LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 23-iyundagi 17-sonli “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Sud-tergov amaliyotida masalalar kelib chiqqanligi, shuningdek qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi munosabati bilan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mulk uning barcha shakllarida daxlsizdir va unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta’qib etiladi.
2. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar o‘sishi tendensiyasi kuzatilmoqda.
3. Firibgarlik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda va tekin qo‘lga kiritishda ifodalanib, buning ta’sirida mulkdor (uning vakili), mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga bo‘lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo‘yilishiga imkoniyat beradi.
4. Firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo‘yicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi.
Firibgarlikda yolg‘on ma’lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs o‘zini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko‘rsatishi) taalluqli bo‘lishi mumkin.
Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarini qo‘llash va h.k. kiradi.
5. Firibgarlikda ishonchni suiiste’mol qilish deganda, aybdorning mulkdor, mulkning boshqa egasi yoki mulkni uchinchi shaxslarga berib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishga vakolatli boshqa shaxslar bilan ishonchli munosabatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozim. Ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqeyi yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urug‘lik munosabatlari sabab bo‘lishi mumkin.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lishi shart. Aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatini anglash qobiliyatiga ega bo‘lmagan (masalan, kichik yoshdagi bolaligi (14 yoshga to‘lmaganligi), ko‘zi ojizligi, ruhiy jihatdan norasoligi, alkogol, giyohvandlik vositasi, ularning analoglari yoki psixotrop modda ta’sirida og‘ir darajada mastligi tufayli) shaxsni aldash va undan mulkini olish firibgarlik tariqasida emas, balki o‘g‘irlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamaydi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
7. Mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning g‘ayriqonuniy egaligiga o‘tgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo‘lgan paytdan tugallangan deb topiladi. Qonunga ko‘ra, shaxs bankdagi pul mablag‘larini ular uning bankdagi hisob varaqasiga kelib tushgan (o‘tkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega bo‘lganligi tufayli, jinoyat bu mablag‘lar ularni mablag‘ egasi hisob varaqasidan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisob varaqasiga o‘tkazilgan paytdan tugallangan deb topish lozim.
O‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni egallashga qaratilgan firibgarlik, aybdorda o‘zganing mulkiga egalik qilish yoki tasarruf etish uchun yuridik jihatdan tasdiqlangan imkoniyat paydo bo‘lgan paytdan (masalan, ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi yoki qonunga muvofiq ro‘yxatga olinishi shart bo‘lgan boshqa mulkka nisbatan huquq ro‘yxatga olingan paytdan; shartnoma tuzilgan vaqtdan; mulkka nisbatan shaxsning huquqi tan olingan sud qarori kuchga kirgan kundan; vakolatli davlat organi aybdorda yoki boshqa shaxslarda mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun asoslar mavjudligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan) tugallangan hisoblanadi.
8. Agar shaxs o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni mazkur mulk yoki huquq unga berilishi sharti bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarmaslik niyatida olgan yoki egallagan bo‘lsa, qilmish aybdorda o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishga nisbatan qasd faqat o‘zganing mulki yoki unga bo‘lgan huquq qo‘lga kiritilgunga qadar paydo bo‘lgan holdagina firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. O‘zganing mulkini talon-toroj qilishga qaratilgan qasd mavjudligi to‘g‘risida, jumladan, aybdor tomonidan soxta hujjat yoki kafolat xatlaridan foydalanish, qarz mavjudligi yoki mulk garov ostidaligi to‘g‘risidagi ma’lumotni yashirish, bitimda taraflardan biri sifatida ishtirok etishi uchun soxta korxona (tashkilot) tuzilishi, kredit mablag‘laridan maqsadga zid foydalanish yoxud ularni naqdlashtirish kabilar guvohlik berishi mumkin. Qayd etilgan holatlar o‘z o‘zidan shaxsni firibgarlik sodir etishda aybdor deb topish uchun asos bo‘lmaydi, shu tufayli, shaxsning o‘z majburiyatlarini bila turib bajarish niyati bo‘lmaganligi har bir muayyan holda ishning barcha holatlaridan kelib chiqib aniqlanishi shart.
Agar o‘zganing mulkini egallashga nisbatan qasd aybdorda mulk qabul qilingandan keyin yuzaga kelgan bo‘lsa, shaxsning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etmaydi va muayyan holatlarni inobatga olgan holda o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish (masalan, shaxsning o‘ziga xo‘jalik yuritish, operativ boshqarish, ishonchli boshqarish, yetkazib berish, saqlash, realizatsiya qilish va h.k. maqsadida qonuniy berilgan mulkni qonunga xilof tarzda va haqini to‘lamay o‘zining yoki boshqa shaxsning mulkdorligiga qaratishi) sifatida baholanishi lozim.
Agar shaxs o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini uni ijro etish jarayonida ayrim obyektiv sabablarga ko‘ra (masalan, mulkiy nochorligi, shartnoma tuzishda taraflar uchun asos bo‘lgan vaziyatning jiddiy o‘zgarishi, og‘ir kasalligi, favqulodda holat tufayli) bajara olmasa yoki o‘zganing mulkini egallashga nisbatan qasd mavjudligini isbotlashning imkoni bo‘lmasa, bunday holatlar fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizo sifatida baholanib, fuqarolik, iqtisodiy sud ishi yurituvi tartibida hal etiladi.
9. Surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qonun talablariga muvofiq tuzilgan bitimlar, shartnomalarga asoslangan fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik ham, bunday holda o‘zgalar mulkini egallashda huquqqa xiloflilik belgisi bo‘lmaganligi tufayli firibgarlik deb baholanishi mumkin emas, chunki mulk bitim, shartnoma bo‘yicha bir tarafdan ikkinchi tarafga, jumladan taraflar uchun o‘zaro moddiy manfaatni nazarda tutuvchi muayyan shartlar bilan beriladi. Agar bitim, shartnoma shartlari bajarilmasa, qonunga ko‘ra (FK 2, 9, 24-boblari, FPK II bo‘limining 2-kichik bo‘limi, IPK 18-bobi) buzilgan huquq faqat fuqarolik yoki iqtisodiy ish yurituvi tartibida tiklanishi mumkin bo‘lib, ularda majburiyatlar ijrosini ta’minlash uchun yetarli huquqiy vositalar mavjud.
(9-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
Shu munosabat bilan, qonun talablariga muvofiq tuzilgan fuqarolik-huquqiy bitim, shartnoma bo‘yicha jinoyat belgilari mavjud bo‘lmagan barcha hollarda, nizo fuqarolik, iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
Tushuntirilsinki, agar bitim, shartnoma tuzilishi paytida taraflar xohish-irodasi erkin ifoda etilgan bo‘lib, uning shakliga nisbatan Fuqarolik kodeksida belgilangan quyidagi talablar bajarilgan bo‘lsa, u qonun talablariga muvofiq tuzilgan hisoblanadi, ya’ni:
og‘zaki shakl — tuzilayotgan vaqtning o‘zidayoq bajariladigan (jeton, patta, kvitansiya va h.k. olish paytida) bitim, hadya shartnomasi yoki fuqarolar o‘rtasida tuziladigan qarz shartnomasi (agar shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lmasa) tuzilayotganda;
(9-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
oddiy yozma shakl (tilxat, xat, hujjatlar va h.k.) — quyidagi shartnomalar: garov, kafillik, zakalat, mahsulot yetkazib berish, energiya ta’minoti, ko‘chmas mulkni sotish, hadya (agar hadya beruvchi yuridik shaxs bo‘lsa yoki shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa), mulk ijarasi (agar taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa), prokat, yuridik shaxslar o‘rtasidagi bino ijarasi, lizing, yuridik shaxslar o‘rtasidagi uy-joy ijarasi, pudrat, haq evaziga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi tashish, fuqarolar o‘rtasidagi qarz shartnomasi (agar shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq yoki taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa), kredit, bank omonati, topshiriq, vositachilik, mol-mulkni ishonchli boshqarish, omonat saqlash, sug‘urta tuzilayotganda;
(9-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
notarial tasdiqlangan shakl — quyidagi shartnomalar: davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi talab etiladigan avtomototransport, yer uchastkasi, boshqa ko‘chmas mulk oldi-sotdisi, ayirboshlash, ko‘chmas mulk va avtomototransport hadyasi, renta, uy-joy (kvartirani) boshqa shaxsga berish, ko‘chmas mulk ijarasi, korxona, avtomototransport vositalari bino (fuqarolar o‘rtasida) ijarasi, fuqarolar o‘rtasidagi uy-joy ijarasi tuzilayotganda.
10. Agar qonun talablariga muvofiq tuzilgan bitimlar, shartnomalar yuzasidan nizoni sudda ko‘rish natijalari bo‘yicha javobgarda o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishga nisbatan qasd mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni egallashdan oldinroq paydo bo‘lganligi aniqlansa, sud manfaatdor taraflarga huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyat to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishi mumkinligini tushuntiradi.
11. Qonun talablariga muvofiq tuzilgan bitimlar, shartnomalardan kelib chiqadigan arizalar sudni chetlab surishtiruv, dastlabki tergov organlariga tushganda, ular JPK 329-330-moddalarida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqilishi va jinoyat belgilari mavjud bo‘lmagan taqdirda, manfaatdor shaxslarga nizo fuqarolik sud ishi yurituvi tartibida hal etilishi zarurligi tushuntirilishi lozim.
Shuni nazarda tutish lozimki, sudning aynan bir masala bo‘yicha fuqarolik, iqtisodiy sud ishi yuritish tartibida chiqarilib, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorining mavjudligi, JK 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga va uning jinoyat sudlov ishini yuritish tartibida ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
12. Ijtimoiy to‘lov, nafaqa, boshqa pul to‘lovlari (masalan, kompensatsiyalar, sug‘urta to‘lovlari)ni yoki boshqa mulkni tegishli qaror qabul qilishga vakolatli ijro hokimiyati, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, muassasa yoki tashkilotlarga, qonunga ko‘ra to‘lovlar yoki mulkni olish uchun asos bo‘ladigan holatlar mavjudligi (jumladan, oluvchining shaxsi, nogironligi, boqimandalari borligi, urush harakatlarida qatnashganligi, ishga joylashtirish imkoniyati yo‘qligi, sug‘urta hodisasi ro‘y berganligi) to‘g‘risida bila turib, yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish yo‘li bilan olish firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Ijtimoiy to‘lov, nafaqa yoki boshqa pul to‘lovlarini mazkur to‘lovlarni olish uchun qonuniy asoslar tugaganligi to‘g‘risida tegishli organlarga qasddan xabar bermay, ularni olishni davom ettirgan shaxsning harakatlari ham shu tarzda kvalifikatsiya qilinishi kerak.
13. Firibgarlik jinoyatidan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish jinoyatini (JK 170-moddasi) farqlash lozim, chunki bunday holda shaxs o‘zganing mulkini bevosita olib qo‘ymasdan va unga nisbatan huquqqa ega bo‘lmasdan, qonunga (shartnomaga) ko‘ra mulkdor egaligi yoki tasarrufiga o‘tishi lozim bo‘lgan tovar-pul qimmatliklarini o‘zlashtiradi va ular hisobiga boyiydi (masalan, avtomobillarga texnik yordam ko‘rsatish shoxobchasi xodimi naryadda ko‘rsatilmagan ishlarni bajarib yoki vagon kuzatuvchisi yo‘lovchini chiptasiz tashib, mijozdan olingan haqni o‘zlashtiradi, bosmaxona bosh injeneri buyurtma qilingan mahsulotning hisobga olinmagan tiraji uchun olingan haqni o‘z mulkdorligiga qaratadi va h.k.).
14. Agar aldov shaxs tomonidan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishni yengillatish maqsadida ishlatilgan bo‘lib, mulkni olib qo‘yish jarayonida mulkdor, mulk egasi yoki boshqa shaxs uning asl niyatini sezib qolgan, aybdor buni anglasada, biroq mulkdor yoki mulk egasining erkiga zid ravishda mulkni ushlab turishni davom ettirgan bo‘lsa, qilmish talonchilik, mulkdor yoki mulk egasiga bildirmasdan mulk bilan yashiringan hollarda esa, firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
15. Firibgarlik yo‘li bilan korxona, muassasa, tashkilotlar, mulkini talon-toroj qilish uchun jinoiy javobgarligi, faqat, talon-toroj qilingan mulk summasi MJtK 61-moddasi uchinchi qismida ko‘rsatilgan miqdordan oshgan holdagina kelib chiqadi (jumladan kvalifikatsiyalovchi belgilar mavjud bo‘lganda ham).
Agar korxona, muassasa, tashkilotlarning firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilingan mulki summasi bazaviy hisoblash miqdorining MJtK 61-moddasi uchinchi qismida ko‘rsatilgan miqdoridan oshmasa, ma’muriy huquqbuzarlik tarkibi mavjud bo‘ladi. Bunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda ham, agar talon-toroj summasi ko‘rsatilgan miqdordan oshmasa, ma’muriy javobgarlik kelib chiqadi. Bunda oz miqdorda talon-toroj necha marta sodir etilganligi ahamiyat kasb etmaydi.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, MJtK 61-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan korxona, muassasa, tashkilotlar xodimlari ularning mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilganda, faqat ularning rahbari, mulkdori yoki vakolatli boshqaruv organining arizasiga ko‘ra javobgarlikka tortilishi mumkin.
16. Shuni ta’kidlash joizki, qonunga ko‘ra fuqarolar mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlik talon-toroj miqdoridan qat’iy nazar kelib chiqadi. Ayni paytda, talon-toroj miqdori bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lgan har bir holda surishtiruv, tergov organlari va sudlar ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning shaxsiga va moddiy zarar qoplanishiga oid ma’lumotlarni inobatga olgan holda JK 65, 66, 70, 71-moddalarini qo‘llash masalasini muhokama etishlari shart.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 19-dekabrdagi 37-sonli qarori tahririda)
17. Jinoyat predmeti bo‘lgan mulkning qiymatini aniqlashda, uning mulkdor tomonidan qay yo‘sinda sotib olinganligiga qarab, jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan va tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan chakana, bozor yoki komission narxlardan kelib chiqish lozim. Narx mavjud bo‘lmaganda va talon-toroj miqdori to‘g‘risida nizo kelib chiqqan hollarda, mulk qiymati ekspert xulosasiga asosan aniqlanadi.
Aybdor tomonidan talon-torojni yashirish maqsadida talon-toroj qilingan mulk o‘rniga boshqa, qiymati kamroq mulk almashtirib qo‘yilgan hollarda ham qilmish talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi. Bunda talon-toroj qilingan mulk o‘rniga taqdim etilgan mulk qiymati aybdordan moddiy zararni undirish, shuningdek jazo turi va miqdorini belgilash chog‘ida hisobga olinadi.
18. Aybdorning harakatlarida ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda firibgarlik sodir etilishi kabi kvalifikatsiyalovchi belgi mavjudligi to‘g‘risidagi masala JK sakkizinchi bo‘limida bayon etilgan tushuntirishlarga muvofiq hal etilishi lozim.
Bir necha epizoddan iborat umumiy qasd va yagona maqsadga yo‘naltirilgan davomli firibgarlik sodir etgan shaxsning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda sudlar talon-toroj miqdorini jami talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlashlari kerak.
Agar aybdor tomonidan bir emas, balki bir necha firibgarlik harakatlari sodir etilib, ularning har birida o‘zganing mulkini olishga yo‘naltirilgan mustaqil qasd amalga oshirilgan bo‘lsa, talon-toroj qilingan mulk qiymatini qo‘shib hisoblashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar shaxsning qasdi o‘zganing mulkini ko‘p (juda ko‘p) miqdorda egallashga yo‘naltirilgan bo‘lib, u aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, qilmish haqiqatda talon-toroj qilingan mulk qiymatidan qat’i nazar, qasd yo‘naltirilganligidan kelib chiqib, ko‘p (juda ko‘p) miqdordagi firibgarlikka suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
19. Sudlarga tushuntirilsinki, qalbaki hujjatdan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik, basharti hujjat aybdor tomonidan tayyorlangan yoki soxtalashtirilgan bo‘lsa, jinoyatlar majmui tarzida JK 168-moddasi va 228-moddasi birinchi yoki ikkinchi qismlari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Shaxs firibgarlik maqsadida o‘zi tomonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalangan, biroq unga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra o‘zganing mulkini ololmay yoki mulkka nisbatan huquqqa ega bo‘lolmay qolgan hollarda qilmish jinoyatlar majmui tarzida JK 25-moddasi ikkinchi qismi, JK 168-moddasi va JK 228-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Boshqa shaxs tomonidan tayyorlangan qalbaki hujjatdan foydalangan holda firibgarlik sodir etgan shaxsning harakatlari JK 168-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi va JK 228-moddasi uchinchi qismi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi, chunki bunday holda hujjat aybdor tomonidan o‘z maqsadiga erishish uchun aldash vositasi sifatida foydalanilgan bo‘ladi.
20. Tushuntirilsinki, kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib firibgarlik sodir etish (JK 168-moddasi ikkinchi qismi “v” bandi) deganda, moliya, bank muassasalari, fondlar va sh. k. larda bo‘lgan mulkni aldov yo‘li bilan kompyuter texnikasi vositalari yordamida manipulatsiya qilish orqali amalga oshiriladigan talon-toroj tushuniladi. Bunday firibgarlik kompyuter tizimida ishlov beriladigan, tegishli axborot tashuvchilarda saqlanadigan yoki ma’lumotlarni uzatish tarmoqlari bo‘yicha beriladigan axborotni o‘zgartirish yo‘li bilan ham, kompyuter tizimiga yolg‘on axborot kiritish yo‘li bilan ham sodir etilishi mumkin.
Agar shaxs kompyuter texnikasi yordamida qalbaki hujjat tayyorlab, so‘ngra undan mulkni qo‘lga kiritish uchun foydalangan bo‘lsa, qilmishni JK 168-moddasi ikkinchi qismi “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilib bo‘lmaydi.
21. Xizmat mavqeyidan foydalanib firibgarlik sodir etganlik (JK 168-moddasi uchinchi qismi “v” bandi) uchun javobgarlik shaxs o‘z xizmat mavqeyidan faqat aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish uchun foydalanib, o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish maqsadida o‘z xizmat vakolatlari doirasiga kirmaydigan harakatlarni (harakatsizlikni) amalga oshirgan hollardagina vujudga keladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
22. Mansabdor shaxs tomonidan u mansab vakolati yo‘qligi yoki o‘z xizmat mavqeyidan foydalana olmasligi tufayli aslida amalga oshira olmaydigan muayyan harakat (harakatsizlik) uchun pul, qimmatli qog‘oz va boshqa moddiy qimmatliklar olinishi, unda mazkur qimmatliklarni egallashga nisbatan qasd mavjud bo‘lgan taqdirda, firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Agar shaxs (shu jumladan mansab vakolati yo‘qligi yoki o‘z xizmat mavqeyidan foydalana olmasligi tufayli muayyan harakat (harakatsizlik)ni aslida amalga oshira olmaydigan mansabdor shaxs), go‘yoki mansabdor shaxsga pora sifatida berish uchun pul yoki boshqa qimmatliklarni olib, biroq aslida bunday niyati bo‘lmasdan, ularni o‘zlashtirsa, qilmish firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Agar qimmatliklarni egallash maqsadida ularning egasi aybdor tomonidan pora berishga dalolat etilgan bo‘lsa, uning harakatlari firibgarlikdan tashqari pora berishga dalolat etish sifatida qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Qimmatliklar egasining harakatlari esa, bunday hollarda, pora berishga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Agar pora berish tashabbusi pora beruvchi tomonidan bildirilgan bo‘lsa, bunday holda shaxsning harakatlari faqat firibgarlik jinoyati sifatida kvalifikatsiya qilinib, qo‘shimcha ravishda JK 211-moddasi bilan kvalifikatsiya qilishni talab etmaydi.
23. Firibgarlik natijasida olingan, shuningdek ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan jabrlanuvchiga tegishli pul va boshqa qimmatliklar JPK 211-moddasi 4-bandiga ko‘ra, o‘z egasiga qaytarib berilishi lozim, pul va boshqa qimmatliklar ular egasining tashabbusi bilan, bila turib, pora predmeti sifatida berilgan hollar bundan mustasno. Pul va boshqa qimmatliklar topilmagan hollarda ularning summasi yoki pul birligidagi qiymati sud tomonidan jabrlanuvchi yoki davlat foydasiga undiriladi.
24. Firibgarlikni iqtisodiyot sohasidagi qator jinoyatlardan, shu jumladan, o‘zganing mulkini talon-toroj qilishning boshqa shakllaridan farqlamoq lozim.
Firibgarlikning o‘g‘rilikdan (JK 169-moddasi) farqi shundaki, firibgarlikda aybdor mulkni o‘zganing egaligidan olib qo‘ymaydi, balki u tomonidan yanglishtirilgan jabrlanuvchining o‘zi mulkni yoki mulkka bo‘lgan huquqni berishiga erishadi.
Tovlamachilikdan (JK 165-moddasi) firibgarlik shu bilan farqlanadiki, tovlamachilikda jabrlanuvchi qo‘rquv ta’siri ostida harakat qiladi, erki sindirilgan bo‘ladi, firibgarlikda esa aldov natijasida jabrlanuvchining erki yanglishtirilgan.
Firibgarlik jinoyatidan o‘tkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalari, shuningdek qimmatli qog‘ozlar yoki chet el valyutasi yoxud chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish (JK 176-moddasi) qasd yo‘nalishi va soxtalashtirish xususiyati bilan farqlanadi. Bunda pul belgisi yoki chet el valyutasi pul aylanmasiga kiritish uchun soxtalashtiriladi. Qimmatli qog‘ozlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq firibgarlikda esa, (masalan, pul kupyurasiga bir necha nol raqamlarini qo‘shib yozish, suvenir banknotlarni, banknot yoki qimmatli qog‘ozlarning foto-kseronusxalarini ishlatish va h.q.) qasd muayyan shaxsni aldash va mulkiy foyda olishga qaratilgan bo‘ladi.
Agar aybdor bila turib, qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalari, shuningdek qimmatli qog‘ozlar yoki chet el valyutasi yoxud chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlardan foydalangan holda o‘zganing mulkini qo‘lga kiritsa, uning harakatlari JK 176 va 168-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinadi.
25. JPK 415-moddasiga muvofiq sud ayblovni o‘zgartirishi va sudlanuvchining harakatlarini JK boshqa moddasi (qismi, bandi)ga kvalifikatsiya qilishga, shuningdek, jinoyatning ayrim (sudlanuvchining aybiga kiritilgan harakatlardan) epizodlarini sudlanuvchiga ayb e’lon qilinmagan JK moddasiga kvalifikatsiya qilishga haqli.
Shundan kelib chiqib, firibgarlik o‘zganing mulkini talon-toroj qilish shakllaridan biri ekanligini inobatga olib, sud aybdorning harakatlarini JK 168-moddasidan JK 167-moddasiga qayta kvalifikatsiya qilishga haqli.
26. JK 168-moddasi beshinchi qismiga muvofiq, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplanishi ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llashni istisno etadi, shu sababli, zarar to‘liq qoplanmagan hollarda sudlar aybdorga nisbatan ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qo‘llashning maqsadga muvofiq-muvofiq emasligi masalasini muhokama qilishlari shart.
Agar operativ-qidiruv tadbiri o‘tkazilishi natijasida ish bo‘yicha moddiy zarar yetkazilishining oldi olingan bo‘lsa, JK 168-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan qoida qo‘llanilmaydi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
27. Sudlar qonunda belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishgan shaxslarga nisbatan qonunga xilof ravishda firibgarlik to‘g‘risida jinoyat ishi qo‘zg‘atish amaliyotiga barham berish yuzasidan choralar ko‘rishlari lozim. Shu maqsadda nizolashayotgan taraflar orasida kelib chiqqan haqiqiy munosabatlar xususiyati sinchkovlik bilan aniqlanishi lozim bo‘lib, bu aybsiz shaxslar qonunga zid ravishda sudlanishi hollariga chek qo‘yilishiga olib keladi. Ish bo‘yicha shaxs qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi fakti aniqlangan holda sud bunga tegishli munosabat bildirib, jinoyat ishini yuritishga mas’ul davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarishi kerak.
28. Qator hollarda muayyan maqsadlariga qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etmagan holda erishishni istagan jabrlanuvchilarning xulq-atvori firibgarlik sodir etilishiga shart-sharoit yaratib berayotganligini e’tiborga olgan holda, surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar bunday g‘ayriqonuniy harakatlarga nisbatan tegishli huquqiy baho berishlari, shuningdek, kelajakda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun bunday harakatlardan kelib chiqqan oqibatlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishlari lozim.
29. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari va O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi firibgarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar bo‘yicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini o‘z vaqtida bartaraf etishlari lozim.
(29-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)