LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi 20-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
Ma’naviy zararni qoplash haqidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotini o‘rganish natijalarini muhokama qilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi ma’naviy zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarning turliligi, ularni kuchga kirish muddatlarining har xilligi, shuningdek Fuqarolik kodeksi qabul qilinishi bilan tushuntirishlar berish talab qilinadigan muammolar kelib chiqqanligini qayd etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Fuqarolik huquqiy javobgarlikning yangi turi — ma’naviy zarar yetkazilganligi uchun javobgarlikni nazarda tutgan qonunlarning kuchga kiritilishi va sudlarda muammolar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, Oliy sudning Plenumi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Ma’naviy zararni qoplash masalalari turli vaqtlarda kuchga kirgan, jumladan 1996-yil 1-apreldan amalga kirgan Mehnat kodeksining 112-moddasi, 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 115-moddasi, 1997-yil 1-martdan amalga kiritilgan Fuqarolik kodeksining 11, 99, 100, 163, 1021 va 1022-moddalari, 1998-yil 29-avgustda qabul qilingan “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi va boshqa qator qonunlar bilan tartibga solinishiga e’tibor qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Kelib chiqqan nizolarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal qilish uchun sudlar har bir ish bo‘yicha taraflarning o‘zaro munosabatlari xarakterini va bu huquqiy munosabatga ma’naviy zararni qoplash bo‘yicha qonunni qo‘llashga yo‘l qo‘yilishi mumkinligi, agar qonunda bunday javobgarlik belgilangan bo‘lsa, ma’naviy zararni qoplash tartibi va shartlarini nazarda tutgan qonunning qachon kuchga kirganini, shuningdek, ma’naviy zararni keltirib chiqargan harakatlar qachon sodir bo‘lganligini tekshirishi va muhokama qilib baho berishi lozim.
Shuningdek, sud jabrlanuvchiga jismoniy va ma’naviy azoblar yetkazilgani fakti nima bilan tasdiqlanishi, u qanday holatlarda va qanday harakatlar (harakatsizlik) bilan yetkazilganligi, zarar yetkazuvchining ayb darajasi, jabrlanuvchi qanday ma’naviy va jismoniy azoblar tortgani, uni qoplashni qanday miqdorda baholashi va nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlashi zarur.
2. Ma’naviy zarar deganda jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (o‘tkazgan) ma’naviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy og‘riq, zarar ko‘rish, noqulaylik va boshqa) azoblar tushuniladi.
G‘ayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik)ning obyekti bo‘lib fuqaroga tug‘ilgan vaqtidan buyon va qonunga muvofiq tegishli bo‘lgan nomoddiy manfaatlari, (hayoti, sog‘lig‘i, shaxsning qadr-qimmati, ishchanlik obro‘-e’tibori, shaxsiy hayotning daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy siri), shaxsiy nomulkiy huquqlari (o‘z nomidan foydalanish huquqi, mualliflik huquqi va boshqa nomulkiy huquqlarning intellektual faoliyat natijalarini qonunlarga ko‘ra huquqiy muhofaza qilish) va mulkiy huquqlari (uy-joy daxlsizligi, mulk huquqi va boshqalar)ni buzilishi bo‘lishi mumkin.
Ma’naviy zarar, jumladan yaqin qarindoshini yo‘qotish (o‘limi) sababli ma’naviy qayg‘urish, ijtimoiy hayotdagi faolligini davom ettira olmaslik, ishini yo‘qotish, oilaviy, tibbiy sirlarni oshkor qilish, fuqarolarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish, har qanday boshqa huquqlarini vaqtincha cheklash yoki ulardan mahrum qilish, yetkazilgan zarar yoki sog‘liqqa boshqacha ziyon yetkazish tufayli, jismoniy og‘riq, sog‘liqqa boshqacha yetkazilgan yoxud yetkazilgan ma’naviy azoblar natijasida boshidan o‘tkazilgan boshqa kasalliklarda namoyon bo‘lishi mumkin.
3. Amaldagi qonunga ko‘ra (FK 1021-moddasi) ma’naviy zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning kelib chiqishiga asos bo‘luvchi shartlardan biri zarar yetkazuvchining aybi bo‘lishi hisoblanadi. Qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasnodir. Masalan:
zarar fuqaroga uni qonunga xilof tarzda hukm qilish, jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat olishni qonunga xilof ravishda qo‘llash, ma’muriy jazo qo‘llash va qonunga xilof tarzda ushlab turish natijasida yetkazilgan bo‘lsa;
Keyingi tahrirga qarang.
zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘ e’tiborini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan bo‘lsa.
4. Agar ma’naviy zarar jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplashni nazarda tutgan qonun kuchga kirgunga qadarli yetkazilgan bo‘lsa, shuningdek da’vogar bunday qonun kuchga kirganidan keyin ham ma’naviy va jismoniy azob his qilayotgan bo‘lsa ham da’vogarning bu haqdagi talabi qanoatlantirishga tegishli emas, chunki zarar yetkazilgan vaqtda javobgarlikning bu turi belgilanmagan bo‘lgan va umumiy qoidaga ko‘ra sodir qilingan vaqtda amalda bo‘lgan qonunda belgilangan xilof harakatga nisbatan javobgarlikni kuchaytiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lishi mumkin emas.
Lekin, agar da’vogarga yetkazilayotgan ma’naviy va jismoniy azoblar uchun javobgarning qonunga xilof harakati (harakatsizligi) ma’naviy zarar yetkazilganligi sababli javobgarlikni nazarda tutadigan qonun kuchga kirgunga qadar boshlangan bo‘lsa va bu qonun amalga kirganidan keyin davom etayotgan bo‘lsa, bunday holatda ma’naviy zarar qoplanishga tegishli bo‘ladi.
5. Etkazilgan ma’naviy va jismoniy azoblar uchun zarar undirish imkoniyati qonun hujjatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilmaganligi hamma vaqt ham jabrlanuvchi ma’naviy zarar undirishga huquqi yo‘q degan xulosani bildirmaydi.
Fuqarolik kodeksining 989-moddasi 1-qismiga muvofiq yuridik shaxs yoxud fuqaro o‘z xodimi mehnat (xizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazilgan zararni qoplaydi.
6. Mehnat kodeksining 112-moddasiga binoan sud mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganlik yoki xodimni g‘ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazganlik oqibatida xodimga yetkazilgan ma’naviy azoblarni qoplash majburiyatini ish beruvchiga yuklashi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ish beruvchiga bunday majburiyat intizomiy jazo asossiz qo‘llanilganda, noqonuniy ravishda boshqa ishga o‘tkazish rad qilinganda, ishdan chetlatilganda, mehnat daftarchasi, ish haqi, shuningdek boshqa to‘lovlar o‘z vaqtida bermaganlikda ham yuklatilishi mumkin.
7. Fuqaroning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatilishi sababli ma’naviy zararni qoplashni tartibga soluvchi qoidalar yuridik shaxsning ishchanlik obro‘sini himoya etishga nisbatan ham tegishli yo‘sinda tatbiq qilinadi (FK 100-moddasi 9-qismi).
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni nazarda tutishi kerakki, ma’naviy zarar bunday ma’lumotlarni (yiqqan) tarqatgan shaxsdan, agar bu ma’lumotlar tegishli hujjatlarda bo‘lsa, ularni ma’qullagan (guruh) komissiya a’zolarining har biridan undirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Sud ma’naviy zararni undirish haqidagi da’voni mulkiy zararni undirish to‘g‘risidagi da’vo bilan birga ham, shuningdek alohida ham ko‘rilishi mumkin, chunki amaldagi qonunga ko‘ra yetkazilgan ma’naviy zarar uchun javobgarlik mulkiy zararning mavjudligi bilan bog‘liq emas.
9. Jinoyat protsessual kodeksining 57-moddasiga muvofiq jabrlanuvchi, ya’ni jinoyat tufayli ma’naviy zarar ko‘rgan shaxs, jinoyat ishi yuritilishi jarayonida ma’naviy zararni qoplash haqida fuqarolik da’vosini qo‘zg‘ash huquqiga ega.
Agar jinoyat ishi ko‘rilayotganda ma’naviy zararni qoplash haqidagi da’vo arz qilinmagan yoki hal etilmagan bo‘lsa, FPKning 245-moddasiga muvofiq bunday da’vo fuqarolik ishi yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Reabilitatsiya etilganning ma’naviy ziyonni undirishga bo‘lgan huquqi oqlov hukmi chiqarilganidan yoki jinoyat ishini tugatilganidan keyin vujudga kelishligini nazarda tutish lozim (JPK 302, 306, 309 va 310-moddalari). Reabilitatsiya etilganga yetkazilgan ma’naviy ziyonni undirish haqidagi da’vo fuqarolik ishi yuritish tartibida ko‘riladi (FKning 1021-moddasi).
Keyingi tahrirga qarang.
10. Sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni g‘ayriqonuniy tarzda ma’muriy javobgarlikka tortish hollarida ham ma’naviy ziyonni undirish huquqi vujudga keladi (MJtKning 271-moddasi).
Ma’muriy ish bo‘yicha jabrlanuvchi ham qonunbuzarning harakatlari natijasida yetkazilgan ma’naviy zararni undirish huquqiga ega.
11. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga binoan iste’molchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor bo‘lsa, sud tomonidan belgilanadigan miqdorda haq to‘lashi lozim. Zararni qoplash miqdorini neustoyka bo‘yicha to‘lanadigan summa yoki tovar (ish, xizmat) qiymatiga tobe qilib qo‘yish mumkin emas, uni belgilashda har bir aniq holatda iste’molchiga yetkazilgan ruhiy va jismoniy azoblarning hajmi va xarakteriga asoslanish lozim. Ma’naviy zarar uchun haq to‘lash mulkiy ziyon va iste’molchi ko‘rgan zararning o‘rni qoplanishidan qat’i nazar, amalga oshiriladi.
Ma’naviy zarar, uni yetkazishda aybdor bo‘lgan javobgar(lar) tomonidan qoplanadi. Shu bois, bunday hollarda javobgar FKning 1018-moddasida ko‘rsatilganidek (tovar sotuvchi yoki tayyorlovchi) iste’molchining xohishiga ko‘ra aniqlanmasdan, balki ulardan qaysi biri iste’molchining huquqlarini poymol etishi natijasida ma’naviy zarar yetkazilganiga qarab aniqlanishi kerak.
Ishni ko‘rish jarayonida da’vo javob berishi lozim bo‘lmagan shaxsga nisbatan taqdim etilgani aniqlansa, sud FPKning 42-moddasiga binoan ishga daxldor bo‘lmagan tarafni almashtirish yoki ikkinchi javobgarni ishga jalb etish masalasini hal qilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 115-moddasiga muvofiq aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilishning usullaridan biri ularga yetkazilgan ma’naviy zararning qoplanishi hisoblanadi.
Aksiyadorlarga ma’naviy zarar dividentlar noto‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida to‘lanmasligi, emitentning bankrotlikni yashirish, soxta bankrotlik harakatlari va aksiyadorlarning huquqlarini noqonuniy cheklanishi oqibatida yetkazilishi ham sudlarning e’tiborida bo‘lsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Ma’naviy zararning miqdorini belgilashda sudlar jabrlanuvchining unga yetkazilgan ma’naviy zararning og‘irligiga bergan subyektiv bahosini, shuningdek da’vogarga yetkazilgan ma’naviy va jismoniy azoblarning darajasini ko‘rsatuvchi obyektiv ma’lumotlarni, tajovuz qilingan obyektning hayot uchun muhimligi, foydasi (hayoti, sog‘lig‘i, qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi, uy-joyning daxlsizligi, katta qimmatlikka ega bo‘lgan mulklari va boshqalar), huquqbuzarlikning og‘irligi va oqibati (yaqin qarindoshlarining o‘ldirilishi, nogironlikka olib kelgan tan jarohati yetkazilishi, ozodlikdan mahrum qilish, ishdan yoki turar joydan va boshqalardan mahrum qilish), uyaltiradigan noto‘g‘ri ma’lumotlarning xarakteri va ularni qanchalik darajada (doirada) tarqatilganligi, jabrlanuvchining yashash sharoitlari, shaxsiy xususiyatlari (xizmati, oilaviy, maishiy, moddiy tomonlari, sog‘lig‘ining holati, yoshi va boshqalar), zarar yetkazuvchining va jabrlanuvchining ayb darajalari, zarar yetkazuvchi shaxsning moddiy ahvoli va boshqa e’tiborga molik holatlarni hisobga olishlari lozim.
Bundan kelib chiqib, ma’naviy zararni qoplash miqdorini yetkazilgan mulkiy va boshqa moddiy zararni undirish da’vo talabining qoplanish hajmiga qarab belgilash mumkin emas. Zararni qoplash miqdorini belgilashda adolatlilik va oqilonalik talablari inobatga olinishi lozim (FKning 1022-moddasi).
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qarz shartnomasidan kelib chiqqan majburiyat, pul majburiyati bo‘lib, uni bajarmaganlik uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi FKning 327-moddasida belgilanganligi sababli qarz oluvchining shartnoma bo‘yicha majburiyatni buzganligi qarz beruvchining ma’naviy zararni qoplash huquqini istisno etadi.
14. Bir necha shaxslarning birgalikdagi harakatlari tufayli ma’naviy zarar yetkazilgan hollarda jabrlanuvchi uni yetkazganlarning hammasidan sheriklik tarzida yoki har biridan alohida tarzda ham undirish huquqiga ega (FKning 1000-moddasi).
15. Ma’naviy zararni qoplash nomoddiy boyliklarni va nomulkiy huquqlarni himoya qilishning birdan-bir manbai hisoblanadi. Shunga ko‘ra FKning 163-moddasi 1-qismiga muvofiq ma’naviy zararni undirish haqidagi talablarga da’vo muddati joriy qilinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Ma’naviy va jismoniy azoblarni qoplash haqidagi da’vo arizalarni qabul qilish va ishlarni ko‘rishda, ma’naviy zarar pul bilan qoplansada, nomulkiy zarar ekanligini hisobga olish lozim. Shuni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori 1-moddasining “d” bandiga binoan mulkka oid bo‘lmagan da’vo arizalardan undiriladigan miqdorda davlat boji undirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Qonunda belgilangan hollarda da’vogarlar davlat boji to‘lashdan ozod qilinishlarini ham nazarda tutish lozim (masalan, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi 2-qismi).
17. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Oliy sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar va viloyat sudlari hamda O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarning sudlar tomonidan to‘g‘ri va aniq qo‘llanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar, ushbu masala yuzasidan sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borsinlar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish chorasini ko‘rsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.