O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Eshonov, sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi birinchi qismining 3-bandiga va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasiga amal qilgan holda Respublika yo‘l jamg‘armasiga advokatlar byurolari mablag‘ ajratishi lozim yoki lozim emasligi xo‘jalik sudlari tomonidan turlicha talqin qilinishi bilan bog‘liq masalani ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi.
Respublika yo‘l jamg‘armasi 2001-yilning aprel oyida “Adolat bilimda” advokatlik byurosining hisob raqamidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 5-iyuldagi 334-sonli qarorining 3-bandiga asosan inkassa to‘lov topshiriqnomalari orqali 40078 so‘m miqdordagi ajratmani akseptsiz ravishda jamg‘arma uchun undirib olgan. Advokatlik byurosi esa Respublika yo‘l jamg‘armasi “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining talablariga zid ravishda harakat qilib, 40078 so‘mni hisob raqamidan noqonuniy ravishda olgan deb, ushbu summani undirishni so‘rab Toshkent shahar xo‘jalik sudiga murojaat qilgan. Toshkent shahar xo‘jalik sudi 2001-yil 20-iyundagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning talabini qanoatlantirishni rad qilgan.
Respublika yo‘l jamg‘armasini tashkil qilish Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 5-iyuldagi “Respublika yo‘l jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 334-sonli qarori va bu qaror bilan tasdiqlangan “Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va foydalanish to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi. Mazkur Nizomning 6-bandiga muvofiq korxonalar, xo‘jaliklar va tashkilotlar bajarilgan ish, ko‘rsatilgan xizmatdan tushgan mablag‘larning 1,5 foizini yo‘l jamg‘armasiga o‘tkazishlari belgilangan. Nizomning 18-bandida Respublika yo‘l jamg‘armasiga ajratmalar to‘lashdan ozod qilingan korxonalar va tashkilotlar ro‘yxati belgilangan. Ular quyidagilardan iborat: davlat budjetida turuvchi tashkilot va muassasalar, tomosha korxonalari, sanatoriylar, dam olish uylari va pansionatlar, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini saqlovchi, ta’mirlovchi, qayta tiklovchi va quruvchi yo‘l xo‘jaligi tashkilotlari, uy-joy ekspluatatsiyasi idoralari va uy-joy boshqarmalari, Markaziy bank muassasalari, davlat sug‘urta organlari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining tashqi savdo birlashmalari, davlat, kooperativ va jamoat tashkilotlarining respublika va mahalliy boshqaruv organlari, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklarining korxona va tashkilotlari (ularga bo‘ysunuvchi xo‘jalik hisobidagi xo‘jalik tashkilotlari bundan mustasno).
Amaldagi qonun va qonun osti hujjatlarida advokatlar byurolari, hay’atlari va firmalari jamoat tashkilotlari hisoblanishi yoki hisoblanmasligi to‘g‘risida aniq norma yo‘q. Ammo 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasi birinchi qismiga binoan advokatura notijorat tashkilotdir va faoliyatni o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasiga binoan advokatura fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga “yuridik yordam” berish uchun faoliyat ko‘rsatadi va 1996-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunga binoan ham advokatura “yuridik yordam” ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasining birinchi qismi 3-bandiga va “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining ikkinchi qismiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi faqat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining normalariga sharh beradi. Qonun osti normativ-huquqiy hujjatlarning normalariga esa, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 31-moddasi uchinchi qismiga binoan, shu normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ rasmiy sharh berishi lozim. Ushbu normaga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan qarorga Vazirlar Mahkamasining o‘zi sharh beradi.