LexUZ sharhi
Sudlar tomonidan mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’volarning ko‘rilishi fuqarolar va davlat manfaatlarini, korxona, muassasa va tashkilotlarning mulkiy huquqlarini himoya qilishning muhim garovidir.
Shu bilan birga sudlar faoliyatida dalillarni yuzaki tekshirish, yetarli asoslar bo‘lmasada, er-xotinning yoki shaxsiy yordamchi xo‘jalik a’zolarining birgalikdagi umumiy mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish borasidagi da’volarni rad etish hollari mavjud. Qarzdorlarning mulkini asossiz ravishda ro‘yxatdan chiqarish holatlari uchramoqda, bu esa o‘z navbatida undiruvchining huquqlari buzilishiga olib kelmoqda, jinoiy va boshqa huquqbuzarliklar tufayli yetkazilgan moddiy zararni undirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mulkni ro‘yxatga olish vaqtida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishlariga sudlar har doim ham yetarli e’tibor bermaydilar. Qator holatlarda shaxslar ularga saqlash uchun topshirilgan mulkni talon-toroj qilganliklari uchun javobgarlikka tortilmayaptilar.
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf qilish va mazkur turdagi ishlarni sudlar tomonidan hal etishda qonunlarning to‘g‘ri tatbiq qilinishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi sudlarga quyidagi rahbariy ko‘rsatmalarni berishga qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Sudlar mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi nizolarni, da’voni ta’minlash maqsadida qarzdorning mulkni ro‘yxatga olinganligidan, hal qiluv qarori yoki hukmni ijro etish maqsadida undirishning mulkka nisbatan qaratilganligidan yoxud notarius tomonidan meros mulkni qo‘riqlash chorasi sifatida uni ro‘yxatga olganidan va qonunda ko‘rsatilgan boshqa holatlarning mavjudligidan qat’i nazar, da’vo ishini yurgizish tartibida ko‘rib chiqadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Sud hukmidagi sudlanuvchiga tegishli mol-mulkni jinoyat quroli deb musodara qilinishi to‘g‘risidagi ko‘rsatmaning mavjudligi, ushbu mulkning boshqa shaxslarga tegishliligini yoki uni ro‘yxatdan chiqarish haqidagi nizoni fuqarolik sudlov ish yurgizishi tartibida ko‘rish uchun to‘siq bo‘la olmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Hal qiluv qarori yoki hukmni ijro qilish uchun mulkning sotib yuborilganligi, ushbu mulkka nisbatan egalik huquqini belgilash to‘g‘risidagi da’vo arizani qabul qilishni rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. O‘zbekiston Respublikasi FPKning 242-moddasiga asosan mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’volar mulk joylashgan joydagi sudning sudloviga tegishlidir. Agar shu ish boshqa sudda, xususan dalillarning ko‘pi bo‘lgan joydagi sudda tez va har tomonlama ko‘rilishi mumkin deb topilsa, sud O‘zbekiston Respublikasi FPKning 146-moddasining 2-qismiga binoan ishni ko‘rish uchun shu joydagi sudga o‘tkazish to‘g‘risida ajrim chiqarishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qarzdor (mahkum) mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli emas. Sud ijrochisi tomonidan undirishga qaratish mumkin bo‘lmagan mulk ro‘yxatga olingan taqdirda, ro‘yxatga olishlikni bekor qilish haqidagi qarzdor (mahkum)ning arizasi mazkur mulkni qarzdor yoki boshqa shaxslarga tegishliligidan qat’i nazar sud tomonidan tegishli qonunlarda belgilangan tartibda ko‘riladi.
Hukmni ijro etish jarayonida mulkning ro‘yxatga olinishi bilan bog‘liq qarzdor (mahkum)da vujudga keladigan boshqa masalalar shu hukmni chiqargan sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 541, 542-moddalarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Mulkni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq bo‘lgan ish hal etilmagan bo‘lsada, sud shu mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’vo arizani qabul qilishni rad etishga haqli emas. Bunday ishni boshqa ish hal etilmasdan oldin ko‘rish mumkin emas deb topsa, u holda sud O‘zbekiston Respublikasi FPKning 92-moddasining 4-bandiga ko‘ra mulkni ro‘yxatdan chiqarish haqidagi da’vo bo‘yicha ish yurgizishni to‘xtatadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’vo mulkdor tomonidan, shuningdek, qarzdorga tegishli bo‘lmagan qonun yoki shartnomaga ko‘ra mulkni egallagan shaxs tomonidan ham qo‘zg‘atilishi mumkin.
Qarzdor (mahkum)ning voyaga yetmagan farzandlarining mulkiy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi da’volar qarzdor bo‘lmagan (sudlanmagan) otasi yoki onasi yoki vasiy (homiy) yoxud prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Bunday da’volar bo‘yicha mulki ro‘yxatga olingan qarzdor, manfaatlari uchun mulk ro‘yxatga olingan yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek mulk jinoyat quroli sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa, sudlangan shaxs va tegishli moliya bo‘limi vakili ishga javobgar sifatida jalb etilishlari sudlarga uqtirilsin.
Agar qarzdor (sudlangan) ozodlikdan mahrum qilish joylarida bo‘lsa, sudya ishni ko‘rishga tayyorlash vaqtida unga ish ko‘riladigan kun to‘g‘risida xabar qilishi, da’vo arizasining nusxasini yuborib, qo‘zg‘atilgan da’vo yuzasidan uning fikrini aniqlashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Qurib bitirilmagan uy-joyni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’vo uy-joyni qurishda ishtirok etgan qarzdorning turmush o‘rtog‘i, umumiy mulkni vujudga keltirish maqsadida qurilishda qatnashgan quruvchining oila a’zolari va boshqa shaxslar tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
7. Garovga qo‘yilgan mulkni ro‘yxatdan chiqarish haqidagi nizolar bo‘yicha ishni sudda ko‘rishga tayyorlashda yoki ishni ko‘rish vaqtida mulkni garovga bergan shaxsni ishni ko‘rishda uchinchi shaxs sifatida jalb etish masalasi hal qilinishi lozim.
Ro‘yxatga olingan mulkni kreditga sotgan savdo tashkilotlari davlat mablag‘larini kreditga olib, uy-joy qurgan va shu uylarni imtiyozli shartlar asosida xodimlarga (jamoa a’zolariga) sotgan korxonalar, tashkilotlar, davlat va jamoa xo‘jaliklari, boshqa manfaatdor tashkilotlar uchinchi shaxslar sifatida jalb qilinishlari mumkin.
8. Sudya mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’vo arizani qabul qilgach, bu haqda ijro ishi yuritayotgan sud ijrochisini xabardor qiladi va ish mazmunan hal qilingunga qadar da’voni ta’minlash maqsadida nizoli mulkka nisbatan ijro harakatlarini to‘xtatish haqida ajrim chiqaradi hamda mazkur ajrim nusxasini Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatdan va moliyaviy ta’minlash departamentining sud ijrochilari bo‘linmasiga yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’voning qo‘zg‘atilishi qarzdorning oylik ish haqi va boshqa turdagi daromadlaridan undirishni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Qayd etilgan ishlar bo‘yicha yozilgan da’vo arizaga mulkni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi dalolatnomaning, hukmning, hal qiluv qarorining bajarilishini ta’minlash maqsadida ro‘yxatga olingan boshqa qarorning nusxasi va da’vo talablarini tasdiqlovchi hujjatlar (hadya, olish-sotish shartnomalari, vasiyatnoma, cheklar, shaxsiy hisob va boshqalar) ilova qilingan bo‘lishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Taraflar taqdim qilgan dalillar bilan cheklanmasdan, sudya ishni sud majlisiga tayyorlash vaqtida yoki ishni ko‘rish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi FPKning 57-moddasi tartibida dalillarni to‘plashda ularga yordam ko‘rsatishi lozim. Zarur hollarda sud, jinoyat ishini chaqirib olib, undagi mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’voga tegishli bo‘lgan dalillarga baho berishi mumkin.
Shuni nazarda tutish kerakki, mulkning da’vogarga tegishli ekanligi isbotlashning qonunda belgilangan muayyan tartibi asosida tasdiqlanishi lozim bo‘lsa, (O‘zbekiston Respublikasi FPKning 56-moddasi) sud faqat isbotlashning yo‘l qo‘yilgan vositalarigagina e’tibor berishi kerak. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi FKning 109, 311, 733, 832-moddalari talablariga xilof ravishda mulkning sotib olinishi holatlari guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlanishi mumkin emas.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Agar sudning hukmiga ko‘ra mulkning jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘ hisobiga olinganligi aniqlansa, u holda jinoyat natijasida yetkazilgan zararni undirish er-xotinning birgalikdagi umumiy mulkiga va fuqarolarning shaxsiy yordamchi xo‘jaligi hamda dehqon xonadonidagi mulkiga qaratilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat va jamiyat manfaatlariga zid ravishda qasddan sodir etilgan harakatlar natijasida mulkni egallash bilan bog‘liq holatlar O‘zbekiston Respublikasi FKning 1023-moddasiga asoslangan da’vo talablarini ko‘rish jarayonida qabul qilingan sudning hal qiluv qarorida ham aniqlanishi mumkin.
Sud mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’voni ko‘rish jarayonida uni jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan mablag‘ evaziga olinganligi holatini aniqlashga haqlidir.
Agar moliya idorasi yoki prokuror tomonidan mulkni davlat va jamiyat manfaatlariga zid ravishda qilingan harakatlar natijasida olingan deb topish va uni davlat foydasiga o‘tkazish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, u holda sud tomonidan ushbu ish mulkni ro‘yxatdan chiqarish haqidagi da’vo bilan birga qo‘shib ko‘rilishi mumkin.
11. Uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan, sudning hukmiga ko‘ra jinoyat natijasida yoki jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘ evaziga olingan deb tanilgan mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’voni rad etish haqida hal qiluv qarori qabul qilish bilan bir vaqtning o‘zida sud shu turdagi bitimlarni ham haqiqiy emas deb topishi zarur.
Bu haqda hukmda ko‘rsatma bo‘lmasa, sud mulkni sotib olish uchun mehnatsiz daromadlardan foydalanilganligini guvohlantiruvchi boshqa holatlarni tekshirish huquqiga ega. Shu maqsadda sud u yoki bu buyumning olinishi manbai haqidagi dalillarni sudga taqdim etishni talab qilishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Jinoyat ishi mazmunan hal qilingunga qadar qarzdor vafot etishi munosabati bilan ish tugatilganda, sudlar mulkni ro‘yxatdan chiqarish masalasini hal eta turib, bu mulkni kimlar tomonidan, qachon va qaysi mablag‘lar hisobiga olinganligini aniqlashi shart.
Agar nizoli mulk g‘ayriqonuniy yoki davlat zarariga qilingan harakatlar tufayli orttirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi FKning 1023-moddasi tartibida bu mulk prokuror, manfaatdor tashkilot yoki shaxslarning da’vosiga ko‘ra davlat daromadiga yoki yetkazilgan zararni undirish hisobiga o‘tkazilishi mumkin.
13. Er-xotindan birining unga birgalikdagi umumiy mulkdan tegishli hissasini ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi da’vosini hal etishda sud O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23, 27-moddalariga asosan er-xotinning nikoh davomida orttirgan mulklari ularning birgalikdagi umumiy mulki ekanligini, ushbu mulk bo‘linganida ularning hissalari teng hisoblanishini e’tiborga olishi lozim.
Sud voyaga yetmagan bolalar manfaatlaridan va (yoki) er va xotindan birining e’tiborga loyiq manfaatini hisobga olib, jumladan, agar er yoki xotinning umumiy mol-mulkini oila manfaatlariga zarar yetkazgan holda sarflagan bo‘lsa, er va xotinning umumiy mol-mulkidagi ulushlari tengligidan chekinishga haqlidir (Oila kodeksining 28-moddasi).
Qarzdorning birgalikdagi umumiy mulkdagi hissasi, er-xotin tomonidan bu mulkning sotib olingan vaqtidan (jinoyatni sodir etishdan oldin yoki keyin) qat’i nazar belgilanadi va yetkazilgan zarar hisobiga undiriladi.
Savdo tashkilotidan er-xotindan birining nomiga kreditga sotib olingan mulkni ro‘yxatdan chiqarish haqidagi da’voni ko‘rishda shuni nazarda tutmoq kerakki, bunday mulkka nisbatan egalik huquqi uning xaridorga berilgan vaqtidan boshlab vujudga keladi. Sud mulkning er-xotin tomonidan birgalikda olinganligini aniqlasa, unday mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘agan er yoki xotinning hissasini belgilaydi. Sud hissani belgilashda kreditning to‘lanmay qolgan qismini qoplash majburiyati da’vogarga tegishliligini nazarda tutmog‘i lozim.
Fuqarolik kodeksining 224-moddasi talabiga ko‘ra, hukmning fuqaroviy da’voga va boshqa mulkiy undirishlarga doir qismining ijrosini ta’minlash uchun umumiy mol-mulk xatlanganda, umumiy mulkning ulushli mulkdori shu mulkni imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Ulushni imtiyozli sotib olish huquqini boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fuqarolarning shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan mulklarini ro‘yxatdan chiqarish haqida da’vo qo‘zg‘atilgan hollarda, sud mazkur xo‘jalikdagi oila a’zolarining haqiqatdagi sonini, qaysi mulklar to‘laligicha xo‘jalikka tegishliligini va qaysi biri xo‘jalik a’zolarining shaxsan o‘ziga tegishli ekanligini, yo‘q xo‘jalik a’zosining yoki a’zolikdan chiqib ketgan xo‘jalik a’zosining umumiy mulkdagi bo‘lgan hissasiga huquqini yo‘qotgan-yo‘qotmaganligini tekshirishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda sud O‘zbekiston Respublikasi “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 3, 15 va 16-moddalarini qo‘llashi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Xo‘jalikning qaysi turga taalluqli ekanligi hokimiyat tomonidan beriladigan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanadi. Lekin bu sudni shu xo‘jalikda haqiqatda mavjud bo‘lgan munosabatlarni aniqlash majburiyatidan ozod qilmaydi.
Qarzdorning shaxsiy mulki qarzni to‘lash uchun yetarli bo‘lmasa, fuqarolarning shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligi umumiy mulkidagi uning hissasi sud tomonidan umumiy mulkdan amaldagi qonunlarga muvofiq undirishga qaratish va musodara qilinishi mumkin bo‘lmagan mulklarni chiqarib tashlagandan so‘ng aniqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Er-xotinga tegishli mulkdagi hissa miqdorini aniqlashda, shuningdek qarzdorning shaxsiy yordamchi yoki dehqon xo‘jaligi umumiy mulkidagi yoxud bo‘linmas mulkidagi hissasini aniqlashda sud eskirish darajasini hisobga olgan holda hal qiluv qarori chiqarilgan kunda mulkning davlat yoki shirkat savdosidagi chakana narxidan, agar bu narxlar mavjud bo‘lmasa, u holda shu joydagi umumiy bozor narxidan kelib chiqishi zarur. Agar ayrim turdagi mulklarni baholashda qiyinchiliklar tug‘ilsa yoxud da’vogar yoki javobgar ro‘yxatga olingan mulkning bahosiga e’tiroz bildirsa, u holda sud ro‘yxatga olingan mulkning haqiqiy qiymatini aniqlash uchun ekspertiza tayinlashi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Mulkni ro‘yxatdan chiqarish haqidagi da’voni qanoatlantirgan taqdirda, sud hal qiluv qarorida aynan qaysi mulk da’vogarga tegishli deb topilganini va shu sababli ham ro‘yxatdan chiqarilayotganligini ko‘rsatishi lozim.
Qarzdor bilan birgalikdagi umumiy egalik huquqida bo‘lgan uy-joyning bir qismini ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorini qabul qilishda, sud shu hal qiluv qarorida uy-joyning qancha hissasi ro‘yxatdan chiqarilishi lozimligini ko‘rsatishi shart.
Agarda da’vogarga tegishli hissa bo‘linmas bo‘lsa, u holda sud kompensatsiya (qoplash) tartibida unga ro‘yxatga kiritilgan boshqa mulkni ajratib berishi mumkin. Mulkni bunday ajratish imkoni bo‘lmagan taqdirda, sud umumiy mulkni bo‘lish bo‘yicha qonunda ko‘zda tutilgan tartibni qo‘llab, bo‘linmas mulkni ro‘yxatdan chiqarishi va da’vogarga uning hissasidan tashqari chiqarilgan mulk qiymatiga teng hisobda pul kompensatsiyasi to‘lash majburiyatini yuklashi mumkin. Aniq bir holatlarni hisobga olgan holda, sud tashkilot yoki fuqarolar manfaatlari uchun ro‘yxatga olingan mulkni, bu tashkilot va fuqarolarga bo‘linmas mulk hissasiga teng summani da’vogarga to‘lash majburiyatini yuklab, ro‘yxatda qoldirishi ham mumkin.
16. Ro‘yxatdan chiqarilishi lozim bo‘lgan mulk sotib yuborilgan taqdirda, sud mavjud imkoniyatlarga asoslangan holda da’vogarning roziligi bilan unga o‘sha turdagi, teng qiymatli mulkni olib berish, agarda buning imkoniyati bo‘lmasa, unda mazkur mulkni sotishdan kelib tushgan pulni to‘lash haqida hal qiluv qarori chiqarishi mumkin.
Amaldagi qonunlarga muvofiq musodara qilingan mulklardan budjet daromadiga kelib tushgan mablag‘larni fuqarolarga qaytarish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi idoralari tomonidan amalga oshiriladi.
17. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, mulkni ro‘yxatdan chiqarish haqidagi talablarga ham O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 150-moddasida ko‘zda tutilgan 3 yillik umumiy da’vo muddati tatbiq qilinadi. Da’vo muddatining o‘tishi manfaatdor shaxsning o‘ziga tegishli mulkning ro‘yxatga olinganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlanadi.
18. Sud ishni ko‘rishda tegishli mansabdor shaxs tomonidan mulkni ro‘yxatga olish vaqtida qonun talablariga amal qilingan yoki qilinmaganligiga, jumladan, ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi dalolatnomada boshqa mulk, ya’ni qarzdorning boshqa shaxslar bilan birgalikda egalik qilgan va ro‘yxatga olinmagan mulkining ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmaganligiga hamda ijro hujjatlari bo‘yicha undirishga qaratish mumkin bo‘lmagan mulklar ro‘yxatga olingan yoki olinmaganligiga ham e’tibor berishi shart.
Ijro hujjatlari bo‘yicha undirishga qaratish mumkin bo‘lmagan mulk ro‘yxatga olinganligi aniqlansa, da’vogarning da’vo talablaridan qat’i nazar sud bu mulkni ro‘yxatdan chiqaradi.
19. Agar ro‘yxatga olingan mulk talon-toroj qilingan, sotib yuborilgan yoki saqlash uchun topshirilgan shaxslar tomonidan yashirib qo‘yilgan bo‘lsa, sud bu shaxslarni qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqishi va manfaatlarini ko‘zlab, mulkni ro‘yxatga olingan tashkilot va fuqaroga yetkazilgan moddiy zararni undirish haqida da’vo qo‘zg‘ash huquqlarini tushuntirishi shart.
20. Mulkni ro‘yxatga olish va unga tegishni taqiqlash vaqtida yo‘lga qo‘yilgan xatoliklar aniqlangan taqdirda, sud aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularga yo‘l qo‘yilishini oldini olish maqsadida xususiy ajrim chiqarish masalasini muhokama qilishi zarur.
21. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1978-yil 26-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi sudlari tomonidan SSSR Oliy sudi Plenumining 5-son 1978-yil 31-martdagi “Mulkni arest (ro‘yxat)dan chiqarish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda qonunchilikni qo‘llanishi” va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1987-yil 29-dekabrdagi “Mulkni arest (ro‘yxat)dan chiqarish ishlari bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi 5-son qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.