsulotlar (tovarlar)ni miqdori bo‘yicha qabul qilib olishning boshqa tartibi belgilanmagan bo‘lsa, Ishlab chiqarish-texnika maqsadidagi mahsulotlarni va xalq iste’moli mollarini miqdori bo‘yicha qabul qilib olish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma (P-6) da nazarda tutilgan qabul qilish tartibi qo‘llaniladi.
Agar mahsulot tovarning ushbu turi uchun eslatib o‘tilgan yo‘riqnomadagidan boshqacha tartib belgilangan bo‘lsa, oluvchilar mahsulotlar (tovarlar)ni miqdori bo‘yicha qabul qilib olishni standartlar, texnik shartlar yoki tomonlar uchun majburiyat bo‘lgan boshqa qoidalarga muvofiq amalga oshirishlari shart.
Tomonlar shartnomada mahsulotlar (tovarlar)ni yetkazib berishda ularning saqlanishini ta’minlashga qaratilgan miqdori bo‘yicha qabul qilishning qo‘shimcha shartlarini nazarda tutishlari mumkin. Bu shartlar bo‘yicha kelishmovchiliklar umumiy asoslarda ko‘rib chiqilishi lozim.
5. Standart og‘irlikda o‘ralgan yorma, un, qand-shakar va boshqa tovarlarni pirovard oluvchi yetarlicha asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda Yo‘riqnoma (P-6)da belgilangan muddatlarda, o‘rov markirovkasida ko‘rsatilgan og‘irlikning haqiqiy og‘irlikka muvofiqligini tekshirib ko‘rishga haqlidir. Bunday tekshirish faqat jo‘natuvchi yetkazib beruvchi, tayyorlovchining vakili, sifat bo‘yicha tegishli inspeksiya inspektori yoki tovar ekspertizasi byurosi eksperti, “O‘zdavstandart” organining vakili ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. Xaridorlar oluvchilarning standart og‘irlik bilan o‘ralgan yetishmovchi yorma, un, qand-shakar va boshqa tovarlar qiymatini undirish to‘g‘risidagi jo‘natuvchilar yetkazib beruvchilarga nisbatan da’volari, bu da’volarni asoslash uchun oluvchining jamoat vakili yoxud boshqa korxona, muassasa yoki tashkilotning vakili ishtirokida tuzilgan dalolatnoma taqdim etilganda, qondirilishi mumkin emas.
6. Jo‘natuvchilar yetkazib beruvchilar kamomadda o‘z ayblari yo‘qligini asoslash uchun xo‘jalik sudiga mahsulotlar (tovarlar)ni yuklab jo‘natishda jamoat va boshqa tashkilotlarning vakillari ishtirokida tuzilgan nazorat yoki komission yuklab jo‘natish dalolatnomalarini taqdim etgan hollarda sudlar nizolarni ko‘rib chiqishda ularni ish bo‘yicha taqdim etilgan boshqa dalillar bilan birgalikda baholashlari kerak.
7. O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l Ustaviga muvofiq yuk oluvchining talabiga ko‘ra temir yo‘l yuk xatining “6” ustunida yukni berish tartibi to‘g‘risida belgi qo‘yilishi shart. Yuk xatida yuk transport organidan qanday holatda olinganligi to‘g‘risida belgi bo‘lmagan xollar bilan bog‘liq nizolarni hal etishda kamomad uchun javobgarlikni jo‘natuvchi yetkazib beruvchiga yuklashga asos yo‘q, chunki kamomad yukning tashish paytida talab darajasida saqlanmaganligi oqibatida yuz berishi mumkin. Oluvchi tomonidan shikastlanmagan tara ichida kamomad aniqlangan hollargina bundan mustasno bo‘lishi mumkin.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi 271-sonli qarori tahririda)
a) transport organlari transportda amal qiluvchi qoidalarga muvofiq yukni oluvchiga og‘irlikni, o‘rinlar sonini va ularning holatini tekshirib bergan hollarda;
Agar transport organi amaldagi qoidalarni buzgan holda yukning og‘irligini, o‘rinlar sonini va uning holatini tekshirmagan holda bersa yoki tijorat dalolatnomasini bermasa, yukni oluvchi bunday rad etish ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi, mahsulotlar (tovarlar)ni qabul qilib olishni esa Ishlab chiqarish-texnik maqsadlardagi mahsulotlarni va xalq iste’mol mollarini miqdori bo‘yicha qabul qilish to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshirishi lozim. Bunday holda oluvchi sudga transport organining noto‘g‘ri xatti-harakatini isbotlovchi dalillar va qayd etib o‘tilgan Yo‘riqnomaga muvofiq tuzilgan miqdor bo‘yicha qabul qilib olish dalolatnomasini taqdim etish kerak. Tijorat dalolatnomasi tuzilgan sana yuk berilgan sanaga muvofiq kelmagan hollarda, u haqiqatda berilgan sanani aniqlash uchun vagonlarni berish va tozalash vedomostlarini, qabul qilib oluvchi va topshiruvchining qaydnomasini, yukni tortish daftaridan ko‘chirmani hamda temir yo‘lda tuzilgan boshqa boshlang‘ich hujjatlarni so‘rab olish kerak.
9. Tijorat dalolatnomalari va saqlanmagan yuk tashishlar to‘g‘risidagi dalolatnomalar kamomad uchun transport organiga ham, yukni jo‘natuvchiga va yukni oluvchiga ham moddiy javobgarlik yuklash uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Tijorat dalolatnomasida yoki saqlanmagan yuk tashishlar to‘g‘risidagi dalolatnomada mahsulotlar tovarlar kamomadining miqdori aniq belgilangan hollarda, sudlar da’voni faqat yukni qabul qilib oluvchi tomonidan ishlab chiqarish-texnika maqsadlaridagi mahsulotlar va xalq iste’mol mollarining miqdori bo‘yicha qabul qilib olish dalolatnomasi tuzilmaganligi sababligina rad etishga haqli emaslar.
10. Yuqorida aytib o‘tilgan Yo‘riqnomada natijalari butun turkum partiyaga taalluqli bo‘ladigan mahsulotlar tovarlarni oralatib qisman tekshirish shartnomada belgilab qo‘yilishi mumkinligi nazarda tutilgan. Shartnoma tuzish paytida bunday tekshirishning xususiyatini belgilash to‘g‘risida paydo bo‘ladigan nizolar xo‘jalik sudlari tomonidan hal etilishi kerak.
Bu nizolarni hal etishda sudlar tekshirilishi kerak bo‘lgan miqdorni shunday hajmda belgilashlari kerakki, toki u butun turkumdagi mahsulotlar, (tovarlar) kamomadi to‘g‘risida asosli xulosa chiqarish imkonini bersin. Xaridor oluvchining olingan mahsulotlar, (tovarlar) miqdorini oralatib qisman tekshirishni amalga oshirish huquqini shartnomada belgilash uchun yetarli asos mavjud bo‘lmagan taqdirda shartnomaga bunday shartlarni kiritish haqidagi talabga rad javobi berilishi kerak. Zarurat bo‘lganda xo‘jalik sudi vakolatli organlardan xulosa olishi mumkin.
Mahsulotlar,(tovarlar)ni miqdori bo‘yicha qabul qilib olish tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaga muvofiq oluvchining moddiy javobgar va ularga bo‘ysunuvchi shaxslari, shuningdek, moddiy boyliklarni hisobga olish, saqlash, qabul qilib olish va berish bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar oluvchi korxonaning jamoatchilik vakillari sifatida belgilanmasliklari kerak.
Qabul qilib olishda qatnashish uchun oluvchi korxona tomonidan ajratilgan jamoat vakili moddiy javobgar shaxs yoki moddiy boyliklarni hisobga olish, saqlash yoki berish bilan bog‘liq bo‘lgan shaxs ekanligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida shubha paydo bo‘lgan yoki kelishmovchiliklar yuz bergan taqdirda xo‘jalik sudi bu vakilning lavozimi yo‘riqnomalarini so‘rab olishi va mana shu materiallarni hisobga olgan holda qaror qilishi kerak.
Oluvchi korxonaning jamoatchilik vakili yoki boshqa korxonaning vakili ushbu oluvchi korxonada mahsulotlar (tovarlar)ni qabul qilib olishda bir oyda ko‘pi bilan ikki marta qatnashishi mumkin.
11. O‘z nizomlariga muvofiq boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning faoliyati ustidan nazorat funksiyasini amalga oshirayotgan muassasa yoki tashkilotlar o‘z xodimlarini o‘z nazorati ostidagi xo‘jalik organlariga kelayotgan mahsulotlar, (tovarlar)ni miqdori bo‘yicha qabul qilishda qatnashish uchun boshqa korxona, muassasa, tashkilotning vakillari sifatida ajratmasliklari kerak. Nazorat ostida bo‘lgan xo‘jalik organi ham o‘zidan yuqori turuvchi muassasa, tashkilotda qabul qilib olishda qatnashish uchun o‘z vakilini ajratish huquqiga ega emas.
“O‘zdavstandart”ning hududiy organlari va zimmalariga ayrim masalalar bo‘yicha xo‘jalik organlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish yuklatilgan boshqa organlar, shuningdek bo‘ysunuvchi tarmoq inspeksiyalari bundan mustasno bo‘lishi mumkin.
12. Yuk tashishda tabiiy nobud bo‘lishning belgilangan me’yorlari mahsulotlar tovarlarni qabul qilib olishda mahsulotlar, (tovarlar) og‘irligining haqiqatda kamomadi aniqlangan holdagina qo‘llanilishi mumkin. Butun-butun o‘rinlar kamomadini va ayrim shikastlangan o‘rinlarda og‘irlik kamomadini butun mahsulotlar tovarlardan kelib chiqib hisoblangan mahsulotlar, tovarlarning tabiiy nobud bo‘lish me’yorlari hisobiga qoplashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jami mahsulotlar, tovarlar og‘irligini tekshirishda tabiiy kamayish me’yori buzilgan o‘rinlardagi mahsulotlar, tovarlar og‘irligidan alohida hisoblab chiqish kerak. Tortishning aniqligi me’yori tabiiy kamayishni o‘z ichiga olmaydi. U mahsulotlar, (tovarlar)ning ayrim turlari uchun belgilangan me’yorlarga muvofiq qo‘llanilishi kerak. Kamomad tortish aniqligi me’yoridan yuqori bo‘lgan hollarda mahsulotlar, tovarlarning muayyan turi uchun tabiiy kamayish me’yorlari yo‘q bo‘lganda butun kamomad, undan ko‘rsatilgan me’yor istisno qilinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi kerak.
Agar mahsulotlar, (tovarlar)ning ushbu turi uchun tabiiy kamayish me’yori belgilangan bo‘lsa, unday holda tortish aniqligi me’yoridan yuqori bo‘lgan kamomad aniqlanganda bu kamomaddan tabiiy kamayish me’yorini chiqarib tashlash kerak. Tabiiy kamayish me’yori chiqarib tashlangandan keyin tortish aniqligi me’yoridan yuqori bo‘lmagan kamomad qolsa, u tortish aniqligi me’yori sifatida qaraladi. Agar kamomad tabiiy kamayish me’yori summasidan va tortish aniqligi me’yoridan yuqori bo‘lsa, kamomaddan faqat tabiiy kamayish me’yori chiqarib tashlanadi.
13. Mahsulotlar (tovarlar)ni dastlabki jo‘natuvchi tayyorlovchining tarasida yoki o‘rash materialida qayta jo‘natuvchi yetkazib beruvchilar ta’minot-sotish tashkilotlarining, ulgurji va ulgurji chakana savdo tashkilotlarining bazalari amaldagi qonunchilikka muvofiq mahsulotlar tovarlarni qabul qilishni tara ichidagi joylarning soni bo‘yicha amalga oshirishlari shart bo‘lgan hollarda yetkazib beruvchi tomonidan qayta jo‘natilgan mahsulotlar, (tovarlar)ning tara ichki kamomadi bilan bog‘liq bo‘lgan oluvchi xaridorning tayyorlovchiga da’vosi uchun da’vo muddati qabul qilib olish dalolatnomasi yetkazib beruvchi tomonidan tuzilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tara ichki kamomaddan kelib chiquvchi da’vo xaridor oluvchi tomonidan yetkazib beruvchiga nisbatan qo‘zg‘atilsa, da’vo muddati mahsulotlar, (tovarlar) kamomadini belgilovchi dalolatnoma belgilangan tartibda xaridor oluvchi tomonidan tuzilgan yoki tuzilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab hisoblanadi.
Mahsulotlar, tovarlarni tayyorlovchi hisoblanmagan yetkazib beruvchi u tomonidan tayyorlovchidan olingan mahsulotlar, (tovarlar) miqdorni o‘z omborida tekshirishga burchli bo‘lmaganda, da’vo muddati xaridor (oluvchi) tomonidan tayyorlovchiga ham, yetkazib beruvchiga ham da’vo qo‘zg‘atish uchun dalolatnoma tuzilgan kundan boshlab, agar u o‘z vaqtida tuzilgan bo‘lsa, yoki mana shunday dalolatnoma tuzilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab hisoblanishi kerak.
14. Sudlar yuklab jo‘natish, transportda tashish, qabul qilib olish qoidalarining buzilishini aniqlar ekanlar mahsulotlar (tovarlar) kamomadi hosil bo‘lishiga olib kelgan sabablar va sharoitlarni puxta o‘rganishlari, dalillarga baho berishga rasmiyatchilik bilan munosabatda bo‘lish hollariga yo‘l qo‘ymasliklari kerak. Ish materiallari mahsulotlar (tovarlar) kamomadi suiiste’mollar, qo‘pol ravishdagi sovuqqonlik yoki o‘g‘rilik natijasida hosil bo‘lganligidan guvohlik bergan hollarda bunday ishlarning materiallari tergov organlariga yuborilishi kerak.
Tovar-moddiy boyliklar jo‘natuvchiga yetkazib berildi, deb qayd qilingan hollarda, ularning kamomadi fakti aniqlangan, shuningdek kamomadda jo‘natuvchining aybi isbotlanmagan hollarda xo‘jalik sudining qarorida tegishlicha jo‘natuvchilar yoki oluvchilarning korxonalari, muassasalari va tashkilotlari ma’muriyatiga amaldagi qonunchilikka muvofiq yetkaziladigan zararning bunga aybdor shaxslardan undirib olinishi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish taklif qilinishi mumkin.