LexUZ sharhi
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 10-sonli va 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qarorlariga asosan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan)
Transport vositalarini olib qochish ishlari bo‘yicha sud amaliyotini umumlashtirish natijalarini muhokama qilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sudlar faoliyatida bu haqdagi ishlarni ko‘rishda jiddiy xato va kamchiliklar mavjudligini qayd etadi.
Jinoyatning takroriyligi, bir guruh shaxslar tomonidan jinoiy til biriktirib sodir etilishi belgilari har doim ham to‘g‘ri talqin qilinmaydi.
Jinoyatning shu turini sodir etilishiga imkon tug‘diruvchi sabab va sharoitlar har bir ish bo‘yicha aniqlanmaydi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmaydi.
Transport vositalarini olib qochish ishlari bo‘yicha sud amaliyotida vujudga kelgan masalalarni hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarga tushuntirilsinki, JK 267-moddasining birinchi qismiga muvofiq transport vositalarini olib qochish deganda, o‘zganing transport vositasini talon-toroj qilish maqsadisiz bir joydan boshqa joyga ko‘chirish tushunilishi lozim.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
Ushbu jinoyat aybdor shaxs tomonidan transport vositasini turgan joyidan boshqa joyga olib qochgan paytdan boshlab tamom bo‘lgan hisoblanadi.
2. Transport vositalari deganda yengil va yuk avtomashinalarning barcha turi, avtobuslar, maxsus mashinalar, traktorlar, trolleybuslar, tramvaylar, dvigatelining ish hajmi 50 sm3. dan kam bo‘lmagan mototsikl va motorollerlar, yo‘l qurilishi, qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan o‘ziyurar mashinalar (ekskavator, buldozer, avtopogruzchik, greyder, avtokran va boshqalar) tushuniladi.
3. Transport vositasini o‘g‘irlash maqsadisiz olib qochish faqat to‘g‘ri qasd bilan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Aybdor transport vositasini olib qochganda talon-toroj maqsadini ko‘zlagan bo‘lsa, uning harakatlari qilmishning xususiyatidan kelib chiqib, JK 267-moddasi ikkinchi qismi “g” bandi yoki uchinchi qismi “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday harakatlarni, tegishlicha, JK 164, 166 yoki 169-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
4. Shaxs o‘ziga berkitilgan transport vositasini o‘zboshimchalik bilan ishlatgan taqdirda Jinoyat kodeksining 267-moddasi bilan javobgar bo‘la olmaydi.
5. Uyushgan guruh deganida transport vositalarini olib qochish yoki boshqa jinoyatlarni sodir etish maqsadida ikki yoki undan ko‘p shaxslarning barqaror birlashmasi tushunilishi kerak.
Jumladan, jinoiy faoliyatning oldindan rejalashtirilganligi, jinoiy qasdni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan vositalarning tayyorlanishi, ishtirokchilarni tanlash, yollash va ular o‘rtasida vazifalarning taqsimlanishi, jinoyatni yashirish choralarini ta’minlash, guruhda o‘rnatilgan intizomga va tashkilotchining ko‘rsatmalariga bo‘ysunishlik jinoiy guruhning uyushganligidan dalolat beradi.
Ayblash fikrida va sud hukmida aynan qanday asoslarga ko‘ra jinoiy guruh uyushgan deb topilganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Uyushgan guruh tarkibida transport vositasini olib qochgan shaxslarning harakatlari, ulardan har birining rolidan qat’i nazar, hamijrochi deb baholanishi va JK 267-moddasi uchinchi qismining “b” bandi bilan JK 28-moddasiga havola etilmagan holda kvalifikatsiya qilinishi lozim.
(5-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
6. Jazo choralarini belgilashda sudlarning e’tibori bu masalaga individual yondashishga, sodir etilgan jinoyatning xarakteri va jamoat uchun xavfli darajasini, aybdorning shaxsini hamda javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarini hisobga olish haqidagi qonun talablariga og‘ishmay rioya etish zarurligiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi transport vositalarini olib qochish va o‘g‘irlash uchun javobgarlikni belgilovchi qonunlarning to‘g‘ri qo‘llanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)