20.11.2006 yildagi -son
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais o‘rinbosari B. Mirboboyev, sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi birinchi qismining 3-bandiga va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga amal qilgan holda, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi qismini sharhlash haqidagi ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Konstitutsiyaviy sudga murojaatida “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi qismiga, ushbu norma investitsiyaga oid nizoni hal etish uchun Investitsiyaga oid nizolarni tartibga soluvchi xalqaro markaz (bundan buyon matnda — Markaz)ga o‘tkazishga O‘zbekiston Respublikasining roziligini o‘zida ifoda etadi deb hisoblash mumkinligi nuqtai nazaridan rasmiy sharh berish haqida savol qo‘yilgan.
“Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi qismiga muvofiq “Chet el investitsiyalari bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq nizo (investitsiyaga oid nizo), taraflar kelishuviga ko‘ra, ular o‘rtasidagi maslahatlashuvlar orqali hal etilishi mumkin. Agar taraflar kelishilgan hal qiluvga erisha olmasalar, bunday nizo O‘zbekiston Respublikasining xo‘jalik sudi tomonidan yoxud hakamlik vositasida investitsiyaga oid nizolarni hal etishga doir O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalarning (bitimlar va konvensiyalarning) qoidalari va tartibotiga muvofiq hal etilishi lozim”.
“Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi qismidagi investitsiyaga oid nizo hakamlik vositasida bunday nizolarni hal etishga doir O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalarning (bitimlar va konvensiyalarning) qoidalari va tartibotiga muvofiq hal etilishi lozimligi haqidagi qoidalarni ba’zi investorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1994-yil 6-maydagi qarori bilan ratifikatsiya qilingan “Davlatlar va ajnabiy shaxslar o‘rtasidagi investitsiyalarga oid nizolarni hal etish tartibi to‘g‘risidagi Konvensiya” (bundan buyon matnda — Konvensiya)ga muvofiq hal etish uchun Markazga o‘tkazishga respublika roziligi ifodasi sifatida noto‘g‘ri tushunishlari ushbu normaga sharh berish zaruriyatini keltirib chiqaradi.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligi tan olinadi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 111-moddasiga muvofiq “Mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar o‘rtasidagi, shuningdek tadbirkorlar o‘rtasidagi, iqtisodiyot sohasida va uni boshqarish jarayonida vujudga keladigan xo‘jalik nizolarini hal etish Oliy xo‘jalik sudi va xo‘jalik sudlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida amalga oshiriladi”.
4. “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 3-moddasining birinchi qismiga muvofiq davlat O‘zbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi chet ellik investorlarning huquqlarini kafolatlaydi va himoya qiladi.
Ushbu qoidalar mazmunidan “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasi birinchi qismining normalari investitsiyaga oid nizolarni hal qilishning mumkin bo‘lgan variantlarini belgilab, bu variantlardan birontasining vositasida investitsiyaga oid nizoni hal etishga taraflarning yozma roziligini nazarda tutmaganligi kelib chiqadi. “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasi birinchi qismining tahriri muayyan bitim yoki konvensiyaga havola qilmay, umumiy qoidalar, ko‘rsatmalarni belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ko‘rsatib o‘tilgan normalari, shuningdek ish bo‘yicha boshqa materiallar tahlili asosida Konstitutsiyaviy sud “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi qismi o‘zida “taraf roziligi” tushunchasini ifoda etmaydi hamda ushbu normada nazarda tutilgan investitsiyaga oid nizolarni hakamlik vositasida investitsiyaga oid nizolarni hal etishga doir O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalarning (bitimlar va konvensiyalarning) qoidalari va tartibotiga muvofiq hal etilishi mumkinligi taraf roziligi ifodasini bildirmaydi, shuningdek Markaz tomonidan investitsiyaga oid nizolarni hal qilinishining asosi sifatida yozma rozilikning mavjudligi, majburiyligi Konvensiya 25-moddasining 1-bandida nazarda tutilgan va unga har bir alohida holatda rioya qilinishi lozim deb hisoblaydi.
“Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan investitsiyaga oid nizolarni hakamlik vositasida investitsiyaga oid nizolarni hal etishga doir O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalarning (bitimlar va konvensiyalarning) qoidalari va tartibotiga muvofiq hal etilishi mumkinligi Konvensiyaga muvofiq investitsiyaga oid nizoni hal etish uchun Markazga o‘tkazishga respublika roziligining ifodasi hisoblanmaydi.
 LexUZ sharhi