LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrdagi O‘RQ-138-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Belgilangan muddatda to‘lanmagan soliqlarni, davlat budjetiga hamda budjetdan tashqari davlat jamg‘armalariga boshqa majburiy to‘lovlarni undirib olish ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
Tegishli to‘lovlarning belgilangan to‘lov muddatlari tugagach, to‘lanmagan summa boqimanda hisoblanadi va u, basharti qonun hujjatlarida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, penyasini qo‘shib hisoblagan holda undirib olinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 133-moddasi va Budjet va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash muddatini kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkonini berish, penya hisoblashni to‘xtatish, shuningdek penya va jarima sanksiyalarini hisobdan chiqarish to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat raqami 1442, 14.01.2005-y).
To‘lov muddati tugaganidan keyingi kundan boshlab muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun boqimanda summasidan qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda penya qo‘shilib boradi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 135-moddasining birinchi qismi 6-bandiga muvofiq soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha to‘lov muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,05 foiz miqdorida penya hisoblab chiqariladi, to‘lov kuni ham shunga kiradi.
LexUZ sharhi
Shuningdek, qarang: Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarga penya hisoblash tartibi to‘g‘risidagi Nizom (ro‘yxat raqami 1724, 09.10.2007-y.).
Tadbirkorlik subyekti tomonidan ortiqcha to‘langan summalarga teng bo‘lgan qarzdorlik summasiga penya hisoblab chiqarilmaydi. Ortiqcha to‘langan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar summasining mavjudligi soliq organlari tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Penya miqdori tadbirkorlik subyektining tegishli soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi summasidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuniga muvofiq ikkinchi va uchinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan to‘lovlarni va to‘lovlarga oid boqimandalarni undirib olish quyidagi hollarda so‘zsiz amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1) soliq organining qaroriga muvofiq — soliqlar va davlat budjetiga boshqa majburiy to‘lovlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya va Respublika yo‘l jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar bo‘yicha;
(4-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2005-yil 23-maydagi O‘RQ-2-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 21-son, 148-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2) sudning qaroriga muvofiq — soliqlar va davlat budjetiga hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha;
(4-moddaning 2-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
LexUZ sharhi
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik subyektining oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining jami yigirma foizidan ortiq bo‘lgan, muddatida to‘lanmagan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish unga undiriladigan summani undirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan e’tiboran olti oy mobaynida oyma-oy bo‘lib to‘lash imkoni berilgan holda amalga oshiriladi.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-sonli Qonuniga muvofiq ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
Soliq organlari korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar soliq to‘lovlari va budjetga, shuningdek budjetdan tashqari davlat jamg‘armalariga boshqa majburiy to‘lovlar to‘lashni to‘g‘ri, o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirganligini tekshirishga haqlidir.
Boqimandani to‘lash summasi kelib tushganda avvalo boqimanda, so‘ngra penya to‘lanadi. Boqimandani undirib olish xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 77-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2001-yil 29-dekabrdagi 209-mx-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Ijro ishini yuritish va sud ijrochilarining faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risidagi nizomi (ro‘yxat № 1091, 29.12.2001-y.) IV-bobi.
To‘lov topshiriqnomasi olinganidan keyin bir ish kuni mobaynida davlat budjeti daromadiga, budjetdan tashqari davlat jamg‘armalari hisobvarag‘iga to‘lovlar bankning aybi bilan o‘z vaqtida kiritilmaganligi uchun bank muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda penya to‘laydi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga muvofiq bank va boshqa moliya-kredit tashkilotining aybi bilan soliq to‘lovchi mijozning yoki davlat soliq xizmati organining soliqlarni o‘tkazish haqidagi topshirig‘i bajarilmagan (bajarish kechiktirilgan) taqdirda bank va boshqa moliya-kredit tashkilotidan har bir kechiktirilgan kun uchun o‘tkazilmagan soliqlar summasining 0,5 foizi miqdorida belgilangan tartibda penya undiriladi. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 81-moddasiga muvofiq ijro hujjati topshirilgan bank yoki boshqa kredit tashkiloti pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ijro etmaganligi uchun ularga sud tomonidan undirilishi lozim bo‘lgan summaning ellik foizigacha miqdorda jarima solinadi.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga nisbatan boqimandani so‘zsiz undirib olishning quyidagi choralari qo‘llaniladi:
1) boqimandachining bankdagi hisobvarag‘ida mavjud bo‘lgan summani davlat budjeti foydasiga, budjetdan tashqari davlat jamg‘armalari hisobvarag‘iga o‘tkazish;
LexUZ sharhi
Qarang: Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat. № 615, 30.01.1999-y.) va Hisobvaraqlarida xorijiy valyuta mablag‘lari bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarning budjet oldidagi majburiyatlarini to‘lash tartibi (ro‘yxat. № 753, 21.06.1999-y.).
2) solishtiruv dalolatnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda undiruvni debitorlardan boqimandachiga tegishli summaga qaratish;
LexUZ sharhi
Qarang: Budjet oldida boqimandasi bor xo‘jalik yurituvchi subyektlarning budjet oldidagi qarzlarini undirish va soliq to‘lovchilarning mablag‘i bo‘lmagan holatda ularning debitor qarzi orqali budjet oldidagi qarzini undirish to‘g‘risidagi tartib (ro‘yxat № 874, 19.01.2000-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
3) soliqlar va budjetga to‘lovlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya va Respublika yo‘l jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha undiruvni qarzdor korxona mol-mulkiga qaratish.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 130-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 8-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Soliqlar va budjetga majburiy to‘lovlar bo‘yicha muddatida to‘lanmagan soliqlarni korxonalar va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirib olish tartibi to‘g‘risidagi nizom va Muddatida to‘lanmagan soliqlar va budjetga majburiy to‘lovlarni qarzdor korxona va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirish to‘g‘risidagi xo‘jalik sudlari qarorlarini ijro etish to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat № 1250, 12.06.2003-y.).
(8-moddaning birinchi qismi 3-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2005-yil 23-maydagi O‘RQ-2-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 21-son, 148-modda)
Boqimanda summasini so‘zsiz undirib olish to‘g‘risidagi inkasso topshiriqnomalari soliq organlari tomonidan belgilangan to‘lov muddatidan boshlab uch ish kuni davomida amalga kiritiladi.
Basharti korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tegishli to‘lovni o‘tkazish uchun to‘lov topshiriqnomasini bankka o‘z vaqtida topshirgan bo‘lsa, inkasso topshiriqnomasi amalga kiritilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Soliqlar va davlat budjetiga boshqa majburiy to‘lovlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya va Respublika yo‘l jamg‘armalariga majburiy to‘lovlar bo‘yicha undiruvni qarzdor korxonaning mol-mulkiga qaratish soliq organining arizasi asosida sud tomonidan amalga oshiriladi.
(8-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2005-yil 23-maydagi O‘RQ-2-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2005-y., 21-son, 148-modda)
Chet ellik yuridik shaxslardan soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha boqimandani undirib olish, basharti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida o‘zgacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan boqimandani undirib olish sud tartibida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar gardanidagi boqimandalarni qoplash uchun undiruv mol-mulkka qaratilgan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulkka undiruv qaratilmaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 52-moddasi.
Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha chet ellik yuridik shaxslardan boqimandani undirish O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan ularning har qanday mol-mulkiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaratiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunining 47-moddasi.
Boqimandani undirish to‘g‘risidagi sud qarorining ijrosi ijro varaqasi asosida, xo‘jalik sudining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
Davlat korxonalarining, shuningdek jismoniy shaxslarning to‘lovlar bo‘yicha boqimandasini undirish imkoniyati bo‘lmagan hollarda boqimanda hisobdan chiqarib tashlanadi. Davlat korxonalarining boqimandasini hisobdan chiqarib tashlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda boqimandani undirib olish imkoniyati yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomaga binoan, jismoniy shaxslardan esa — sud qaroriga binoan amalga oshiriladi.
To‘lovlarni noto‘g‘ri hisoblab chiqarish yoki undirib olishning belgilangan tartibini buzish oqibatida ortiqcha kelib tushgan to‘lov summalari qaytarilishi kerak.
To‘lovlarni undirib olish vaqtida soliq organlarining mansabdor shaxslari tomonidan yo‘l qo‘yilgan noto‘g‘ri xatti-harakatlar ustidan shikoyatlar yuqori organga yoki sudga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 264 — 268-moddalari va “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida” Qonuni.