1998-yilda qabul qilingan sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturining eng muhim qoidalari va maqsadli vazifalari umuman muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etib o‘tilsin. Tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi amalda to‘liq qayta ko‘rib chiqildi, respublikada sog‘liqni saqlash tizimini barpo etishning prinsipial yangicha yondashuvlari ishlab chiqildi.
Aholiga yuqori malakali bepul shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yagona tizim yaratildiki, bu tizim tuman va shaharlarda eng yuqori talablar va xalqaro standartlarga javob beradigan ixtisoslashtirilgan viloyat shifoxonalari va 173 ta bo‘limlardan hamda tez tibbiy yordam xizmatlaridan iborat bo‘lib, ularning faoliyatiga rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish ishlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Jarrohlik, kardiologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya sohalarida eng zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlarda yuqori malakali mutaxassislar murakkab, yuqori texnologik noyob operatsiyalarni amalga oshirmoqdalar.
Sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘inida, ayniqsa, qishloq joylarda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi — kam samarali feldsherlik-akusherlik punktlari va ambulatoriyalar o‘rniga zamonaviy tibbiy texnika bilan jihozlangan 3,1 mingtadan ko‘proq qishloq vrachlik punktlari tashkil etilib, ularda malakali umumiy amaliyot shifokorlari birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishmoqda.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar sog‘lig‘ini mustahkamlash tizimida muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bo‘lg‘usi onalarning salomatligini muntazam nazorat qiluvchi hamda sog‘lom bolalar tug‘ilishiga ko‘maklashuvchi skrining-markazlarning keng tarmog‘i vujudga keltirilganligi nihoyatda muhim ahamiyatga egadir. Tug‘uruq muassasalarining moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada mustahkamlandi.
Shifokorlar hamda tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va mehnatiga haq to‘lash tizimi tubdan o‘zgartirildi — ularning ish haqi miqdorlari va rag‘batlantirish mexanizmi bajarilayotgan ishning murakkabligi va og‘irlik darajasiga, ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga bevosita bog‘liq qilib qo‘yildi. Har bir tibbiyot muassasasida moddiy rag‘batlantirish va tibbiy muassasani rivojlantirish jamg‘armalari tashkil qilingan. Natijada keyingi ikki yil ichida tibbiyot xodimlarining ish haqi miqdorlari 2,2 baravar ko‘paydi.
Respublikada sog‘liqni saqlash sohasidagi xususiy sektor izchillik bilan shakllantirib borilmoqda — 1,7 mingdan ko‘proq yuridik shaxslarga xususiy tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanish va 2,1 ming nafardan ko‘proq jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi shifokorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalar berildi.
Tibbiy kadrlarni tayyorlash tizimi isloh qilinmoqda — oliy tibbiy ta’limning zamonaviy ikki bosqichli tizimi joriy etildi, Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil qilindi. Oliy o‘quv yurtlarida oliy ma’lumotli hamshiralarni tayyorlash tashkil qilinganligi prinsipial yangilik hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish borasida qabul qilingan chora-tadbirlar insonlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish, aholi turmushini yaxshilash imkonini berdi. Natijada 1990-yildan 2006-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 72,5 yoshgacha, shu jumladan, erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rishi — 66 yoshdan 72 yoshgacha, ayollarning o‘rtacha umr ko‘rishi esa 70 yoshdan 74,6 yoshgacha uzaydi. Chechak, ich terlama, poliomiyelit, bo‘g‘ma, kuydirgi, o‘lat, vabo kabi va boshqa ijtimoiy xavfli hamda yuqumli kasalliklar batamom tugatildi.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash va insonlar salomatligini muhofaza qilish tizimining birinchi navbatda viloyat va tuman bo‘g‘inlarida profilaktika hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati darajasini oshirish bilan bog‘liq ko‘pgina masalalar hamon o‘z yechimini topgan emas.
Hanuzgacha statsionar davolash muassasalari ulushi ko‘pchilikni tashkil etgan sog‘liqni saqlashni boshqarishning tashkiliy tuzilmasi beso‘naqay va samarasizligicha qolmoqda. Sog‘liqni saqlash hududiy boshqaruv organlari tibbiyot muassasalari faoliyati ustidan yetarlicha tashkiliy-uslubiy rahbarlikni ta’minlamayaptilar, yuqumli kasalliklar profilaktikasi va ular tarqalishining oldini olish bo‘yicha tegishli sanitariya-epidemiologiya nazorati ta’minlanmayapti.
Respublikada neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, onkologiya, ginekologiya va akusherlik, o‘tkir oshqozon-ichak kasalliklari hamda boshqa sohalarda murakkab, yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha alohida ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini rivojlantirish nihoyatda zarur bo‘lib, ularga nisbatan talab-ehtiyoj yuqori darajada qolmoqda.
Respublika hududi bo‘yicha kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash, oldini olish va samarali davolashning g‘oyat muhim vositasi sifatida diagnostika xizmatlari tarmog‘i nihoyatda sust tashkil qilingan.
Skrining-markazlarining keng tarmog‘i tashkil etilganiga qaramay, bo‘lg‘usi onalarning sog‘lig‘i va homiladorlikning kechishi holatini nazorat qilish tizimi, ayniqsa, qishloq joylarda, sifat jihatdan yaxshilanishni taqozo etadi.
Yuqumli va virusli kasalliklarning oldini olish, aholini OIV/OITSdan ishonchli himoya qilish bo‘yicha sanitariya-epidemiologiya tizimi doimiy, jiddiy e’tiborni va uning faoliyatini tashkil etishni tubdan yaxshilashni talab qiladi.
Malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi yanada takomillashtirishga muhtojdir. Tibbiyot kollejlarida kadrlar tayyorlash sifati jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda, ana shu kollejlarni zamonaviy o‘quv-uslubiy va laboratoriya uskunalari bilan mustahkamlash talab etiladi.
Ilmiy-tibbiyot maktabi ancha zaiflashdi, ilmiy tadqiqotlar hamda ularni davolash-diagnostika amaliyotiga tatbiq etish o‘rtasida mustahkam aloqa yo‘q. Ko‘pgina respublika tibbiyot muassasalarining barpo etilgan yuqori texnologik moddiy va ilmiy bazasidan tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishda sust foydalanilmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, zamon talablariga javob beradigan tashkiliy tuzilmani shakllantirish, kasalliklar tarqalishining zarur profilaktikasini ta’minlash, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligi va sifatini, undan barchaning bahramand bo‘lishini tubdan oshirish, shuningdek, tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:
yagona tashkiliy-uslubiy rahbarlikni hamda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati ustidan nazoratni ta’minlaydigan sog‘liqni saqlashning zamonaviy tashkiliy tuzilmasini shakllantirish;
zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlangan, yuqori malakali kadrlar salohiyati bilan ta’minlangan hamda aholiga ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatadigan respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmog‘ini yanada rivojlantirish va shunday yangi markazlar tashkil qilish;
tibbiy diagnostika tizimini tubdan takomillashtirish, respublika hududida zamonaviy, xalqaro standartlarga mos bo‘lgan uskunalar bilan jihozlangan hamda yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan diagnostika xizmatlari tarmog‘ini keng rivojlantirish;
aholini virusli va yuqumli kasalliklardan himoya qilish, OIV/OITS kasalligining oldini olish tizimi samaradorligi va ishonchliligini, avvalo, zararlanish manbalarini profilaktika qilish va tugatishga qaratilgan chora-tadbirlar hisobiga oshirish;
ayollar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash, bo‘lg‘usi onalar sog‘lig‘i holati ustidan nazorat qilish tizimi sifatini tubdan oshirish, skrining-markazlar, pediatriya va tug‘uruq muassasalarining moddiy-texnika bazasini, ayniqsa, qishloq joylarda, yanada rivojlantirish va mustahkamlash;
tibbiyot muassasalarining umumiy amaliyot shifokorlari va tor ixtisoslashgan shifokorlarga nisbatan talab-ehtiyojlarini qondirishni hisobga olgan holda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot xodimlarining malakasi va kasb mahoratini muttasil oshirib borish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash;
zamonaviy diagnostika va davolash uskunalariga, yuqori malakali tibbiyot xodimlariga ega bo‘lgan hamda aholiga davolash jarayonining tasdiqlangan standartlariga muvofiq ravishda sifatli, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirishga ko‘maklashish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 22-yanvardagi F-2658-sonli Farmoyishi bilan tuzilgan Ishchi guruhining 2007-2008-yillarda quyidagilarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:
a) ishlab turgan viloyat shifoxonalari va alohida ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari negizida davolashning asosiy yo‘nalishlari (rejali xirurgiya, terapiya, kardiologiya, urologiya va boshqalar) bo‘yicha tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari;
b) ishlab turgan viloyat bolalar tibbiyot muassasalari negizida bolalar kasalliklarini davolash uchun viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari;
v) Nukus va Toshkent shaharlarida, shuningdek, har bir viloyat markazida pullik asosda faoliyat yuritadigan tibbiy diagnostika markazlari;
g) markaziy tuman (shahar) shifoxonalari, tegishli hududlardagi bolalar va kattalar poliklinikalari negizida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tashkil etilib, ularning zimmasiga qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarga profilaktika, sanitariya-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish hamda sog‘liqni tiklashga oid tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy yordam berish vazifalari yuklanadi;
Akusherlik va ginekologiya ilmiy-tekshirish instituti hamda davolash bazasi va ayollarning reproduktiv salomatlik markazlari negizida akusherlik va ginekologiya markazi;
Terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-tekshirish instituti va Gastroenterologiya ilmiy markazi hamda davolash bazasi negizida terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi;
Respublika Dermatologiya va venerologiya ilmiy-tekshirish instituti hamda davolash bazasi negizida dermatologiya va venerologiya markazi;
Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-tekshirish instituti hamda davolash bazasi negizida ftiziatriya va pulmonologiya markazi;
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarini amaldagi talablarga muvofiq shakllantirish, jihozlash hamda moliyaviy ta’minlash uchun mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat mulki qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining Markazlar Kengashlari bilan birgalikda bir oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi va kardiologiya markazlari 2007-yilda, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazi 2008-yilda hamda Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazi 2011-yilda o‘z-o‘zini moliyalashtirish va o‘zini-o‘zi qoplash sharoitiga to‘liq o‘tishning aniq jadvallarini tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi bilan birgalikda rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganishni hisobga olgan holda, xalqaro standartlarning eng yuqori talablari va qoidalariga javob beruvchi viloyat diagnostika markazlarining namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin hamda ularni uch oy muddatda ko‘rib chiqish uchun hukumatga taqdim etsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ma’qullangan namunaviy loyihalarga muvofiq viloyat diagnostika markazlari qurilishi yoki rekonstruksiya qilinishi, ularni zarur diagnostika jihozlari, malakali kadrlar va moliyalash manbalari bilan ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilsin.
a) tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida — kasalliklar, eng avvalo yuqumli va virusli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini o‘tkazish, aholiga sifatli birlamchi ambulatoriya-poliklinika yordami ko‘rsatish, birlamchi shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam berish, bemorlarni statsionarlarda davolash, shuningdek, qishloq vrachlik punktlariga, boshqa tuman(shahar) muassasalariga tashkiliy-uslubiy jihatdan rahbarlik qilish;
b) viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida — bemorlarni tekshiruvdan o‘tkazish, ularga yuqori malakali tibbiy-maslahat yordami ko‘rsatish, kasalliklarning asosiy yo‘nalishlari (rejali xirurgiya, terapiya, kardiologiya, ginekologiya va boshqalar) bo‘yicha statsionarlarda davolashni tashkil etish, shuningdek, viloyat tibbiyot muassasalarida tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy usullari va texnologiyalarini tatbiq etishni uslubiy jihatdan ta’minlash;
tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda diagnostika va davolashning yagona standartlarini joriy etish, shuningdek, tibbiyot muassasalarining ularga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
tegishli hududlarda joylashgan tibbiyot muassasalari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
samarali sanitariya-epidemiologiya nazoratini ta’minlash, yuqumli va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish;
oilada tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha aholi o‘rtasida profilaktika ishlari o‘tkazilishini tashkil etish.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda sog‘liqni saqlash muassasalarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. 2007-yilning 1-oktabridan aholiga pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) tibbiyot muassasalari tovarlar (ish, xizmatlar) sotish hajmlaridan tushadigan daromadlarni budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga o‘tkaziladigan majburiy ajratmalar va yagona ijtimoiy to‘lovlardan tashqari, 5 yil muddatga barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod etilsin, bo‘shaydigan mablag‘lar tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga maqsadli ravishda yo‘naltirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. 2013-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tibbiyot muassasalari (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan yangi tibbiy jihozlar uchun bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan hukumat qarorini tayyorlasin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 2-oktabrdagi PQ-700-sonli “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 18-martdagi 48-sonli “Hududiy sog‘liqni saqlash muassasalarining tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Qosimov va R.S. Azimov zimmalariga yuklansin.