06.05.2005 yildagi 29-I-son
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti qabul qilingan paytdan e’tiboran amalga kiritilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti (bundan buyon matnda Reglament deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) yalpi majlislarini o‘tkazish, qonunchilik tartib-taomillarini amalga oshirish tartibini belgilaydi hamda Senat faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalarni tartibga soladi.
Senat majlislari, agar ularning ishida senatorlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunlarni ma’qullash, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqishda senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lishi shart.
Senat qarorlari, agar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunni, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlarni ma’qullash uchun senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi talab qilinadi.