LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 11-oktabrdagi 35-sonli “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan
Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mulk uning barcha shakllarida daxlsizdir va unga nisbatan har qanday tajovuz qonun bilan ta’qib etiladi.
2. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar kengayishi tendensiyasi kuzatilmoqda.
3. Firibgarlik uzganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan haq to‘lamay egallashda ifodalanib, buning ta’sirida mulk egasi yoki boshqa shaxs yoxud vakolatli hokimiyat organi mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga beradi yoinki ushbu mulk yoki unga bo‘lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo‘yilishiga imkoniyat beradi.
4. Jinoyat kodeksining 168-moddasi dispozitsiyasiga muvofiq firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo‘yicha mulk egasi yoki boshqa shaxsga ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud mulk egasi yoki boshqa shaxsni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi.
Firibgarlikda yolg‘on ma’lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs o‘zini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko‘rsatishi) taalluqli bo‘lishi mumkin.
Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarini qo‘llash va h.k. kiradi.
5. Firibgarlikda ishonchni suiiste’mol qilish deganda, aybdor tomonidan mulk egasi yoki mulkni uchinchi shaxslarga berib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan boshqa shaxslar bilan bo‘lgan ishonchli munosabatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanishi tushunilishi lozim. Ishonchga turli holatlar, masalan, aybdor shaxsning xizmat mavqei yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urug‘lik munosabatlari sabab bo‘lishi mumkin.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lishi shart. Aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatan anglash qobiliyatiga ega bo‘lmagan (masalan, o‘ta yoshligi, ruhiy jihatdan norasoligi alkogol, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda ta’sirida og‘ir darajada mastligi tufayli) shaxsni aldash va undan mulkni olish firibgarlik tariqasida emas, balki o‘g‘irlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamaydi.
7. Mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning g‘ayriqonuniy egaligiga o‘tgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo‘lgan paytdan tugallangan deb topiladi. Qonunga ko‘ra, shaxs bankdagi pul mablag‘larini ular uning bankdagi hisobvaraqasiga kelib tushgan (o‘tkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega bo‘lganligi tufayli, jinoyat bu mablag‘lar ularni mablag‘ egasi hisobvaraqasidan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisobvaraqasiga o‘tkazilgan paytdan tugallangan deb topish lozim.
O‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni egallashga qaratilgan firibgarlik aybdorda o‘zganing mulkiga egalik qilish yoki tasarruf etish uchun yuridik jihatdan tasdiqlangan imkoniyat paydo bo‘lgan paytdan {masalan, ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi yoki qonunga muvofiq ro‘yxatga olinishi shart bo‘lgan boshqa mulkka nisbatan huquq ro‘yxatga olingan paytdan; shartnoma tuzilgan vaqtdan; mulkka nisbatan shaxsning huquqi tan olingan sud qarori uchga kirgan kundan; vakolatli davlat organi aybdorda yoki boshqa shaxslarda mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun asoslar mavjudligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan) tugallangan hisoblanadi.
8. Agar shaxs o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni mazkur mulk yoki huquq unga berilishi sharti bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarmaslik niyatida olgan yoki egallagan bo‘lsa, qilmish aybdorda o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishga nisbatan qasd faqat o‘zganing mulki yoki unga bo‘lgan huquq qo‘lga kiritilgunga qadar paydo bo‘lgan holdagina firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. O‘zganing mulkini talon-toroj qilishga qaratilgan qasd mavjudligi to‘g‘risida, jumladan, aybdor tomonidan soxta hujjat yoki kafolat xatlaridan foydalanish, qarz mavjudligi yoki mulk garov ostidaligi to‘g‘risidagi ma’lumotni yashirish, bitimda taraflardan biri sifatida ishtirok etishi uchun soxta korxona (tashkilot) tuzilishi, kredit mablag‘laridan maqsadga zid foydalanish yoxud ularni naqdlashtirish kabilar guvohlik berishi mumkin. Qayd etilgan holatlar sud shaxsning firibgarlik sodir etishda aybdorligi to‘g‘risida oldindan xulosaga kelishi uchun o‘z-o‘zidan asos bo‘lmaydi, shu tufayli, shaxsning o‘z majburiyatlarini bila turib bajarish niyati bo‘lmaganligi har bir muayyan holda ishning barcha holatlaridan kelib chiqib aniqlanishi shart.
Agar aybdorda o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishga nisbatan qasd mulk olingandan keyin paydo bo‘lgan bo‘lsa, qilmish o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
9. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlar (masalan, qonunga muvofiq tuzilgan qarz, kredit, arenda, prokat, pudrat, omonat saqlash va h.k.)ni bajarmaganlik uchun javobgarlik, basharti shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, fuqarolik qonunchiligi normalari bo‘yicha kelib chiqadi. Shu munosabat bilan fuqarolik huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmagan shaxslarga nisbatan ishlarni ko‘rishda, sudlar jinoyat ishini jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli tugatish masalasi muhokama etishlari hamda manfaatdor shaxslarga bunday masalalar fuqarolik yoki xo‘jalik sud ishlarni yuritish tartibida hal qilishning zarurligini tushuntirishlari
10. Taqdim etuvchiga beriladigan qimmatli qog‘ozlar ya’ni ularni ushlab turgan har qanday shaxs ularda tasdiqlangan huquqni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar (obligatsiya, aksiya, taqdim etuvchiga beriladigan omonat daftarchasi yoki qonunga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar qatoriga kiritilgan boshqa hujjatlarni yashirin ravishda talon-toroj qilish firibgarlik tarkibini tashkil etmaydi. Qilmish bunday hollarda o‘zganing mulkini o‘g‘irlash sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
O‘zganing pul mablag‘larini o‘g‘irlangan (qalbakilashtirilgan) kredit yoki hisob kartasidan foydalangan holda talon-toroj qilish, agar naqd pul mablag‘lari bankomat vositasida amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘zganing mulkini o‘g‘irlash sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Biroq o‘zganing bankdagi hisobida turgan pul mablag‘larini o‘g‘irlangan (qalbakilashtirilgan) kredit yoki hisob kartasidan foydalangan holda talon-toroj qilish, faqat shaxs kredit, savdo yoki servis tashkilotining vakolatli xodimini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan yanglishtirgan holdagina (masalan, savdo yoki servis markazida tovarlarga yoki xizmatlarga haq to‘lash uchun bank kartasidan foydalangan holda shaxs xarid chiptasiga kartaning qonuniy egasi o‘rniga imzo qo‘yadi yoki uning nomiga qalbakilashtirilgan pasport taqdim etadi) firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
11. Ijtimoiy to‘lov, nafaqa, boshqa pul to‘lovlari (masalan, kompensatsiyalar, sug‘urta to‘lovlari)ni yoki boshqa mulkni sodir bo‘lishi qonunga ko‘ra to‘lovlar yoki mulkni olish uchun asos bo‘ladigan holatlar mavjudligi (jumladan, oluvchining shaxsi, nogironligi, boqimandalari borligi, urush harakatlarida qatnashganligi, ishga joylashtirish imkoniyati yo‘qligi, sug‘urta hodisasi ro‘y berganligi) to‘g‘risida tegishli qarorlar qabul qilishga vakolatli ijro hokimiyati, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqaruv organlari, muassasa yoki tashkilotlarga, bila turib, yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish yo‘li bilan olish firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Ijtimoiy to‘lov, nafaqa yoki boshqa pul to‘lovlarini mazkur to‘lovlarni olish uchun qonuniy asoslar tugaganligi to‘g‘risida tegishli organlarga qasddan xabar bermay, ularni olishda davom ettirgan shaxsning harakatlari ham shu tarzda kvalifikatsiya qilinishi kerak.
12. Firibgarlik jinoyatidan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish jinoyatini (JK 170-moddasi) farqlash lozim. So‘nggi holda shaxs o‘zganing mulkini bevosita olib qo‘ymasdan va unga nisbatan huquqqa ega bo‘lmasdan, qonunga (shartnomaga) ko‘ra, mulkdor egaligi yoki tasarrufiga o‘tishga lozim bo‘lgan tovar-pul qimmatliklarini o‘zlashtiradi va ular hisobiga boyiydi.
Mulkiy xususiyatdagi g‘ayriqonuniy foyda olish maqsadida aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish, misol uchun, shaxs tomonidan qonunchilikda belgilangan to‘lovlarni to‘lashdan ozod etuvchi qalbaki hujjatlarni taqdim etishda (JK 184-moddasida nazarda tutilgan hollardan tashqari) ifodalanishi mumkin.
13. Aldov shaxs tomonidan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishni yengillatish maqsadida ishlatilgan bo‘lib, mulkni olib qo‘yish jarayonida mulk egasi yoki boshqa shaxs uning asl niyatini sezib qolgan, aybdor buni anglasada, biroq mulk egasining erkiga zid ravishda mulkni olishni yoki ushlab turishni davom ettirgan hollarda, qilmish talonchilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim (masalan, shaxs mobil telefonni uning egasidan vaqtincha foydalanish uchun so‘rab olib, so‘ngra talon-toroj qilingan telefon bilan yashiringan holda).
14. Firibgarlik yo‘li bilan korxona, muassasa, tashkilotlar mulkini talon-toroj qilish uchun jinoiy javobgarlik, faqat, talon-toroj qilingan mulk summasi MjTK 61-moddasi uchinchi qismida ko‘rsatilgan miqdordan oshgan holdagina kelib chiqadi (jumladan, kvalifikatsiya belgilari mavjud bo‘lganda ham).
Agar firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilingan korxona, muassasa, tashkilotlar mulki summasi eng kam oylik ish haqi miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmasa, ma’muriy huquqbuzarlik mavjud bo‘ladi. Bunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganda ham, agar talon-toroj miqdori eng kam oylik ish haqi miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmasa, ma’muriy javobgarlik kelib chiqadi. Bunda oz miqdorda talon-toroj necha marta sodir etilganligi ahamiyat kasb etmaydi.
(14-bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31 maydagi 09-sonli qarori tahririda).
15. Shuni ta’kidlash joizki, qonunga ko‘ra, fuqarolar mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilganlik uchun jinoiy javobgarlik talon-toroj miqdoridan qat’i nazar kelib chiqadi. Ayni paytda, talon-toroj miqdori eng kam oylik ish haqi miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmagan har bir holda surishtiruv, tergov organlari va sudlar ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning shaxsiga va moddiy zarar qoplanishiga oid ma’lumotlarni inobatga olgan holda jinoyat ishini JK 65 va 66-moddalariga asosan tugatish masalasini muhokama etishlari shart.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31 maydagi 09-sonli qarori tahririda).
16. Jinoyat predmeti bo‘lgan mulkning qiymatini aniqlashda, uning mulkdor tomonidan qay yo‘sinda sotib olinganligiga qarab, jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan va tegishli hujjatlar bidan tasdiqlangan chakana, bozor yoki komission narxlardan kelib chiqish lozim. Narx mavjud bo‘lmaganda va talon-toroj miqdori to‘g‘risida nizo kelib chiqqan hollarda, mulk qiymati ekspert xulosasiga asosan aniqlanadi.
Aybdor tomonidan talon-torojni yashirish maqsadida talon-toroj qilingan mulk o‘rniga boshqa, qiymati kamroq mulk almashtirib qo‘yilgan hollarda ham qilmish talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi. Bunda talon-toroj qilingan mulk o‘rniga taqdim etilgan mulk qiymati aybdordan moddiy zararni undirish, shuningdek, jazo turi va miqdorini belgilash chog‘ida hisobga olinadi.
17. Aybdorning harakatlarida ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda firibgarlik sodir etilishi kabi kvalifikatsiya belgisi mavjudligi to‘g‘risidagi masala Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo‘limida bayon etilgan tushuntirishlarga muvofiq qal etilishi lozim.
Bir necha epizoddan iborat va yagona qasd bilan sodir etilgan davomli firibgarlik sodir etgan shaxsning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda sudlar talon-toroj miqdorini jami talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlashlari kerak.
Agar aybdor tomonidan bir emas, balki bir necha firibgarlik harakatlari sodir etilib, ularning har birida o‘zganing mulkini olishga yo‘naltirilgan mustaqil qasd amalga oshirilgan bo‘lsa, talon-toroj qilingan mulk qiymatini qo‘shib hisoblashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar shaxsning qasdi o‘zganing mulkini ko‘p (juda ko‘p) miqdorda egallashga yo‘naltirilgan bo‘lib, u aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, qilmish haqiqatda talon-toroj qilingan mulk qiymatidan qat’i nazar, qasd mazmunidan kelib chiqib, ko‘p (juda ko‘p) miqdordagi firibgarlikka suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
18. Sudlarga tushuntirilsinki, qalbaki hujjatdan foydalangan holda sodir etilgan firibgarlik, hujjat kim tomonidan tayyorlangan yoki soxtalashtirilganligidan kelib chiqib, jinoyatlar majmui tarzida JK 168-moddasi va JK 228-moddasi tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Shaxs firibgarlik maqsadida qalbaki hujjatdan foydalangan, biroq unga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, o‘tganing mulkini ololmay yoki mulkka nisbatan huquqqa ega bo‘lolmay qolgan hollarda qilmish jinoyatlar majmui tarzida JK 25-moddasi ikkinchi qismi, JK 168-moddasi va JK 228-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
19. Mansabdor shaxs tomonidan u mansab vakolati yo‘qligi yoki o‘z xizmat mavqeidan foydalana olmasligi tufayli aslida amalga oshira olmaydigan muayyan harakat (harakatsizlik) uchun pul, qimmatli qog‘oz va boshqa moddiy qimmatliklar olinishi, unda mazkur qimmatliklarni egallashga nisbatan qasd mavjud bo‘lgan taqdirda, firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Agar shaxs (shu jumladan, mansab vakolati yo‘qligi yoki o‘z xizmat mavqeidan foydalana olmasligi tufayli muayyan harakat (harakatsizlik)ni aslida amalga oshira olmaydigan mansabdor shaxs), go‘yoki mansabdor shaxsga pora sifatida berish uchun pul yoki boshqa qimmatliklarni olib, biroq aslida bunday niyati bo‘lmasdan, ularni o‘zlashtirsa, qilmish firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Agar qimmatliklarni egallash maqsadida ularning egasi aybdor tomonidan pora berishga dalolat etilgan bo‘lsa, uning harakatlari firibgarlikdan tashqari pora berishga dalolat etish sifatida qo‘shimcha kvalifikatsiya qilinishi lozim. Qimmatliklar egasining harakatlari esa, bunday hollarda, pora berishga suiqasd sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerak.
20. Firibgarlik natijasida olingan, shuningdek, ish bo‘yicha ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan jabrlanuvchiga tegishli pul va boshqa qimmatliklar JPK 211-moddasi to‘rtinchi bandiga ko‘ra, o‘z egasiga qaytarib berilishi lozim, pul va boshqa qimmatliklar ular egasining tashabbusi bilan, bila turib, pora predmeti sifatida berilgan hollar bundan mustasno. Pul va boshqa qimmatliklar topilmagan hollarda ularning summasi yoki pul birligidagi qiymati sud tomonidan jabrlanuvchi foydasiga undiriladi.
21. Firibgarlikni iqtisodiyot sohasidagi qator jinoyatlardan, shu jumladan, o‘zganing mulkini talon-toroj qilishning boshqa shakllaridan farqlamoq lozim.
Firibgarlikning o‘g‘rilikdan (JK 169-moddasi) farqi shundaki, firibgarlikda aybdor mulkni o‘zganing egaligidan olib qo‘ymaydi, balki u tomonidan yanglishtirilgan jabrlanuvchining o‘zi mulkni yoki mulkka bo‘lgan huquqni berishiga erishadi.
Tovlamachilikdan (JK 165-moddasi) firibgarlik shu bilan farqlanadiki, tovlamachilikda jabrlanuvchining erki sindirilgan bo‘ladi va u qo‘rquv ta’siri ostida harakat qiladi, firibgarlikda esa aldov natijasida jabrlanuvchining erki yanglishadi.
Firibgarlik jinoyatidan o‘tkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalari, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar yoki chet el valyutasi yoxud chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish (JK 176-moddasi) Qasd yo‘nalishi va soxtalashtirish xususiyati bilan farqlanadi. Bunda pul belgisi yoki chet el valyutasi pul aylanmasiga kiritish uchun soxtalashtiriladi. Qimmatli qog‘ozlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq firibgarlikda esa, (masalan, pul kupyurasiga bir necha nol raqamlarini qo‘shib yozish, suvenir banknotlarni, banknot yoki qimmatli qog‘ozlarning foto-kseronusxalarini ishlatish va h.q.) qasd muayyan shaxsni aldash va mulkiy foyda olishga qaratilgan bo‘ladi.
22. Jinoyat-protsessual kodeksining 415-moddasi talablariga rioya etgan holda sud ayblovni o‘zgartirishi va sudlanuvchining harakatlarini qonunning boshqa moddasi (qismi,bandi)ga kvalifikatsiya qilishga, shuningdek, jinoyatning ayrim epizodlarini {sudlanuvchining aybiga kiritilgan harakatlardan) qonunning u bo‘yicha sudlanuvchiga ayb e’lon qilinmagan moddasiga kvalifikatsiya qilishga haqli, basharti yangi modda dispozitsiyasi og‘irroq jinoyat alomatlarini nazarda tutmasa va ayblov ish bo‘yicha e’lon qilingan ayblovdan faktik holatlari jihatidan jiddiy farq qilmasa.
Shundan kelib chiqib, firibgarlik o‘zganing mulkini talon-toroj qilish shakllaridan biri ekanligini, o‘zganing mulkini firibgarlik, o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun moddalari (moddalari qismlari) sanksiyalari aynan bir xilligini inobatga olib, sud ishni qo‘shimcha tergov yuritish uchun qaytarmasdan aybdorning harakatlarini JPK 415-moddasiga rioya etgan holda JK 167-moddasidan JK 168-moddasiga yoki aksincha qayta kvalifikatsiya qilishga haqli.
23. Firibgarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vaqtida sudlar ish bo‘yicha jabrlanuvchi deb topilgan shaxs bilan mutloq fuqarolik munosabatlariga kirishgan shaxslar qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishi va sudlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ziddiyat ishtirokchilari orasida mavjud bo‘lgan haqiqiy munosabatlar xususiyatini sinchkovlik bilan aniqlashlari zarur. Ish bo‘yicha shaxs qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi fakti aniqlangan holda sud bunga tegishli munosabat bildirib, jinoyat ishini yuritishga mas’ul davlat organlari mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarishi kerak.
24. Qoraqalpog‘iston Respublikasi jinoyat ishlari bo‘yicha Oliy sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar firibgarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini vaqti-vaqti bilan umumlashtirishlari, bu toifadagi ishlar bo‘yicha sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini chuqur tekshirishlari, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlarini o‘z vaqtida bartaraf etishlari lozim.