Farmatsevtika mahsulotlari, davolash oziq-ovqatlari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish, standartlash va sertifikatsiyalash sohasida yagona davlat siyosatini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ushbu vazirlik tarkibida Dorivor vositalar va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Bosh boshqarmaga dorivor vositalar va diagnostika vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar sifati ustidan davlat nazoratini tashkil etish va amalga oshirish, dorivor vositalar, tibbiy buyumlar, davolash oziq-ovqatlari va tibbiy texnikani ekspertizadan o‘tkazuvchi, standartlashtiruvchi, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi va sertifikatsiyalovchi muassasalar va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga rahbarlik qilish yuklansin.
Ko‘rsatib o‘tilgan Bosh boshqarmani tashkil etish vazirlik markaziy apparati xodimlarining belgilangan soni doirasida amalga oshirilsin.
2. Farmakopeya qo‘mitasi “O‘zfarmsanoat” davlat konserni ixtiyoridan sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga o‘tkazilsin.
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiya markazi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi dorivor vositalar, diagnostika, muhofazalash, pardoz vositalari va xomashyosini, davolash-profilaktika oziq-ovqatlarini, oziq-ovqat qo‘shilmalari va sanitariya-gigiyena buyumlarini ekspertizadan o‘tkazuvchi nazorat-tahlil qilish laboratoriyalarini, farmatsevtika va oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek tibbiy texnikani sinaydigan klinika va tajriba bazalarini ikki oy muddatda attestatsiyadan o‘tkazsin va akkreditatsiya qilsinlar.
ikki hafta muddatda Dorivor vositalar, tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi haqidagi Nizomni tasdiqlasin;
dorivor vositalar, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar sifatini ekspertiza qilish, klinikada sinab ko‘rish va davlat tomonidan nazorat qilishni tashkil etish va amalga oshirishni tartibga soluvchi normativ hujjatlarni bir oy muddatda qayta ko‘rib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etsin.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston farmatsevtika sanoati (“O‘zfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konsernini tashkil qilish va uning faoliyati masalalari to‘g‘risida” 1993-yil 17-iyundagi 290-son qarori 6-bandining ikkinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin hamda ushbu qarorga 1-ilovadagi “Farmakopeya qo‘mitasi” so‘zlari chiqarib tashlansin.