17.07.2017 yildagi PQ-3137-son
Hujjat 18.07.2017 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
 LexUZ sharhi

Fuqarolarni arzon narxlarda zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosati samarali amalga oshirilishining muhim sharti hisoblanadi.

Shu munosabat bilan sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholini arzon dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash, shuningdek ularning narxlarini sun’iy oshirib yuborish holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan ulgurji savdo uchun — sotib olingan qiymatning 15 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, chakana savdoda esa — ulgurji narxning 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda cheklangan savdo ustamalari belgilandi.

Xorijda va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotishning tizimi joriy etildi.

Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish maqsadida tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirildi, mahalliylashtirilayotgan mahsulotlarni kengaytirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun mahalliy dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari berildi.

Shu bilan birga, aholini zarur dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi bir qator jiddiy xato va kamchiliklar kuzatilmoqda, jumladan:

amaldagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini import qilishdagi ortiqcha tartib-taomillar ularni yetkazib berish muddatlarining sun’iy kechiktirilishi va ichki bozordagi taqchilligi yuzaga kelishiga olib kelmoqda;

dori vositalari va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojni belgilash bo‘yicha a�iq mexanizmlarning mavjud emasligi import va mahalliy ishlab chiqarish muvozanatini ta’minlash hamda mahalliy korxonalar tomonidan farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni prognoz qilish imkonini bermayapti;

import qilinayotgan va respublikada ishlab chiqarilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga cheklangan narxlarni belgilash tartibining mukammal emasligi kuzatilmoqda;

farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishning yetarli darajada mahalliylashtirilmaganligi mahalliy farmatsevtika korxonalarining import xomashyosi va materiallariga yuqori darajada qaramligini yuzaga keltirmoqda, oqibatda dori vositalari va tibbiyot buyumlarining narxlari keskin oshmoqda;

dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish uchun litsenziya berish bo‘yicha hududiy komissiyalarining faoliyati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan, bu litsenziya talab va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, shuningdek 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan ushbu qarorda aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning taqchilligi vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Jumladan ushbu qarorga muvofiq 2017-yil 1-avgustdan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish faqatgina “O‘zmedeksport” respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu korxonaga ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarini joriy yilning ikkinchi yarmida qo‘shimcha ehtiyojdan kelib chiqib yetkazib berilishini ta’minlash topshirildi.

Bundan tashqari, tibbiyot mahsulotlarini sertifikatlash sifatini yanada oshirish maqsadida ushbu faoliyatning faqatgina davlat sertifikatlashtirish organlari tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Dorixonalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yangidan joriy etilgan talablarga asosan ularning dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish bo‘yicha amaldagi litsenziyalari 2018-yil 1-yanvarga qadar qayta rasmiylashtirilishi shartligi belgilandi. Bunda qayta rasmiylashtirish yangi litsenziyalovchi organ — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu maqsadlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmasida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish sohasida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish shu’balari tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish, natijasi bo‘yicha uni maqbullashtirish yuzasidan takliflar kiritish;

Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlariga ehtiyojni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish;

Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatiga kiritilgan dori vositalarining savdo nomlari va tibbiyot buyumlariga belgilangan ulgurji va chakana narxlarni o‘rnatish tartibini takomillashtirish bo‘yicha taklif kiritish;

dorixonalar va ularning filial�arini tovar cheklarini berish bo‘yicha asbob-uskuna va dasturiy komplekslar bilan jihozlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek tovar cheklarini berish bo‘yicha asbob-uskunalar mavjud bo‘lmagan yoki nosoz bo‘lgan yoxud elektr energiyasi vaqtincha o‘chirilgan hollarda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotishda foydalaniladigan tovar cheklari kitobining shaklini tasdiqlash vazifalari yuklatildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, aholini ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash darajasini oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy dorixona tarmoqlari tashkil etilib, aholiga dori vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotish ularning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Umuman olganda, qabul qilingan qaror fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, aholini arzon narxlarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish imkonini beradi.