Sun’iy yo‘ldosh geodeziya tarmog‘i, davlat kadastri va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olishning yagona kompyuterlashtirilgan tizimini yaratishni nazarda tutgan holda O‘zbekiston Respublikasining Milliy geografik axborot tizimini “Elektron hukumat” tizimining tarkibiy qismi sifatida shakllantirish hamda shu asosda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, respublika hududlarini kompleks rivojlantirish uchun zarur axborot-resurs bazasini ta’minlash maqsadida:
Koreya eksport-import banki bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga “O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish uchun Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasining (EDCF) 40 yil muddatga, 10 yil imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, 15,0 million AQSh dollari ekvivalentidagi koreys voni miqdorida imtiyozli qarz berish to‘g‘risida qarz bitimi imzolanganligi;
ushbu loyihani amalga oshirish doirasida respublika va uning alohida hududlari tabiiy-iqtisodiy salohiyatini yagona umumdavlat kompleks hisobga olishni va baholashni, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslarni faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan kadastr ma’lumotlari bilan tezkor ta’minlash uchun ko‘p maqsadli axborot tizimi yaratilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining ulushi ekvivalentda 15,87 mln AQSh dollarini, shundan soliqlar va bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilish shaklida 6,05 mln AQSh dollarini tashkil etadi;
Iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha hamkorlik jamg‘armasining (EDCF) asosiy qarzini uzish va qarz bo‘yicha foizlarni to‘lash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi EDCF qarz mablag‘larining maqsadli sarflanishi va loyiha samarali amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan ijro etuvchi organ hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki EDCFning qarziga xizmat ko‘rsatuvchi moliyaviy agent hisoblanadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimini tashkil etish” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari bilan birga 1-ilovaga* muvofiq;
“O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan EDCF asosiy qarzini so‘ndirish va qarz bo‘yicha foizlarni to‘lashning prognoz jadvali 2 va 3-ilovalarga* muvofiq tasdiqlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Koreyaning Koreya almashinuv banki bilan EDCF qarz mablag‘larini qaytarish mexanizmini belgilaydigan banklararo bitim tuzsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan EDCF qarzidan foydalanish va qaytarish tartibi to‘g‘risidagi agentlik bitimini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolash vakolati berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya eksport-import banki o‘rtasidagi qarz bitimi bo‘yicha belgilangan tartibda huquqiy xulosa bersin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:
har yillik budjetdan moliyalashtirishning mavjud hajmi doirasida loyihani bajarish xarajatlarini amalga oshirsin;
“O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qilingan ishlarning borishi to‘g‘risida batafsil hisobotlarni har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda har yili O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda unga “O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimini tashkil etish” loyihasining belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
9. “O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimini tashkil etish” loyihasini amalga oshirish doirasida EDCF qarz mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan va respublika hududiga olib kiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari), qo‘shilgan qiymat solig‘i, shu jumladan davlatning maqsadli jamg‘armalariga to‘lanadigan majburiy ajratmalar va to‘lovlardan ozod etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi buyurtmanomalariga ko‘ra ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik yig‘imlari undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi buyurtmanomalari bo‘yicha ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar davlat boji undirilmasdan belgilangan tartibda berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha propiska qilinishi va vaqtincha propiska muddati uzaytirilishini ta’minlasin.