07.02.2006 yildagi -son
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi rais o‘rinbosari B. Mirboboyev, sudyalar U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi birinchi qismining 3-bandiga va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga amal qilgan holda, “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining to‘rtinchi qismini va “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining beshinchi qismini sharhlash haqidagi ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi.
“Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining to‘rtinchi qismida “Advokat qonunga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatayotganligi munosabati bilan uni jinoiy, moddiy va boshqa javobgarlikka tortish yoki bunday javobgarlikni qo‘llash bilan qo‘rqitish mumkin emas”, deb ko‘rsatilgan. “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining beshinchi qismida ham analogik norma nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining tegishli normalarini va ish bo‘yicha boshqa materiallarni tahlil qilishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi quyidagilarga asoslanadi.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 26-moddasining birinchi qismiga muvofiq “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi”.
3. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining to‘rtinchi qismida va “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining beshinchi qismida bayon qilingan normani belgilayotganda shuningdek xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari va normalarining ustunligidan ham kelib chiqqan deb hisoblaydi. Jumladan, Jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha BMTning sakkizinchi kongressi tomonidan 1990-yil avgust oyida qabul qilingan “Advokatlarning roli to‘g‘risidagi asosiy qoidalar”da hukumatlar e’tirof etilgan kasbiy vazifalari, standartlari va etika normalari asosida amalga oshirilgan har qanday harakatlari uchun advokatlarni jazolash yoki jazo qo‘llanishi bilan qo‘rqitish va ayblash, ularga nisbatan ma’muriy, iqtisodiy sanksiyalar qo‘llanishi mumkin emasligini ta’minlashlari shartligi nazarda tutilgan. Ushbu hujjatga muvofiq advokat sudda, tribunalda yoki boshqa yuridik yoki ma’muriy organlarda o‘z burchini vijdonan bajarishi va kasbiy vazifalarini amalga oshirishi munosabati bilan ishga taalluqli yozma va og‘zaki shaklda qilingan murojaatlari bo‘yicha ta’qibdan jinoyat yoki fuqarolik immunitetiga ega bo‘lishi lozimdir.
1. “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining to‘rtinchi qismiga va “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining beshinchi qismiga quyidagi sharh berilsin:
“Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining to‘rtinchi qismidagi va “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining beshinchi qismidagi “boshqa javobgarlikka” so‘zlarini mazmunan fuqarolik, ma’muriy va intizomiy javobgarlikka deb tushunish lozim;
“Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 10-moddasining to‘rtinchi qismidagi va “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 6-moddasining beshinchi qismidagi norma advokatni qonunga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatayotganligi munosabati bilan uni jinoiy, fuqarolik, ma’muriy, intizomiy va moddiy javobgarlikka tortish yoki bunday javobgarlikni qo‘llash bilan qo‘rqitish mumkin emasligini nazarda tutadi.
 LexUZ sharhi